Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan qator hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Hamkor tashkilotlar safida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy boʻlimi hamda YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bor.
Davra suhbatida fuqarolarning ekologik huquqlarini kengaytirish va samarali himoya qilish mavzusining matbuotda yoritilishi holati haqida soʻz yuritildi. Bu jarayonda, shuningdek, jamoatchilik fikrini shakllantirish, ekologik standartlar va siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning roli atroflicha tahlil etildi.
Atrof-muhit masalalarini yoritishda jurnalistlar duch kelayotgan zamonaviy muammo va toʻsiqlarga eʼtibor qaratildi. Ekologik axborot sifati va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ekologiya huquqiga oid xalqaro shartnomalar va standartlarni amalga oshirish borasidagi mamlakatimiz tajribasiga batafsil toʻxtaldi.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan muhim chora-tadbirlar, jumladan, mamlakatimizda birinchi marta fuqarolarning atrof-muhitni muhofaza qilish huquqini taʼminlash sohasidagi davlat majburiyatlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangani taʼkidlandi. Mamlakatimizda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sonini koʻpaytirish, ekologik monitoringni kuchaytirish zarurligiga jiddiy ahamiyat qaratildi.
А.Саидов, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar ekologik muammolarni yoritishda muhim oʻrin tutishini qayd etdi. Bu, oʻz navbatida, nafaqat ayni soha holatidan aholining xabardorligini oshirish, balki atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq qarorlar qabul qilish jarayonlariga fuqarolarni ham jalb etish imkonini bermoqda.
YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakili va rahbari Sara Noshadi ushbu qonun loyihasini tayyorlashdan maqsad Oʻzbekistonda ekologik muammolarni yanada samarali hal etish va fuqarolarning qulay atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini himoya qilish imkonini beradigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish ekanligini taʼkidladi, shuningdek, ekologik muammolarni yoritishda ishtirok etayotgan jurnalistlar xavfsizligi masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy boʻlimi inson huquqlari boʻyicha maslahatchisi Pavlo Byalikning fikricha, jurnalistlarning bu boradagi faoliyati atrof-muhitning ifloslanishi haqida tezkor axborot tarqatishdan tortib, iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillikning yoʻqolib borayotgani va nosogʻlom ekologiyaning aholi salomatligiga taʼsirigacha boʻlgan muammoli jarayonlarni keng yoritishni ham oʻzida qamraydi.
П.Бялик jurnalistlarning ekologiyaga oid huquq va qonunchilik mazmun-mohiyatini targʻib etishdagi rolini yuqori baholadi. Tadbir davomida ekologik huquqlar sohasi boʻyicha xalqaro va milliy ekspertlar oʻz bilim va tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.
Davra suhbati yakunida ekologik huquqlarni himoya qilish mavzusini yoritish borasidagi muvaffaqiyatli amaliyot va strategiyalar taqdim etildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga koʻmaklashishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni samaradorlik bilan amaliyotga tatbiq etish istiqbollari muhokama etildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.