Buyuk tarix yaratilmoqda

    “O֥‘zbekiston tarixi” telekanali ijodkorlari tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri, bu – “Buyuk tarix” nomli 100 qismdan iborat hujjatli xronikal serial ishlab chiqarilayotganidir.

    Davlatimiz rahbari joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashuvi chog'ida bu g'oyani qo'llab-quvvatlab, ilgari surgani butun xalqimiz qatorida telekanal ijodiy jamoasini ham xursand qilgan edi. Bu tashabbus "O'zbekiston-2030" strategiyasida ham aks etgani yanada quvonarlidir. Unga ko'ra, “Buyuk tarix” seriali “Discovery”, “History”, “National geographic”, “BBC” telekanallari orqali ham keng namoyish etiladi. Ayni kunlarda O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan ushbu xorijiy telekanal mutassaddi vakillari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

    Davlat tomonidan qo'llab-quvatlanayotgan bu fil`mda yurtimiz tarixi, xalqimiz o'tmishi, Turon zaminida tashkil topgan davlatlarning bosib o'tgan yo'li, millat va elatlar kelib chiqishi, ularning madaniyati, san'ati va adabiyoti kabi muhim omillar xolis va haqqoniy yoritish nazarda tutilgan.

    Yaqinda "Buyuk tarix" 100 qismli hujjatli fil`mining kontentini ishlab chiqish bo'yicha Prezident Administratsiyasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh vakillari serialning umumiy kontseptsiyasi, badiiy-g'oyaviy mazmuni, mavsumlar va qismlar mazmun-mohiyatini belgilab olib, har yili kamida 15 ta qism yaratishga kelishildi.

    Ta'kidlash joizki, "O֥‘zbekiston tarixi" telekanalida ushbu fil`mni tayyorlash uchun tarixchi olimlar, jurnalist-muharrirlar, kinoshunos mutaxassislar, kinorejissyor, operator va aktyorlardan iborat katta ijodiy jamoa shakllantirilgan. "Buyuk tarix" fil`mining katta ijodiy jamoasi shu kunlarda O'zRFA olimlari, akademik-professorlar va tegishli mutaxassislar hamkorligida qizg'in ish olib bormoqda. Soha mutaxassislari tomonidan keng muhokama qilinib, ilmiy ekspertizadan o'tkazilgan ko'p qismli mazkur fil`mning har bir stsenariysini olimlar ilmiy maslahatchiligi asosida tarixni xolis va haqqoniy yoritishga keng e'tibor qaratmoqda.

    Ayni paytda fil`mning dastlabki qismlarini tasvirga olish ishlari yakuniga etib, “O'zbekistondagi ilk shahar – Jarqo'ton” nomli ilk soni tegishli mutaxassislar ko'rigidan o'tkazishga erishildi.

    Hujjatli fil`mlarni tasvirga olishda nafaqat yurtimizda tadqiqot olib borayotgan olimlar, balki xorijiy ilmiy muassasalar va ularning tadqiqotchi-professorlaridan eng so'nggi ilmiy ma'lumotlar asosida interv`yular olinib, hamkorlikda ishlash yo'lga qo'yilgan. Fil`mning tegishli qismlarini xorijiy mamlakatlarda tasvirga olish borasida ham kelishuvlarga erishilgan. Fil`mlarni tasvirga olish va montaj jarayonlari uchun ham mahalliy va xorijiy tajriba keng o'rganilib, zarur o'rinlarda o'zaro ma'lumot almashinuvlar yo'lga qo'yildi.

    Serial mavzularining xronologik ketma-ketligi, uch ming yillik tariximizning barcha davrlarini qamrab olgani bilan ham ahamiyatli. Tosh davridagi ilk manzilgohlardan tortib, turkiylarning ajdodi sanalgan xunlargacha, To'maris va Shiroq jasoratidan Amir Temur saltanatigacha, Navoiy nazmidan jadid allomalarimiz merosigacha, mustabid mustamlaka tuzumi qabohatidan mustaqillik bergan imkoniyatlargacha qamrab oladi.

    O'ylaymizki, qadim va buyuk tariximizni mana shunday seriallar orqali targ'ib etish xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning milliy o'zligini anglashi, vatanparvarlik ruhi kuchayishida katta rol` o'ynaydi.