Don korxonalaridagi eskicha tizim yoxud narx-navo barqarorligini taʼminlashning yagona yoʻli...

    Mamlakatimizda 7 Iyun 2022 1732

    Agar fermer va klasterlar oʻzi yetishtirgan ortiqcha gʻallani sotish istagida boʻlsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.

    Shu bilan birga, tadbirkorlar tomonidan zamonaviy, ixcham, energotejamkor un ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish imkoniyati yaratiladi.

    Fermer birjaga chiqib, oʻzi yetishtirgan gʻallasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi va oʻz mehnati natijasidan rozi boʻladi.

    Eng muhimi – respublikamiz aholisiga arzon va sifatli don va don mahsulotlari uzluksiz yetkazib beriladi.

    Berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Hisob palatasi, Markaziy bank, tijorat banklari va don korxonalari tomonidan “Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi – tijorat banki – don korxonasi – klaster va fermer – birja” zanjiri asosida toʻlovlarning amalga oshirilishi boʻyicha kunlik nazorat tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasida Shtab tashkil etiladi. Shtab kunlik maʼlumotlarni tahlil qilib boradi, vazirlik va idoralarga koʻrsatmalar yuboradi, yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻradi.

    Shuningdek, birja savdolarida bugʻdoy sotadigan fermer va gʻallachilik klasterlaridan birja toʻlovlari undirilmasligi belgilab qoʻyildi.

    Ushbu islohotlarning pirovard maqsadi – fermerlar va klasterlarning manfaatdorligini taʼminlash va hosildorlikni oshirishdan iborat.

    Bugungi kunda jahonda yuz berayotgan voqealar natijasida bozorlarda oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori surʼatlar bilan oʻsmoqda.

    Hozirda xalqaro birjalarda 1 tonna bugʻdoy 400 AQSH dollaridan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshgan.

    Shunday sharoitda narx-navo barqarorligini taʼminlashning yagona toʻgʻri yoʻli, bu – fermerlar manfaatdorligini taʼminlash va hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni koʻpaytirishdir. Demak, gʻallachilikda samarali ishlaydigan bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish zamon talabiga aylandi.

    Hozirda ushbu sohada xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. Xususan, soʻnggi uch yilda mamlakatimizda 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi. 2021-yil yakuni bilan mamlakatimiz boʻyicha ishlab chiqarilgan unning 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga toʻgʻri keldi.

    Biroq bugungi kunda “Oʻzdonmahsulot” kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emas. Shu paytgacha kompaniya tarkibidagi don korxonalari fermerlardan tayyor bugʻdoyni qabul qilib, uni qayta ishlash bilan shugʻullanib kelgan. Natijada ularning un ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi oʻrtacha 60 foizdan oshmaydi.

    Zamonaviy energotejamkor va ixcham uskunalar bilan jihozlanmagani sababli davlat don korxonalarining tegirmon xarajatlari xususiy sektorga nisbatan 20-25 foizga yuqori, rentabelligi esa – 2 barobar kam.

    Davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti. Jahon amaliyoti shuni koʻrsatadiki, bunday korxonalarning ham daromadi, ham raqobatbardoshligi, ham sarmoyaviy jozibadorligi juda past boʻladi.

    Dunyoda davom etayotgan pandemiya sharoitiga qaramasdan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan islohotlarning yangi bosqichiga qadam qoʻyilmoqda.

    Davlat rahbari boshchiligida joriy yil 11-mayda oʻtkazilgan gʻallachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bagʻishlangan yigʻilishda 2022-yil 1-iyundan boshlab, gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlari tizimiga oʻtish hamda fermer va klasterlar oʻzlari yetishtirgan gʻallasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratish topshirigʻi berildi.

    Bu degani – narxni bozorning oʻzi shakllantiradi.

    Hisob palatasining

    Matbuot xizmati