Chelak kosalari luvrda namoyish etiladi

    Tarix fanlari doktori Abdusobir Raimqulovning eʼtirof etishicha, asrlar oʻtishi bilan Basileya shahri oʻz joyini bir marta oʻzgartirib hozirgi Chelak shahri oʻrniga koʻchgan.

    Oʻtgan asrning 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab oʻzbek va fransuz arxeolog olimlari hamkorligida olib borilgan tadqiqotlar natijasida Samarqanddan 25 kilometr shimolda, Chelak shahri yaqinida joylashgan Koʻktepa yodgorligida miloddan avvalgi XII asrda, yaʼni bundan qariyb 3100-yil avval paydo boʻlgan qadimiy shahar xarobalarining topilishi fandagi koʻplab ilmiy muammolarni, jumladan, afsonaviy Basileya shahrining joylashgan oʻrni, uning lokalizatsiyasi xususidagi taxminlarni ham oydinlashtirdi.

    Koʻktepa yunon tarixchilari tomonidan tilga olingan Sugʻdning ilk poytaxti – Basileyaning bizgacha yetib kelgan xarobalari ekanligi ilmiy jihatdan isbotlandi va fanda bu shaharning qayerda joylashganligi muammosi bilan shugʻullangan olimlar tomonidan ham toʻla eʼtirof etildi.

    Tarix fanlari doktori Abdusobir Raimqulovning eʼtirof etishicha, asrlar oʻtishi bilan Basileya shahri oʻz joyini bir marta oʻzgartirib hozirgi Chelak shahri oʻrniga koʻchgan.1961-yilda Basileya-Chelak shahar arkiga yaqin boʻlgan hovlilardan birida kavlangan quduqdan tasodifan qadimiy tilla uzuk va toʻrt dona noyob kumush kosalar topilgan. Topilmalar Samarqand shahrida joylashgan Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati muzeyiga keltirilgan.

    Eftalitlar davriga, yaʼni V-VI asrlarga oid misgarlik sanʼatining bu yuksak noyob namunalari oʻsha paytdayoq “Chelak kosalari” nomi bilan arxeologiya fanida juda mashhur boʻlib ketgan. Qadimiy Sugʻd sanʼati tarixi boʻyicha xorijda va Oʻzbekistonda olib borilayotgan tadqiqotlarda hozirgi kunlarda ham bu topilmalarga doimiy ravishda murojaat qilinadi va ularning yangi-yangi qirralari toʻgʻrisida fikrlar oʻrtaga tashlanadi.

    Chelak kosalari yuqori sifatli sof kumushdan yasalgan boʻlib, ustidan tilla suvi yugurtirilgan. Ulardan biri Eron va hozirgi Turkmaniston hududlarini egallagan Sosoniylar sulolasi davri sanʼati mahsuli boʻlib, V asrga, boshqa bir kosa Eftalitlar hukmronligi davriga, u ham V asrga, yana ikkita kosa esa V-VI asrlarga mansubdir.

    Kelgusi haftada Fransiya poytaxtidagi jahonga mashhur Luvr muzeyida mamlakatimizning boy madaniy va tarixiy merosiga bagʻishlangan noyob koʻrgazmada mazkur kosalarning namoyish etilishi ham uning nechogʻlik bebaholigidan dalolat beradi.

    Professor, sanʼatshunos L.Rempelning maʼlumotiga koʻra, ilk oʻrta asrlarda Chelak shahrida zardushtiylik dinining “xudo”laridan biri Desi sharafiga bunyod etilgan ulkan ibodatxona boʻlgan va bu binoda “yovuz ruhlarni haydovchi” maʼbudaning oltin haykali qad koʻtarib turgan.

    Basileya-Chelakning antik va ilk oʻrta asrlar davri tarixi boʻyicha boshqa manbalar maʼlum emas. Buning uchun bu shahar hududida keng qamrovli arxeologik qazish ishlari olib borilishi zarur.

    A. Raimqulovning "BUYUK OʻLKANING KOʻHNA JAVOHIRI yohud oʻttiz bir asrlik koʻhna shahar tarixiga chizgilar“ maqolasinining toʻliq matnini ”Yangi Oʻzbekiston" gazetasining 2022-yil 19-noyabrdagi 237 sonida oʻqishingiz mumkin)