Unda qoʻmita aʼzolari, Ekspertlar guruhi vakillari, tegishli vazirlik, idoralar rahbar va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Senatiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yilning birinchi yarimidagi ijrosi yuzasidan Moliya vazirligi mutasaddilarining axborotlari tinglandi.
Jumladan, hisobot davrida respublika iqtisodiyoti 6,2 foizga oʻsib, YAIM hajmi 318,5 trillion soʻmni tashkil etgan.
Iqtisodiy oʻsish sanoatda 8,5 foizga, qurilishda 0,1 foizga, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligida 1,8 foizga hamda xizmatlarda 8,0 foizga taʼminlangan.
Inflyatsiya darajasi yil boshidan 4,4 foizni, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa 10,9 foizni tashkil etgan.
Davlat byudjeti daromadlari 74,9 trillion soʻmni, xarajatlari esa 79 trillion 332 milliard soʻmni, byudjet taqchilligi 4,4 trillion soʻmni tashkil etib, bu YAIMga nisbatan 1,4 foiz yaʼni belgilangan prognoz darajasida bajarilgan.
Yuzaga kelgan 4,4 trillion soʻm byudjet taqchilligi xalqaro moliya institutlaridan byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilingan mablagʻlar hisobidan qoplangan.
Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy xarajatlar 40,4 trillion soʻmni yoki jami xarajatlarning 50,9 foizini tashkil etgan.
Mahalliy byudjetlar daromadlari 16 560,0 milliard soʻmga yoki rejaga nisbatan 118,8 foizga ijro etilib, daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan qoʻshimcha 2 625,0 milliard soʻm manba mahalliy byudjetlar ixtiyorida qolgan.
Mahalliy byudjetlar xarajatlari 28 051,9 milliard soʻmga yoki rejaga nisbatan 97,3 foizga ijro etilgan.
Hisobot davrida respublika byudjetidan viloyatlar mahalliy byudjetlarga 5 trillion 921 milliard soʻm tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar ajratib berilgan.
Majlis ishtirokchilari shuningdek Davlat byudjeti ijrosi jarayonidagi yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni ham muhokama qildi.
Bular, Davlat byudjetiga soliqlardan qarzdorlik yil boshiga nisbatan 66,1 foizga oshib, 2 trillion 781 milliard soʻmni tashkil etgan. Yuqori oʻsish Toshkent shahri (3 barobar) hamda Qashqadaryo viloyatida (60 foiz) qayd etilgan.
Mahalliy byudjetlarda soliq qarzdorligi 2,8 trillion soʻmni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 1,1 trillion soʻmga koʻpaygan.
Byudjetga ortiqcha toʻlovlar yil boshiga nisbatan 14,2 milliard soʻmga ortgan boʻlsada, yuqoriligicha qolib 136,5 milliard soʻmni tashkil etgan.
Davlat byudjeti xarajatlariga yoʻnaltirilgan (81 trillion 875 milliard soʻm) mablagʻdan 6 trillion 543 milliard soʻmi oʻzlashtirilmasdan qolgan.
Byudjet mablagʻlarining oʻzlashtirilmasligi holatlari Xalq taʼlimi (193 milliard soʻm), Suv xoʻjaligi (139 milliard soʻm), Sogʻliqni saqlash (138 milliard soʻm) vazirliklarida yuqoriligicha qolgan.
Shu bilan birga Prezidentning 2020-yil 30-dekabrdagi 4938-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash, Suv xoʻjaligi vazirliklari va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining byudjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyati samaradorligi indikatorlari ijrosini taʼminlash va monitoring qilib borish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan.
Hisobot davrida byudjet intizomini buzish holatlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida 8,5-martaga, Xalq taʼlimi tizimida 3-martaga va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 2,9-martaga ortgan.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasida 59,3 milliard soʻmlik, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida 24,1 milliard soʻmlik byudjet mablagʻlarining noqonuniy sarflanishiga yoʻl qoʻyilgan.
Sirdaryo, Andijon, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham yirik miqdorda qonun buzilishi holatlari aniqlangan.
Hisobot davrida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilgan holda 55 milliard 251 million soʻmlik shartnoma va yuridik majburiyatlar rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga davlat xaridlarida korporativ buyurtmachilarning 1 397 tasi (64 foizi) maxsus axborot portalida ishtirok etmaganligi holatlari ham aniqlangan.
Majlisda shuningdek fuqarolar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning toʻlovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda iqtisodiy nochor korxonalar va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy inqiroz holatidan olib chiqish, faoliyatni qayta tiklash hamda sogʻlomlashtirish masalalarida amaldagi qonunchilik normalari va mavjud tartiblar yetarlicha samara bermayapti.
Shuning uchun amaldagi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonun oʻrniga yangi tahrirdagi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan.
Eng avvalo Qonun mazmunan kengaytirilib, “bankrotlik” atamasi umumjahon tajribasi talablariga muvofiq “toʻlovga qobiliyatsizlik” atamasi bilan almashtirilmoqda.
Qonun ishbilarmonlik muhiti hamda Jahon bankining hisobotidagi “Toʻlovga qobiliyatsizlikni hal etish” koʻrsatkichini yaxshilash boʻyicha normalarni oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, unga nafaqat yakka tartibdagi tadbirkor, balki umuman jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi amaliyoti ham kiritilgan.
Qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablagʻlarini jalb etish ham belgilanmoqda.
Mol-mulki yetmasdan qoplanmay qolgan qarz mablagʻlarini qarzdor mansabdor shaxslar gʻayriqonuniy xatti-harakatlari natijasida bankrotlikka olib kelgan shaxslardan subsidiar yoki solidar tartibda undirish talablari kiritilmoqda.
Jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizlik amaliyoti joriy etilib, qarzni boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi joriy etilmoqda.
Yuridik yoki jismoniy shaxsning gʻayriqonuniy harakatlari, shu jumladan, firibgarlik asosida qarzdan ozod etilishining oldini olishga qaratilgan talablar ham belgilanmoqda.
Qonunning maʼqullanishi bilan toʻlovga qobiliyatsizlikni sogʻlomlashtirish taomillari orqali iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish choralarini qoʻllashga imkoniyat yaratiladi.
Koʻrilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.