Mazkur tahlillar pandemiya tobora ortga chekinayotgani, eng muhimi, uning asoratlari nisbatan kamayayotganini anglatadi.

JSSTning haftalik bayonotida keltirilishicha, oʻtgan haftada 10 million 776 mingdan ziyod kishida COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan. Kasallik tufayli hayotdan koʻz yumganlar esa qariyb 60,2 ming nafarni tashkil etgan.

Koronavirusni yuqtirish bilan bogʻliq sezilarli pasayish dinamikasi Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasi mamlakatlari hissasiga toʻgʻri kelgan — 34 foiz! Janubiy va Shimoliy Amerika qitʼalarida bu koʻrsatkich 30 foiz, Yevropada esa 24 foizga yetgan.

Tinch okeanining gʻarbiy mintaqasi davlatlarida esa aksincha — bemorlar soni 32 foiz ortishi qayd etilgan.

21-27-fevral sanalarida koronavirus tashxisi qoʻyilgan eng koʻp bemor Germaniyada roʻyxatga olingan — 1,1 million nafar. Ikkinchi oʻrinni 1 milliondan ziyod koʻrsatkich bilan Koreya Respublikasi band etdi.

Rossiya esa uchinchi oʻrinda — mamlakatda 920 ming odam koronavirusni yuqtirgan. Toʻrtinchi oʻrinni 542 mingga yaqin holat bilan Turkiya, beshinchi pogʻonani esa 519 mingdan ortiq bemor bilan Braziliya egalladi.

Dunyoda COVID-19dan oʻlim koʻrsatkichlarining katta qismi AQSHda qayd etildi — 13 ming nafar. Bu undan avvalgi haftaga qiyoslaganda qariyb 1000 ta ziyod koʻrsatkichdir.

Ikkinchi oʻrinda — Rossiya. Mamlakatda hafta davomida 5,4 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Braziliyada esa bu koʻrsatkich 4,3 ming nafarni tashkil etdi. Shu bilan birga, Meksikada 2 ming nafar hamda Turkiyada 1,8 ming nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.