Bugungi kunda yurtimizda qon tayyorlashda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stantsiyasi hamda 13 ta qon quyish bo'limlari faoliyat ko'rsatadi.

Maqsad — davolash muassasalarini kerakli donorlik qon preparatlari va komponentlari bilan ta'minlashdan iborat. Albatta bu ishlar sog'lom aholidan donor qonini yig'ish, qayta ishlash, tekshirish, saqlash, yaroqli qismlar va komponentlarga ajratish hamda tayyor qon mahsulotlariga aylantirish orqali amalga oshiriladi.

 Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko'ra, har bir davlat o'z aholisining qon komponentlari va preparatlariga bo'lgan ehtiyojini qoplash uchun har 1000 nafar kishiga qon topshirishlar soni 30 nafar va undan ortiq bo'lishi, aholini qon komponentlari bilan ta'minlash uchun esa qon topshirishlar soni har 1000 nafar kishiga 10 nafar yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi lozim.

 Bizda esa ayni paytda bu raqam 8,2 nafarga to'g'ri keladi. Agar ushbu ko'rsatkich 10 nafarga oshirilsa, 100 foiz talab qondiriladi. Lekin agar 50 nafar odam qon topshirsa, nafaqat ehtiyoj qoplanadi, balki qon plazmasini qayta ishlash natijasida al`bumin, immunglobulin kabi dori preparatlarini tayyorlash mumkin.

Ta'kidlash lozimki, 2021 yilda yurtimizda 113 tonna, 2022 yilda 122 tonna, o'tgan 2023 yilda esa 130,6 tonna sifatli qon tayyorlandi.

YUrtimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo'lgan, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglabin miqdori erkaklarda 128, ayollarda esa 120 bo'lgan har bir shaxs donor bo'lishi mumkin. Yiliga esa har bir shaxs 4 marta qon topshirishi mumkin. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitr.

— Avvallari donor faqat qon markaziga kelibgina qon topshirgan, — deydi Sog'liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati rahbari Furqat Sanaev. — Qolaversa, buning uchun tegishli tashkilotlardan juda ko'p ma'lumotnoma so'ralar edi. Hozir esa bunday cheklovlar yo'q. Donordan faqat shaxsini tasdiqlovchi xujjat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi, harbiy xizmatchilar esa, harbiy hisobga olish hujjatlari talab etiladi, xolos. Ular soni kamida 5 nafar bo'lsa, maxsus mobil brigada donorlar manziliga borib, ulardan qon olib kelishi ham mumkin.

Ma'lumotlarga ko'ra, agar donor markazga kelib, qon topshirish istagida bo'lsa, bu besh bosqichda amalga oshiriladi. Markazga kelgandan qon topshirib ketguncha uzog'i 30-40 daqiqa talab etiladi.

Shu o'rinda aytib o'tish kerakki, milliy qonunchiligimizga ko'ra, donor o'rtacha ish haqi saqlangan holda qon topshirgan sana va yana bir kun qo'shimcha dam olish huquqiga ega.

Bitta jigar transplantatsiyasini o'tkazish uchun 30 litrgacha qon plazmasi kerak bo'ladi. Bu koponent esa 120 nafar donordan olinadi. Shuning o'ziyoq, donorlikning ahamiyati naqadar muhim ekanini ko'rsatadi.