Bu chin maʼnoda tarixiy tashrif boʻldi. Oʻtgan bir yil davomida markaz binosi toʻla qurib bitkazildi. Markaz faoliyatini takomillashtirish, kontentini boyitish ishlariga 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassislar, dizaynerlar safarbar etildi.
Davlatimiz rahbari 2025-yilning sentyabr oyida BMTning yuksak minbaridan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi qurib bitkazilgani, tez orada foydalanishga topshirilishi haqida maʼlumot berdi. Taʼkidlash joizki, oʻtgan davr ichida ichki kontent yanada boyitildi. Markaz jahon ahlining eʼtiboridagi betakror maskanga aylandi. Bugun dunyoning turli nuqtalaridan kelgan oliy martabali mehmonlar, davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari markaz faoliyati, sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlarga oid ilmiy loyihalar bilan yaqindan tanishyapti, bu haqiqatni baralla eʼtirof etyapti.
Bugungi kunda dunyo chuqur sivilizatsion oʻzgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Texnologik taraqqiyot axloqiy anglashdan ilgarilab ketmoqda, global inqirozlar
esa — geosiyosiy toʻqnashuvlardan tortib, madaniy oʻzlikni yoʻqotishgacha — insoniyatning muloqotga qodirligi masalasini tobora koʻproq kun tartibiga qoʻymoqda. Din koʻp hollarda mojarolar vositasiga, madaniyat esa boʻlinish chizigʻiga aylanayotgan bir paytda sivilizatsion muloqotga uning asl, yaratuvchan mohiyatini qaytarishga qodir boʻlgan yangi platformalarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda.
Ana shunday tarixiy pallada Yevroosiyoning qoq markazida — buyuk sivilizatsiyalar va saltanatlar vujudga kelgan, ming yillar davomida savdo yoʻllari, dinlar, ilmiy maktablar va madaniyatlar tutashgan zaminda yangi turdagi noyob makon — Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi dunyoga keldi. Uning barpo etilishi tasodif emas va qandaydir populistik loyiha mahsuli ham emas. Bu Oʻzbekiston Prezidentining strategik dunyoqarashining bevosita ifodasidir.
Prezidentimiz 2017-yilda BMT minbaridan jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi asl oʻrnini tiklashga, shuningdek, muqaddas islom dini asosida maʼrifat, ilm-fan va insonparvarlik qadriyatlari yotganini, ekstremizm va jaholatni faqat bilim va madaniyat kuchi bilangina yengish mumkinligini eslatgan edi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chogʻida ushbu yoʻnalishga yuqori baho berib: “Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev — buyuk va nufuzli rahbar, u BMTning oliy minbaridan muloqot, maʼrifat va oʻzaro hurmat gʻoyalarini izchil ilgari surmoqda”, degan edi. Bu soʻzlar jahon hamjamiyati allaqachon anglab yetgan haqiqatni aks ettiradi: Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston tarixning chekkasida qolgan hudud emas, balki uning faol bunyodkorlaridan biriga aylandi.
Oʻz navbatida, Prezidentimizning BMT minbaridan qilgan murojaati markaz uchun nafaqat ulkan meʼmoriy inshoot, balki jahon miqyosidagi mutlaqo yangi gumanitar model sifatida intellektual va ilmiy poydevor boʻlib xizmat qildi. Bu model doirasida islom buyuk sivilizatsiyalar tarixi orqali namoyon boʻladi: aynan shu sivilizatsiyalar bagʻrida ilmiy inqiloblar yuz bergan, universitetlar va akademiyalar, kutubxonalar va laboratoriyalar barpo etilgan, tibbiyot va falsafa, sanʼat va ilmiy izlanishning asoslari qoʻyilgan, zamonaviy dunyo intellektual negizi shakllangan.
Oʻzbekiston Prezidentining shaxsiy siyosiy irodasi, strategik qarashlari va izchil yetakchiligi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish gʻoyasi haqiqatan ham koʻlami, mazmun-mohiyati kengligi va xalqaro ahamiyati jihatidan misli koʻrilmagan formatda amalga oshirildi. Yangi davr talablaridagi muzey, ilgʻor ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, eng zamonaviy kutubxona, Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari rivojini qamrab olgan milliy va xalqaro arxiv tizimi, raqamli gumanitar texnologiyalar hamda global ilmiy-madaniy hamkorlikning keng tarmoqlarini birlashtirgan noyob sivilizatsion majmua yaratildi.
Ushbu loyihaga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ham yuksak baho berib, bunday degan: “Bu ulkan va noyob inshootdir. Darhaqiqat, bu — ilmiy, turistik va etnomadaniy loyiha. Oʻzbekiston Prezidentining fikriga qoʻshilaman: Islom sivilizatsiyasi markazi bu yerda, Toshkentda, juda muhim sohada ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkin”.
Jahon ekspertlari taʼkidlaganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi oddiy infratuzilmaviy obyekt yoki madaniy siyosatning ramziy ifodasi emas. Bu — Oʻzbekiston yetakchisining zamonaviy global chaqiriqlarga ongli sivilizatsion javobi. Bu — islom olami tarixida ilk bor shunday ulkan koʻlamda, sivilizatsiyalar oʻrtasidagi haqiqiy muloqot uchun global va doimiy amal qiluvchi platforma sifatida yaratilgan loyiha.
Aslida, Oʻzbekiston tarixda ilk bor oʻz zimmasiga tarixiy va maʼnaviy missiyani oldi — islom dini va islom sivilizatsiyasi tushunchasining qiyofasini buzib talqin etishga anʼanaviy safsata va xalqaro forumlar hamda konferensiyalardagi bayonotlar bilan emas, balki jahon ahamiyatiga ega boʻlgan haqiqiy, amal qiluvchi intellektual makonni yaratish orqali qarshi turishga bel bogʻladi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bu maʼnoni aniq ifoda etib, bunday taʼkidladi: “Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, biz yana bir bor mamlakat rahbariyatining oʻzbek xalqining boy madaniy va maʼnaviy qadriyatlarini asrash va targʻib etishga chuqur sadoqatini koʻrdik. Ayrim mamlakatlarda dinimizga nisbatan hujumlar kuchayayotgan, islomofobiya esa tizimli tus olayotgan bir sharoitda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu markaz butun dunyoga islom bunyodkorlik, gumanizm, bagʻrikenglik, doʻstlik va birodarlik dini ekanini yaqqol namoyon qiladi”.
Ekspertlar va siyosatchilar bir ovozdan taʼkidlamoqdaki, mazkur loyiha radikalizmga va islom qiyofasini buzib koʻrsatishga qarshi gumanitar himoya — kuch bilan emas, bilim bilan yaratilgan qalqonga aylandi.
Markaz faoliyati uchun madaniy merosni qaytarish jarayoni alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Prezidenti topshirigʻiga binoan maxsus davlat va diplomatik mexanizmlar yaratildi, bu esa markazga dunyodagi eng yirik auksion uylari — Sothebyʻs, Christieʻs, Bonhams, shuningdek, yetakchi muzey tuzilmalari va xususiy kolleksionerlar bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi. Natijada mamlakatimizga taxminan ikki mingga yaqin noyob artefakt qaytarildi. Ular orasida Ibn Sino qoʻlyozmalari, Beruniy asarlari, Temuriylar davri miniatyuralari, islom sanʼati durdonalari va oʻn yillar, hatto asrlar davomida vatanimiz hududidan tashqarida saqlanib kelgan boshqa beqiyos yodgorliklar bor.
Bu markazning ulkan muzey ekspozitsiyalarini boyitishgina emas, balki Markaziy Osiyoning sivilizatsion xotirasini qaytarish va tarixiy adolatni tiklashning haqiqiy amaliyotdagi ifodasidir.
Shu nuqtayi nazardan, Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, oʻz hayratini yashirmadi: “Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishuv menda juda kuchli taassurot qoldirdi. Insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan koʻplab ilmiy va madaniy yutuqlar aynan shu zaminda ilk bor vujudga kelgan. Afsuski, dunyoda hamma ham algebra, tibbiyot va boshqa fanlar sohasidagi ilk fundamental asarlar aynan shu yerda paydo boʻlganini bilmaydi. Bu tashrif meni ilhomlantirdi va Oʻzbekiston ulkan salohiyatga ega ekaniga ishonchimni mustahkamladi. Oʻzbekiston tarixi haqiqatan ham noyobdir”.
Bu soʻzlar yangi Oʻzbekiston siyosati tufayli mamlakat yana bir bor jahon bilan oʻzining haqiqiy tarixi tilida soʻzlasha boshlaganining eʼtirofidir.
Ekspertlar va siyosiy yetakchilar fikricha, Oʻzbekiston Prezidenti faqat oʻtmishni tiklash va bugunni anglash bilan cheklanmay, kelajakni izchil va maqsadli ravishda shakllantirmoqda. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazi avval boshdan dinamik rivojlanuvchi tizim — xalqaro ilmiy platforma, mediamaydon, nashriyot va taʼlim markazi sifatida vujudga keldi. Bu yerda islomshunoslikning yangi avlodi, ilgʻor muzey texnologiyalari va zamonaviy madaniy diplomatiyaning yangi yoʻnalishlari shakllanmoqda.
Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb markazga tashrifidan soʻng bunday dedi: “Rostini aytsam, men bu yerda haqiqatan ham misli koʻrilmagan taassurotlar girdobida qoldim. Har bir ekspozitsiya, har bir zal, har bir tafsilot chuqur va puxta oʻylangan. Uch ming yillik tarixni bugungi avlodga shunchalik zamonaviy, taʼsirchan va ishonarli formatda yetkazish yuksak darajadagi sanʼat va katta mahoratni talab qiladi. Ushbu markaz nafaqat oʻtgan asrlar merosini qayta tiriltirdi va qayta angladi, balki kelajak avlodlar uchun ilhom manbaiga aylandi. Ayniqsa, interaktiv ekspozitsiyalar va innovatsion texnologiyalar juda taʼsirli — ular yoshlarni rostdan ham oʻziga tortadi. Bu yerda tarixni oʻqimaydilar — uni his qiladilar. Yaratilgan muhitda beparvo qolish yoki zerikishning iloji yoʻq. Har bir sahna, har bir yorugʻlik aksenti, har bir tafsilot oʻz maʼnosi va badiiy mantigʻiga ega. Men bu markazni samimiy minnatdorlik, chuqur hurmat va hayrat tuygʻusi bilan tark etyapman”.
Bugun Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy dunyo uchun bosqichma-bosqich shakllanib borayotgan intellektual markaz sifatida namoyon boʻlmoqda. Turli tarixiy davrlarda Bagʻdoddagi Bayt ul-hikma, Xorazm Maʼmun akademiyasi va Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi qanday ahamiyat kasb etgan boʻlsa, markaz ham bugungi kunda shunday makonga aylanmoqda — u faqatgina ilm saqlangan va toʻplangan joy emas, balki sivilizatsiyalar intellektual va maʼnaviy taraqqiyoti yoʻnalishini belgilab bergan muhitni yetkazuvchi manzildir.
Biroq hozirgi tarixiy davrda markaz faoliyati yuksak va ulugʻvor vazifalarni qamrab olgan. Agar ilgari bunday ilmiy markazlar oʻz davri va madaniyati doirasida tarkib topib, gʻoyalar asrlar davomida qoʻlyozmalar, tarjimalar va avlodlar orqali sekin tarqalgan boʻlsa, bugun Islom sivilizatsiyasi markazi Prezidentimiz tomonidan ilk kundanoq ochiq, global taʼlimiy va madaniy-gumanitar megaplatforma sifatida shakllantirishga moʻljallangan.
Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi XXI asrga xos yangi turdagi sivilizatsion institutdir. Bu yerda tarixiy bilim raqamli texnologiyalar bilan uygʻunlashadi, qoʻlyozma global raqamli manbaga aylanadi, muzey ilmiy laboratoriya tusini oladi, milliy meros esa xalqaro muloqot, oʻzaro anglashuv va bunyodkorlikning umuminsoniy mezoniga aylanadi.
Ushbu maqolani Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning soʻzlari bilan yakunlash oʻrinli: “Men bunga oʻxshash markazni avval hech qayerda koʻrmaganman. Islom sivilizatsiyasi markazi nihoyatda zamonaviy va goʻzal uslubda qurilgan va yaratilgan. Bugun men juda koʻp narsani oʻrgandim va albatta bu yerga yana qaytaman. Serbiyalik barcha vatandoshlarimga bunday degan boʻlardim: “Azizlarim, men juda katta xato qilganman, chunki bu mamlakatga ilgari hech qachon kelmaganman. Iltimos, imkon qadar tezroq Oʻzbekistonni koʻrish uchun kelinglar”.
Firdavs ABDUXOLIQOV,
Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi
markazi direktori