Yanada eʼtiborli jihati, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam koʻrsatiladi va bunga xususiy tibbiyot tashkilotlari ham jalb etiladi.
Xalqaro tajribadan maʼlumki, kasalliklarning qariyb 80 foizini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida erta bosqichlarda aniqlash va davolash mumkin. Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimida ham birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish orqali kasalliklarni erta aniqlash, toʻgʻri tashxislash hamda sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish choralari koʻrilmoqda. Bu borada tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangicha shakli yaratilayotir.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi qaroriga koʻra, Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida davlat tibbiy sugʻurta tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish ishlari boshlangan edi.
Oʻtgan yillarda bir qator natijalarga erishildi. Xususan, viloyatdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida 412 ta tibbiy brigada tashkil qilindi. Har bir tibbiy brigada 1 nafar oilaviy shifokor, 1 nafar amaliyotchi hamshira, 2 nafar patronaj hamshira va doyadan iborat boʻlib, ularning har biriga oʻrtacha 2000 dan aholi biriktirilgan. Shifokorlik punktlari, oilaviy va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionarlar soni 379 tadan 493 taga koʻpayib, davolanganlar soni 76,4 foizga oshdi.
Shifokor oldi koʻrigi xonalari tashkil etilib, amaliyotchi hamshiralar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hamshiralarning bemorlarni mustaqil qabul qilishi va skrining tekshiruvlari oʻtkazishi natijasida oilaviy shifokor yuklamasini 30–40 foiz kamaytirishga erishildi. Endi oilaviy shifokor axloqiy meʼyorlarga rioya qilgan holda shaxsga doir maʼlumotlarni sir saqlab, har bir bemor bilan yuzma-yuz suhbatlashib, kasallik sabablarini aniqlashi mumkin.
Oilaviy shifokor faoliyatining negizida bemorga toʻgʻri tashxis qoʻyish, kasallikning kelib chiqish sabablarini topish maqsadi yotadi. Endi bu vazifani uddalash uchun yana kengroq imkoniyat yaratilib, qoʻshimcha vaqt berilmoqda. Misol uchun, Sirdaryo viloyatidagi tuman va shahar shifoxonalariga oilaviy shifokor yoʻllanmasi bilan murojaat qilish holati 85,5 foizga oshdi. Natijada tor soha mutaxassislariga murojaat qilish holati 8 foiz kamaygan. Shifoxonalarga bemorlarni asossiz yotqizish koʻrsatkichi 45 foizdan 20 foizgacha tushdi.
Patronaj hamshiralar qisqa oʻquv kurslarida qayta oʻqitildi. Ular homiladorlik, tugʻuruqdan keyingi davrda ayollarga hamda 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga oʻz vaqtida sifatli patronaj yordami koʻrsatish, xavf omillarini aniqlash, aniqlangan muammolarni hamkorlikda hal qilishga oid koʻnikmalarni egalladi. Besh yoshgacha bolalarga oʻz vaqtida patronaj yordami koʻrsatish, shifokor oldi koʻrik xonalarida oʻsish va rivojlanish boʻyicha skrining tekshiruvlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan. Skrining natijalariga koʻra bolada aniqlangan kasalliklarni samarali davolash boʻyicha muolajalar qilinmoqda.
Viloyat aholisi elektron dastur orqali oilaviy shifokorlarga biriktirilib, elektron maʼlumotlar bazasi yaratildi. 40 va undan katta yoshdagi aholi skrining tekshiruvlaridan oʻtkazilib, xavf omillari aniqlandi. Bemorlarga bu borada zaruriy tavsiya va maslahatlar berilib, nazoratga olindi. Ushbu skrining tekshiruvlari oʻtkazilmaganda koʻpchilik salomatligida uchrayotgan xavf omillaridan bexabar boʻlib, kasallik kuchaygan yoki ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi.
Shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida profilaktika maktablari va sogʻlom turmush tarzi xonalari tashkil qilingan. Profilaktika maktablarida surunkali kasalligi boʻlgan bemorlar bilan mashgʻulotlar oʻtish, ularni qiziqtirgan savollarga javob berish, kasallik asoratlarini kamaytirishda turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanishning ahamiyati toʻgʻrisida maslahat hamda tavsiyalar berilmoqda.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida xizmatlar sifatini yaxshilashda raqamlashtirish, bemorlarni roʻyxatga olish, elektron tibbiy karta yuritish, shifokor qabuliga onlayn yozilish, elektron retsept yozish kabi omillar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, oilaviy shifokor yoʻllanmasi asosida bemorlarga bepul tibbiy yordam koʻrsatish tartibi joriy qilindi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pulli asosda koʻrsatiladi.
Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda surunkali kasalliklar boʻyicha dispanser nazoratidagi bemorlarga elektron retsept asosida dorixonadan 11 turdagi dori-darmon bepul berilmoqda. Ambulator davolash jarayonida reimbursatsiya tizimi joriy etilmoqda. Bunda asosan (yurak ishemik kasalligi, yuqori qon bosimi, qandli diabetning II turi, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi) boʻlgan fuqarolar shifokor yozadigan elektron retsept asosida uzoqqa bormasdan dorilarni poliklinikaning oʻzida yoki unga yaqin joylashgan dorixonadan olishi mumkin.
Reimbursatsiya inglizcha soʻz boʻlib, “xarajatlarni qoplash” maʼnosini anglatadi. Bu aholini dori vositalari bilan taʼminlashda alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tavsiya etgan dori-darmonlar xarajatini maqsadli kompensatsiya qilishni nazarda tutadi. Davolash standartlariga koʻra, dori-darmonlarni isteʼmol qilish har qanday kasallikni davolashning ajralmas qismi, biroq surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda uzluksiz davolash tizimi mukammal emas. Shu bois, aholining zarur dori-darmondan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida Reimbursatsiya dasturi amaliyotga joriy etildi. Mazkur dastur bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori-darmonni bepul olish imkonini beradi. Xarajatlar davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan jamgʻarma orqali qoplab beriladi.
Bu kabi ishlar yurtimizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilmoqda. Bunda birlamchi boʻgʻin faoliyatini samarali tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Birlamchi boʻgʻinda tibbiy sugʻurta tizimining yoʻlga qoʻyilishi sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi oshishiga, aholining ijtimoiy zaif toifasini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrov darajasini oshirishga, aholining tibbiy yordam uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Farrux SHARIPOV,
Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi
ijro etuvchi direktori