Deputatlar davlat siri toʻgʻrisidagi yangi qonunni qabul qildi

    Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 20-avgust kuni boʻlib oʻtgan majlisida “Davlat siri toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilib, Senatga yubordi.

    Amaldagi “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi qonun 1993-yilda qabul qilingani bois «bu sohadagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarur».

    Koʻrib chiqilayotgan hujjat davlat sirlarini saqlash sohasidagi vakolatlarni belgilaydi, maxfiylik darajasini, maʼlumotlarni maxfiylashtirish va davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat berish muddatini belgilaydi.

    Davlat ahamiyatiga molik sirga kiritilishi lozim boʻlgan toʻrtta toifadagi maʼlumotning cheklangan roʻyxati tasdiqlanmoqda. Maxfiylashtirilmaydigan maʼlumotlar roʻyxati belgilanadi. Unga koʻra, favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik holati, inson huquqlarining buzilishi va boshqa shu kabi maʼlumotlar maxfiylashtirilmaydi (1993-yildagi qonunga koʻra, hozirda faqat fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan maʼlumotlar maxfiylashtirilmaydi).

    Davlat sirlariga tegishli maʼlumotlar roʻyxati 2020-yilda qayta koʻrib chiqilishi va keyinchalik maxfiylikdan chiqarilishi rejalashtirilgandi. Bu fan va taʼlim, AyTi va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlardan foydalanishdagi asossiz cheklovlarni bartaraf etish imkonini berishi kerak boʻlgan.

    Bugungi kunda davlat sirlari davlat, harbiy va xizmat sirlariga boʻlinadi.

    - Davlat sirlari — oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy taʼsir etishi yoki Oʻzbekistonning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa ogʻir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar.

    - Harbiy sirlar — oshkor etilishi Oʻzbekistonning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli kuchlari uchun ogʻir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan harbiy xususiyatga ega maʼlumotlar.

    - Xizmat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir maʼlumotlar.