Darhaqiqat, bugun turmush-tarzimiz tubdan oʻzgardi, yangicha dunyoqarash paydo boʻldi. Baʼzilar shaxs erkinligini suiisteʼmol qilib, oʻz istak-maylini jilovlay olmaydigan, jamoatchilikni nazar-pisand qilmaydigan, qonun-qoidalarga rioya qilishni istamaydigan darajaga yetib qoldiki, bu bilan demokratik davlatda xohlagan gapimni gapiraman, xohlagan yoʻlda yuraman, har maqomga yoʻrgʻalayman, degan tushunchalar paydo boʻldi.
Toʻgʻrirogʻi, bunday tushunchani bizga yot boʻlgan, ongimizni zaharlashga xizmat qiladigan gʻoyafurushlardan oʻzlashtirish boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlar esa ayrim yosh avlod vakillarini osongina oʻziga ogʻdirib, milliylik, qadriyatlarimizdan uzoqlashtirishga xizmat qilyapti. Chunonchi, xorijni qoʻying, oʻzimizning telekanallarda berilayotgan seriallar, kitob doʻkonlarida sotilayotgan xorij adabiyotlari, ijtimoiy tarmoqlardagi fahshga oʻrgatuvchi havolalar bunday yoshlarning quyushqondan chiqib ketishiga yordam bermoqda. Buni koʻra-bila turib, ota-onalar, jamoatchilik befarq qaramoqda. Nahotki nazorat qiladigan, chora koʻradigan muassasalar yoʻq boʻlsa?
Murojaatda: “... yosh avlodimizni eng ilgʻor ilm va kasb-hunarlar bilan qurollantirib, zamon bilan hamnafas, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida, har tomonlama sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, uni turli yot va begona taʼsirlardan asrash birinchi galdagi vazifamizga aylanmoqda”, deyilgan. Toʻgʻri, bu kabi ishlarni amalga oshirish uchun kimgadir majburiyat yuklash, kimgadir huquq berish va aybdorlarga nisbatan keskin choralar koʻrish kerak. Aks holda, aytilgan gap gapligicha qolaveradi. Millatni millat, davlatni davlat qiladigan maʼnaviyatdir. Rivojlanish boʻlgan bilan axloq boʻlmasa, maʼnaviyat, qadriyat degan tushunchalar ahamiyatini yoʻqotadigan boʻlsa, maʼnaviy tanazzul, parokandalik boʻlishi turgan gap.
Tunov kuni Namangan viloyatidagi Chindovul qishlogʻida yashovchi keksa otaxonlardan biri Yusuf bobo Otayevning duosini olishga borgandim. Gap orasida Yusuf bobo:
— Men bir ming toʻqqiz yuzu yigirma sakkizinchi yilda tugʻilganman. Ayting-chi, necha yoshga kiribman? — deya menga savol berdi.
— Toʻqson beshga, — dedim.
— Shuncha yil davomida bunaqa toʻkinchilik, xotirjamlik, obodonchilik boʻlganini koʻrganim yoʻq. Ocharchilik yillarida odamlar “non, non, non”, deb jon bergan. Bu kunlarning qadriga yetish kerak, — dedi.
Bir dam oʻylanib qoldim. Bu oqsoqol eng qiyin zamonlarni boshidan kechirgan inson sifatida shu gaplarni bejiz urgʻu berib aytmayotgandir.
Demak, bugungi yoshlar nimaning evaziga toʻkinchilik boʻlayotganini bilishi shart!
Ayrim yoshlar oʻqishga ham, mehnatga ham layoqatsiz. Sport bilan shugʻullanmaydi. Ammo oliftagarchilikda dimogʻi osmonda. Hovlisini oʻt, koʻcha eshigini tikon bosib yotsa-da, parvoyi falak. Bundaylar ertaga och qolsa, kindik qoni toʻkilgan muqaddas tuproqni-da sotib yeyishdan toymaydigan boʻlib qolishiga kim kafolat beradi? Chunki ularning qalbida “vatan hissi” degan tushuncha yoʻq.
Befarqlik — eng yomon kasallik va illat! Agar bu kasallik ommaga yuqadigan boʻlsa, odamizot har qancha olifta boʻlmasin, eng badboʻy botqoq ichida yashayotganini sezmay qoladi. Eng katta qusurimiz — zeb-ziynatlar, hashamlar uchun boyligimizni ayamaymiz, lekin maʼnaviyat va maʼrifat uchun, qadriyat uchun sariq chaqa sarflagimiz kelmaydi. Bir kor-hol yuz bersa, borimizni sotib boʻlsa ham uni bartaraf qilishga kirishamiz. Lekin jinoyatchilar toifasiga kiruvchi xoin, firibgar, qotil, oʻgʻri, tekinxoʻr, fohishaboz oʻz ishini qilib boʻlgan boʻladi.
Shu oʻrinda bir taklif kiritmoqchiman. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tarkibida maʼrifat targʻibotchilari guruhi tuzilgan. Ular vaqti-vaqti bilan viloyatlarga xizmat safari tashkillashtirib, joylarda tashviqot ishlarini olib borishadi. Mana shunday guruhlar viloyat va tuman hamda shaharlar tizimida tuzilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Zero, bugun maʼnaviy targʻibot har qachongidan-da koʻproq kerak. Bilʼaks uning oʻrnini boshqa narsalar band etajak!
Muhiddin OMAD,
jurnalist