Chunki tarixda koʻp hukmdorlar gʻalaba qozongan, lekin baʼzilari borki, magʻlubiyat haqida ham rost soʻzlay olgan. Bobur ana shu kamyob tafakkur egalaridan biri edi.
Bobur merosini oʻqir ekanmiz, uning davlatchilikka munosabati boshqa koʻp tarixiy hukmdorlarnikidan tubdan farq qilganini koʻramiz. U uchun hukmdorlik faxrlanadigan maqom emas, balki har kuni oʻz-oʻziga hisob berib yashash majburiyati edi. Shu jihati bilan Bobur boshqaruvni natija emas, jarayon bilan oʻlchaydi.
Bu tafakkur, eng avvalo, uning xotiralari — “Boburnoma”da yaqqol koʻrinadi. Asarda Bobur oʻzini oqlashga urinmaydi, aybni boshqalarga yuklamaydi. Masalan, Samarqand uchun kurashlardagi magʻlubiyatini tashqi xiyonat yoki taqdir emas, tajribasizligi va notoʻgʻri qarorlari bilan bogʻlaydi. U bir oʻrinda yoshligini, siyosiy vaziyatni yetarlicha anglab yetmaganini ochiq tan oladi.
Sarkarda uchun rost soʻzlash siyosiy zaiflik emas, aksincha, maʼnaviy ustunlik edi. Shuning uchun u gʻalabani ham, magʻlubiyatni ham bir xil samimiyat bilan yozadi. Ayni shu nuqtada Bobur hokimiyatni shaxsiy masʼuliyat sifatida anglagan shaxs sifatida namoyon boʻladi.
Bu munosabat uning ijodida ham davom etadi. Bobur oʻz sheʼrlarida davlat, taxt yoki qudratni abadiy neʼmat deb tasvirlamaydi. Aksincha, davlat oʻtkinchi ekani, inson esa uning oldida maʼnaviy jihatdan javobgarligini bot-bot eslatadi:
Davron meni oʻtkardi saru somondin,
Oyirdi meni bir yoʻli xonumondin.
Gah boshima toj, gah baloiy taʼna —
Nelarki, boshimgʻa kelmadi davrondin.
Muhimi shundaki, Bobur hokimiyatni yoʻqotgan pallada ham oʻzini oqlamaydi. U magʻlubiyatni ichki hisobot sifatida qabul qiladi. Bu esa hokim uchun ogʻir, biroq eng zarur bosqich — oʻzini oʻzini tanqid qilish madaniyatidir.
Adolat va xalq roziligi
Bobur uchun adolat qonun matni emas, balki amaliy munosabat. U hokimiyatga yetib, xalqni unutgan rahbarni keskin ogohlantiradi:
Davlatqa yetib, mehnat elin unutma!
Bu besh kun uchun oʻzungni asru tutma!
Jumlada hokimiyatning haqiqiy tayanchi ochiq aytilgan: mehnat eli. Xalq dardini unutgan davlat uzoqqa bormaydi. Shoir fikri bugungi “xalqchil davlat” tamoyillari bilan toʻliq uygʻun.
Bobur zulmning manbasini tashqi dushmandan emas, ichki buzilishdan izlaydi. Uningcha, hokimiyatni yemiruvchi eng xavfli kuch nafs va manmanlikdir:
Nafs dushmandurur yaqin bilgil,
Doʻstum, bu soʻzumni chin bilgil.
Bu — siyosiy falsafa. Agar rahbar nafsini jilovlamasa, adolat ham, xalq roziligi ham yoʻqoladi. Shu bois, muallif hokimiyatni axloqiy jihatdan oʻzini nazorat qilishi bilan bogʻlaydi.
Shoir davlatni xalqdan ustun qoʻymaydi, aksincha, davlat xalq roziligiga bogʻliq ekanini uqtiradi. Shuningdek, Bobur hokimiyatga mahliyo boʻlib qolishni maʼnaviy tanazzul deb biladi:
Davlat uchun koʻngulni zor etma,
Izzat uchun oʻzungni xor etma!
Shoh va shoir tajribasi shuni koʻrsatadiki, adolat kuchni cheklovchi vosita emas, aksincha, uni qonuniy va barqaror qiladigan omildir. Urush va beqarorlik sharoitida ham u xalq roziligini yoʻqotmaslikka intilgan. Chunki Bobur uchun gʻalaba faqat maydonda emas, odamlar qalbida qoʻlga kiritiladi.
Boburning davlatchilik tafakkurida eng muhim chegara inson qadridir. U uchun hokimiyat har qanday sharoitda ham insonni poymol qilish huquqini bermaydi. Bu jihat uning siyosiy qarashlarini oʻsha davrdagi koʻplab hukmdorlar tafakkuridan keskin ajratib turadi.
Ushbu munosabat “Boburnoma”da urush voqealari bayon qilingan oʻrinlarda yaqqol namoyon boʻladi. Bobur jangni qahramonlik yoki romantik holda emas, balki inson hayotiga solgan ogʻir fojia sifatida tasvirlaydi. Samarqand qamali paytida u xalq qanday ochlik va tanqislikka tushganini yashirmay yozadi: “Elga bisyor tanqisliq boʻldi. Ligʻa yettikim, faqir va miskin it etini, eshak etini yiya kirishtilar…”.
Urushning oqibatlari inson joni bilan oʻlchanganini ham ochiq qayd etadi: “Ulugʻ-ulugʻ beklar va yaxshi-yaxshi yigitlar, qalin kishi bu urushta talaf boʻldi”.
Asardagi satrlar Boburning urushni zafar emas, balki xalq taqdiriga tushgan ogʻir sinov sifatida anglaganini koʻrsatadi. Uning bu yozish uslubi hukmdorning oʻzi yuritgan siyosatga maʼnaviy javobgarlik hissini ifodalaydi.
Shoh Bobur zoʻravonlikni davlatchilik usuli sifatida qabul qilmaydi. U kuch ishlatishni zarurat, ammo meʼyordan chiqarishni halokat deb hisoblaydi. Shu sabab jangdan keyin intiqomni emas, tartib va barqarorlikni ustuvor qoʻyadi. Bu holat uning rahm- shafqatni zaiflik deb bilmaganini koʻrsatadi.
Ayni tafakkur Boburning sheʼrlarida ham chuqur aks etgan. U qudrat va davlatni inson taqdiri bilan solishtirib, ularning nisbiy ekanini uqtiradi:
Ne balo biyikturur davlat togʻi,
Koʻyi gʻamni ne bilur davlat togʻi.
Shoir fikriga koʻra, inson dardini his etmasa, davlatning “balandligi” maʼnosizdir. Bobur uchun inson azobini anglamagan hokimiyat maʼnaviy jihatdan qulagandir.
Muhim jihat shundaki, shoh va shoir inson qadrini urush sharoitida ham unutmaydi. U gʻalabani ham, magʻlubiyatni ham inson taqdiri bilan bogʻlab baholaydi. Bu esa davlatchilikda juda noyob yondashuv: kuchni emas, chegarani bilish madaniyati.
Ilmu sanʼat — uzoq muddatli sarmoya
Bobur davlatni faqat harbiy yoki maʼmuriy kuch bilan emas, balki maʼnaviy va intellektual asos bilan mustahkamlash mumkinligini anglagan tarixiy hukmdor edi. Uning tafakkurida ilm va madaniyat davlat barqarorligining asosiy sharti hisoblangan. Bu qarash hukmdorning amaliy siyosatida ham, shaxsiy hayotida ham namoyon boʻladi. Samarqand fathidan soʻng Bobur olim va ijodkorlarga nisbatan ehtiyotkor hamda homiylarcha munosabatda boʻladi. Ayniqsa, fazilat egalariga nohaq shubha bilan qarashga yoʻl qoʻymaydi. Masalan, Mullo Binoiy haqida bunday yozadi: “Necha kundin soʻng chun fazilatliq kishi edi, gunohe sodir boʻlmaydur edi, Samarqandgʻa kelturduk”.
Bu qarash “Boburnoma”da davlat ishlari bilan bir qatorda ilmiy va adabiy hayotning keng yoritilishida yaqqol namoyon boʻladi. Bobur shaharlarni faqat harbiy nuqtayi nazardan emas, balki ulardagi maʼrifat muhiti bilan baholaydi. Uning Samarqandda Alisherbek (Navoiy) bilan sheʼriy muloqotni alohida qayd etishi yoki Mullo Binoiy, Xoja Abulbaraka Firoqiy kabi zotlar bilan adabiy musobaqalarni hikoya qilishi kabilar ahamiyatli. Shu maʼnoda, Bobur uchun shahar qudrati devorlar yoki qoʻshin soni bilan emas, aql, soʻz va madaniyat bilan oʻlchanadi. Ilmga tayangan davlatgina vaqt sinovidan oʻta olishi haqidagi bu qarash uning butun merosida uzviy gʻoya sifatida yashaydi.
Bobur sheʼr yozishni hordiq chiqarish yoki shaxsiy mashgʻulot deb bilmagan, balki hokimning fikr yuritish madaniyati sifatida ham qabul qilgan. Shu bois, uning sheʼrlarida davlat, taqdir va inson qismati haqidagi falsafiy mushohadalar ustuvor.
Muhimi, Bobur ilm-maʼrifatni yuqori tabaqagagina tegishli soha deb bilmagan. U turkiy tilda yozib, bilim va fikrni keng qatlamga yaqinlashtirdi. Bu — siyosiy qaror. Chunki til va madaniyat orqali xalq bilan muloqot qilish hokimiyatni yopiqlikdan chiqaradi.
Bu nuqtada Zahiriddin Muhammad Bobur merosi bugun ham ahamiyatli. Zamonaviy davlat uchun ilm-maʼrifat strategik zaruratdir. Taʼlim rivojlangan jamiyatda kelajakka ishonch ham ongli boʻladi. Shu jihatdan Bobur tajribasi bizga bunday xulosani beradi: hokimiyatning eng samarali sarmoyasi — bilimli jamiyat.
Ayni sarmoya darhol natija bermasligi mumkin, ammo davlatni uzoq muddatli barqarorlikka olib chiqadi.
Vatan sogʻinchi va tabiat
Vatan Bobur uchun faqat yer yoki hudud emas, balki xotira, til va ruhiy ildiz edi. U hokimiyat uchun kurashib, bir yurtdan ikkinchisiga koʻchishga majbur boʻlgan pallalarda ham oʻzini toʻlaqonli gʻolib emas, ayni vaqtda taqdir sinovidagi musofir sifatida his qiladi. “Boburnoma”da Samarqand va Andijondan ajralish manzaralari nafaqat siyosiy yoʻqotish, balki shaxsiy iztirob sifatida berilgani bunga dalildir. Ayniqsa, qamaldan keyingi holatni u bunday ifodalaydi: “Bu olamda oʻtgan vaqoye tush va xayoldek koʻzumga va koʻnglumga koʻrunur edi”.
Bu satrlar shoh va shoir uchun vatan yoʻqotilishi hokimiyatdan mahrum boʻlish barobarida ichki barqarorlikka zarba ekanini koʻrsatadi.
Bobur tabiatni ham davlatchilik tafakkurining bir qismi sifatida anglaydi. U bogʻlar barpo etishga alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas. Bogʻ uning uchun faqat hordiq chiqariladigan joy emas, balki tartib, uygʻunlik va masʼuliyat ramzi. Inson tabiat bilan uygʻun yashamasa, davlat ham barqaror boʻlolmaydi degan falsafa bu yerda yaqqol koʻrinadi. Shoir sheʼriyati bilan tanishgan oʻquvchi mazkur tuygʻularning oshkora ifodasiga guvoh boʻladi. Yaʼni Vatan sogʻinchi bu sheʼriyatda shaxsiy iztirob emas, balki maʼnaviy holat sifatida yuzaga chiqadi:
Yod etmas emish kishini gʻurbatta kishi,
Shod etmas emish koʻngulni mehnatta kishi.
Ushbu misralar hukmdorning qudrat insonni gʻurbatdan qutqarmaydi degan ichki iqroridir. Vatan bilan bogʻliq maʼnaviy uzilish hech qanday davlat yutugʻi bilan qoplanmaydi.
Shoir bu sogʻinchni hech qachon xalqidan ustun qoʻymaydi. U dardini siyosiy qarorlarga aylantirib yuborishdan saqlanadi. Aksincha, oʻzini tiyish, hissiyotini nazorat qilish orqali davlat manfaatini ustuvor qiladi.
Bugungi siyosiy voqelikda bu gʻoya yanada dolzarb. Globallashuv davrida davlatlar faqat iqtisodiyot yoki xavfsizlik bilan emas, balki madaniy xotira va tabiatga munosabat bilan ham baholanadi. Bobur merosi bizga shuni eslatadi: Vatan — saqlab qolinishi kerak boʻlgan maʼnaviy oʻzan. Hokimiyat shu oʻzanga tayangandagina, xalq bilan uzilmas bogʻliqlikni saqlab qoladi.
Milliy oʻzlik va olam sahnasi
Bobur shaxsiyatining eng murakkab va muhim qirralaridan biri milliy oʻzlikni saqlagan holda jahon sivilizatsiyasiga chiqqanidadir. U hokimiyatni kengaytirgani sari oʻzligini yoʻqotmadi, aksincha, uni yanada aniq angladi. Shu jihatdan Bobur faqat tarixiy shaxs emas, balki global siyosat sharoitida milliy qiyofa qanday saqlanishi mumkinligini koʻrsatgan fenomendir.
Uning til tanlovida, avvalo, bu holat namoyon boʻladi. Bobur jahon miqyosida saltanat barpo etganiga qaramay, asarlarini turkiy tilda yozdi. “Boburnoma” mahalliy xotira uchun emas, butun insoniyat uchun qimmatli manba boʻlib qoldi, biroq u aynan milliy tilda yaratildi. Bu muhim siyosiy qaror edi. Chunki tilni saqlash tarixiy xotirani saqlash demakdir.
Jahon siyosatida Boburiylar davlati katta oʻrin tutgan boʻlsa-da, asoschisi milliy ildizdan uzilmadi. U oʻzini jahon hukmdori deb emas, muayyan tarixiy va madaniy anʼananing davomchisi deb his qildi. Shu sababli Bobur merosida milliylik hech qachon yopiqlikka aylanmaydi. Aksincha, u ochiqlik va muloqot uchun asos boʻladi.
Qolmadi hurmat ahli olamda,
Olamu olam ahdidin yuv ilik!
Bu misralarda shoir jahon siyosatining beqaror tabiatiga ishora qiladi. Bobur uchun global sahna doimiy kafolat emas. Shuning uchun u milliy tayanchni yoʻqotmaslikni eng muhim shart deb biladi.
Hukmdor milliylikni ustunlikka aylantirmaydi. U oʻz ildizini boshqalarnikidan yuqori qoʻymaydi, balki unga tayanib, jahon bilan muloqot qiladi. Bu esa bugungi global siyosat uchun juda muhim saboq: milliy oʻzlik toʻsiq emas, balki barqarorlik manbai.
Bugun davlatlar jahon hamjamiyatiga chiqar ekan, koʻpincha milliy qadriyatlardan voz kechish yoki ularni formal ramzga aylantirish xavfiga duch keladi. Bobur tajribasi esa jahonga chiqish oʻzingdan ketish emas degan boshqa yoʻlni koʻrsatadi.
Shu maʼnoda, Bobur fenomeni zamonaviy siyosiy tafakkur uchun juda dolzarb. U bizga tarix orqali bunday javob beradi: global taʼsir milliy oʻzlikni saqlay olgan taqdirdagina maʼnoli boʻladi.
Tarix hokimiyatning koʻp shakllarini koʻrgan. Qudratga tayangan davlatlar ham boʻlgan, zoʻravonlikka suyangan tuzumlar ham. Lekin tarixda faqat bir mezon sinovdan oʻtib qolgan — vijdon. Shu nuqtayi nazardan, Zahiriddin Muhammad Bobur merosi oʻtmish haqidagi xotira emas, balki hokimiyatga qoʻyilgan axloqiy talabdir.
Bobur davlatni boshqarish mumkinligini isbotladi. Ammo undan ham muhimi, davlatni oʻzini ham hisobga torta oladigan hokim orqali boshqarish mumkinligini koʻrsatdi. U gʻalabani yashirmadi, magʻlubiyatni oqlamadi, xatoni taqdirga yuklamadi. Shu jihati bilan Bobur hokimiyatni muqaddaslashtirmadi, balki uni maʼnaviy sinov sifatida qabul qildi.
Siyosat tezkor qarorlar, raqobat va geosiyosiy bosimlar maydoniga aylangan bugungi sharoitda Bobur tajribasi bir haqiqatni eslatadi: hokimiyatni mustahkamlaydigan omil — faqat resurs yoki kuch emas, balki ishonch. Ishonch esa vijdon, ochiqlik va javobgarlik orqali paydo boʻladi.
Bobur merosi bizdan oʻtmishga maftun boʻlishni emas, balki oʻtmish orqali oʻzimizga savol berishni talab qiladi. Agar davlat oʻz tarixini faqat gʻalabalar silsilasi sifatida koʻrsa, oʻziga xato qilish imkonini yopadi. Agar tarixni maʼnaviy xulosa manbai sifatida qabul qilsa, taraqqiyot uchun yoʻl ochiladi. Bobur ikkinchi yoʻlni tanlagan hukmdor edi.
Shu maʼnoda, Bobur biz uchun yodgorlik emas, tarixiy mezon. Hokimiyat qanchalik kuchli boʻlmasin, agar u vijdon bilan oʻlchanmasa, tarix oldida ojiz boʻlib qolaveradi.
Asosiy xulosa shundaki, qudrat davlatni barpo qiladi, lekin uni saqlab qoladigan va oqlaydigan kuch vijdondir.
Munisjon HAKIMOV,
Alisher Navoiy nomidagi
davlat adabiyot muzeyi
nodir qoʻlyozmalar boʻlimi mudiri,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori