Bu yil “Soyali sayr koʻchalari” tarmogʻi yaratilishi mumkin

    Sohil va daryo boʻylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sogʻlomlashtirish yoʻlaklari quriladi.

    Prezidentning “Oʻzbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

    2025-yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish borasida:

    • aholi uchun piyoda va velosiped yoʻlaklarida daraxtlar va oʻsimliklarni ekish orqali «Soyali sayr koʻchalari» tarmogʻi yaratilishi, sohil va daryo boʻylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sogʻlomlashtirish yoʻlaklari quriladi;
    • yomgʻir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sugʻorish tizimini joriy etish natijasida yashillik darajasi oshiriladi;
    • “Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Mening bogʻim” loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, yashil bogʻlar va yashil parklarda quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlardan foydalaniladi;
    • Orol dengizi tubida 100 ming gektar «yashil maydon» barpo etilishi va Orolboʻyi mintaqasidagi oʻrmonzorlar 2,1 million gektarga yetkaziladi;
    • oʻrmon bilan qoplangan maydonlar 4,1 million gektarga yetkazilishi va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar 14,5 foizgacha kengaytirilishi hamda ularning ekoturizm, koʻchatchilik va dorivorchilik yoʻnalishlaridagi foydalanilmayotgan zaxiralari aniqlanib, safarbar qilinishi va aholining daromadlari oshiriladi;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida shoʻr va suvsizlikka chidamli oʻsimliklar (galofit) bogʻlari tashkil etiladi;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida davlat “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etilishi, shuningdek xususiy “in-vitro” laboratoriyalarini barpo etishga tadbirkorlik subyektlariga kreditlarni ajratish uchun xalqaro moliya institutlaridan kamida 30 million dollar miqdorida mablagʻlar jalb etiladi;
    • jamoatchilik, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash akseleratsiya tizimi joriy etilishi taʼminlanadi.

    Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari – J. Xodjayev, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri – A.Abduxakimov, qishloq xoʻjaligi vaziri – I. Abduraxmonov, iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari – I. Norqulov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilanadi.