Yarmarkada xorijiy davlatlar — Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Pokistondan hunarmandlar qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, “Novica”, “Wildberries” va “Alibaba” kabi xalqaro hamda “Joyda”, “CraftmeetsDesign”, “iHunar” kabi mahalliy onlayn marketpleys va platformalar ham ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilar tomonidan kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik, milliy matolar, miniatyura kabi 20 dan ortiq milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Ta’kidlash lozimki, yarmarka ishtirokchilari loydan ko‘za yasash, ipakdan mato to‘qish, do‘ppiga naqsh berish hamda beshik yasash jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi maktablariga xos betakror mahsulotlar hamda hunarmandlarimiz tomonidan yasalgan, yurtimiz go‘zalligini, betakrorligini aks ettirgan esdalik sovg‘alarini xarid qilish imkoni ham bor.
Bundan tashqari, yarmarkaga tashrif buyurganlar zargar Tohir Muhammedov, kulol Alisher Narzullayev, kashtachi Ahmad Arabov, kulol Shokir Ahmadjonov, adras, atlas to‘quvchi, gilamdo‘z Ibrohim Sultonov kabi mashhur hunarmandlar tomonidan mahorat darslarini kuzatish va bevosita ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Yarmarkadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning hunarmandchilik salohiyatini targ‘ib qilish va mahalliy hunarmandlarimizning mahsulotlarini eksport qilishda ko‘maklashishdir.