Taʼkidlanishicha, Abdurhim Boltayev Eron davlatining Oliy taʼlim muassasalariga tegishli boʻlgan elektron kutubxonalarini mukammal oʻrgangan. Oʻrganish davomida Amir Temur shaxsi xususida bugungi kunga qadar Oʻrta Osiyo tarixchilariga maʼlum boʻlmagan, oʻrta asrlarda yozilgan tarixiy asar mavjudligi aniqlagan.
Mazkur asar fors tilida yozilgan boʻlib, “Temurnomai manzuma” (“Nazmiy Temurnoma”), yaʼni Amir Temur xususidagi sheʼriy shakldagi Temurnoma hisoblanib, XV-XVI asrlarda yashab ijod etgan shoir, adib va muarrix, Eronda temuriylar davrining nihoya topib, safaviylar davlatining kuchayishi pallasida yashab ijod etgan Abdulloh Hotifiy Xargirdiy Jomiy (1454-1521) qalamiga mansub boʻlgan. Bu asar aksariyat tarixga qiziquvchilar nazaridan chetda qolib kelgan.
— Izlanishlarim natijasida Abdulloh Hotifiy temuriyzoda Podshoh Husayn Boyqaro davrida yashagan mashhur shoir Abdurahmon Jomiyning jiyani boʻlib, u Xuroson hududi tarkibidagi Jom va Hirot shahrida yashab oʻtganiga oydinlik kiritdim. U Husayn Boyqaro davridagi voqea-hodisalarga guvoh boʻlgan, davrning eng yetuk allomalari Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Voiz Koshifiy kabi mutafakkirlar bilan tanish boʻlgan. Hotifiyning “Temurnoma” asari oʻziga xos sheʼriy tarzda yozilgan boʻlib, bunda Amir Temur shaxsiga ijobiy taʼrif berish bilan bir qatorda, tarixiy voqealarni xolis yoritgan. Ushbu asar Turkiya, Eron va Hindiston kutubxonalarida mavjud boʻlib, hali yirik va maxsus tadqiq qilinmagan. Uni chop etish ishlari ilk bor 1958-yilda Hindiston davlatidagi Madras universiteti olimi Abu Hoshim Sayyid Yushaʼ tomonidan amalga oshirilgan. Ikkinchi marta esa 2019-yilda eronlik olim Mansur Shukroyi tomonidan nashrga tayyorlab chop qilingan. Biroq asarning oʻziga xos jihatlari, boshqa manbalardan ustunligi yoki kamchiliklari toʻgʻrisida qiyosiy tahlil asosida birorta jiddiy tadqiqot amalga oshirilmagan. Respublikamiz hududidagi tarixchi mutaxassislar ushbu asardan xabardor emas,— dedi Abdurahim Boltayev.
Bildirilishicha, Hotifiyning “Temurnoma” asari tarixiy va badiiy qiymatga ega.
— Asarda voqealar rivoji va mavzularning tadrijiylik asosida keltirilgani Hotifiyning oʻzidan oldingi muarrixlar asarlaridan ham yaxshi xabardorligini koʻrsatib turibdi. Mana shu jihatlarni eʼtiborga olsak, asar Amir Temur toʻgʻrisida yozilgan boshqa zamondoshlarining uslubidan farq qiladigan oʻziga xos uslubda yozilganiga shubha yoʻq. Buni, albatta, keyingi tadqiqotlar aniqlab beradi. Ayni paytda fors tilida bitilgan va yangi topilgan mazkur asar tarjimasi ustida ishlayapman. Joriy yilning 9-aprel kuni Amir Temur tavalludiga 685-yil toʻladi. Shu munosabat bilan ushbu kitobning tarjimasini tugatib, uni tahlil etgan holda chop etilishi taʼminlayman. Bu, albatta, mamlakatimizning fan, adabiyot va tarixi uchun muhim yanglik boʻla oladi, — dedi A. Boltayev.