Shahrisabzda kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Hokim yordamchisi birovlarning nomidan soxta maʼlumotlar orqali bankdan olingan jami 1 mlrd. 173,6 mln soʻm kredit mablagʻi talon-toroj qilingan.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yildagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 55-sonli hamda 2023-yildagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 39-sonli qarorlari ijrosidoirasida oʻtkazilgan tekshiruv tadbirlari davomida qonunbuzilish holati aniqlandi.

    Jumladan, Shahrisabz shahridagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi F.A. mansab mavqeidan foydalanib, toʻqimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati uchun texnikalar ulgurji savdosiga ixtisoslashgan MCHJ rahbari R.M. bilan til biriktirib, 2022-2023-yillarda naslli chorva mollari sotib olish, parrandachilik, asalarichilik, tikuvchilik, issiqxona tashkil etish va boshqa maqsadlarda 14 nafar fuqaro nomidan imtiyozli kredit olish uchun shartnoma va hisob-faktura hujjatlariga elektron raqamli imzo orqali soxta maʼlumotlar kiritgan holda aksiyadorlik tijorat bankiga taqdim etishgan. Natijada, bank tomonidan 440,3 mln. soʻm kredit mablagʻi ajratilgan.

    Bundan tashqari, hokim yordamchisi boshqa MCHJ rahbari X.S. bilan ham kelishib, 25 nafar fuqaro nomidan soxta maʼlumotlar taqdim etish orqali ATBdan 733,3 mln. soʻm kredit mablagʻi ajratilishiga erishgan.

    Shu tariqa, jami 1 mlrd. 173,6 mln. soʻm kredit mablagʻi talon-toroj qilingan.

    Hozirda hokim yordamchisi, MCHJ rahbarlarihamda boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksininng 167 va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.