Xabaringiz bor, Toshkentdagi Gʻafur Gʻulom bogʻi 24-oktyabr kunidan boshlab test rejimida faoliyatini boshladi. Biroq bogʻning yangi inglizcha nomi keng jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti ushbu holatga munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 26-oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti hamda Toshkent shahar hokimligi vakillari Singapurning “BMP Smart Decision Private Limited” kompaniyasi rahbariyati bilan poytaxtimizda joylashgan Gʻafur Gʻulom nomidagi istirohat bogʻi nomi yuzasidan uchrashuv oʻtkazgan.
Uchrashuvda tadbirkor-investor bogʻning nomi oʻzgarmasligini, Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlarini hurmat qilishini, bogʻning nomini oʻzgartirishga hech qanday xohishi yoʻqligini taʼkidlagan va “Dream Park” hamda “Orzular bogʻi” kabi nomdan faqat savdo belgisi sifatida foydalanishini bildirgan.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkor-investorga “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati va talablari haqida batafsil maʼlumot berildi.