“E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi

    Raqamlashtirish 6 Iyul 2021 1308

    “Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–6256-son, 05.07.2021-y.) qabul qilindi.

    Farmon bilan Oʻzbekistonda sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi hamda konsepsiya boʻyicha 2021–2023-yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Farmonga koʻra, Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

    Institut sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi.

    2021-yil 1-sentyabrdan:

    - davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari boʻyicha tadqiqot oʻtkazish huquqi beriladi;

    - iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat soʻroviga koʻra ekspertiza oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi;

    - nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestatsiyadan oʻtkazish mexanizmi joriy qilinadi.

    - 2022-yil 1-martdan aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir maʼlumotlarni yetkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun moʻljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.

    Shuningdek, sohada kadrlarni tayyorlash OTMlarida dual taʼlim prinsipiga muvofiq, kamida 6 oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirilishi mumkin.

    Farmon bilan shuningdek, 2021–2025-yillarda joriy etiladigan ekspertiza va tadqiqot turlari roʻyxati (16 ta) tasdiqlandi.