Olimlar fikricha, raqamlashtirish mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektori rivojiga katta yordam beradi. Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotimiz lokomotiviga aylanib borayotgani, sohaga ilm-fan yutuqlari keng joriy etilayotgani alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, avtomatik sugʻorish tizimini qoʻllashda dehqonlar uchun turli imtiyozlar mavjud. Shu orqali isrofgarchilik kamayib, suvdan foydalanish optimallashadi va inson omili aralashuvi kamayadi. Ushbu tizimni qoʻllash uchun katta mablagʻ talab qilinsa-da, umumiy foyda salmoqli va uzoq muddatli boʻladi, iqtisodiy samaradorlik sezilarli oshadi.

Tahlillarga qaraganda, mavsum davomida (qisqa muddatda) qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchi 40 dan ortiq turli yechimni qabul qilishga toʻgʻri keladi. Ularning aksariyati raqamlashtirish obyekti hisoblanib, bevosita ishlab chiqarish samaradorligiga taʼsir koʻrsatadi. Hisobkitobga koʻra, ekish, yetishtirish, saqlash va tashishda hosilning 33 foizi yoʻqotilmoqda.

Shunday sharoitda yer, suv, moddiy-texnik va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlovchi “aqlli” qishloq xoʻjaligi texnologiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. Qishloq xoʻjaligi rivojlangan AQSH, Germaniya va Yevropadagi fermer xoʻjaliklarining taxminan 70 foizi agrar sohada zamonaviy “aqlli” texnologiyalardan foydalanmoqda. Jumladan, Niderlandiyada ham raqamli texnologiyalar keng qoʻllanadi.

Qishloq xoʻjaligining turli bosqichida robotlardan, shuningdek, turli jarayonlarni boshqarishda yordam beradigan internet texnologiyalaridan foydalaniladi. Koreya Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi butun mamlakat boʻylab “aqlli” fermer xoʻjaliklarini rivojlantirishga mablagʻ ajratish boʻyicha keng qamrovli saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Ushbu davlatning qishloq xoʻjaligini innovatsion rivojlantirish tajribasidan endi taraqqiy etayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va innovatsion agrar tizimni shakllantirishda foydalanish mumkin.

Hindistonda fermerlarning bilimi va malakasini oshirishga, xususan, ularga obhavo, mahsulot narxi, ekinlarni yetishtirish uchun eng yaxshi texnologiyalar va boshqalar toʻgʻrisida maʼlumot beradigan mobil ilovalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Har bir hududda qishloq xoʻjaligi boʻyicha innovatsion va ilmiy markazlar tashkil etilgan.

Hukumatimiz sohani raqamlashtirish va ilgʻor innovatsiyalarga asoslangan holda rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda. Jumladan, agrosanoat majmuasida texnologik yutuqni taʼminlash va raqamli qishloq xoʻjaligi korxonalarida mahsuldorlikni oshirishga erishish uchun raqamli texnologiyalar hamda platformali yechimlarni joriy etish orqali qishloq xoʻjaligini raqamli transformatsiya qilishga erishilmoqda. Agrar sohaning raqamli transformatsiyasi mutaxassislardan zamonaviy bilimlarga ega boʻlish barobarida, ularga yordam beradigan yangi, noodatiy yechimlarni talab qiladi.

Hindistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikda “Oʻsimliklar himoyasi va avtomatik sugʻorish tizimiga asoslangan tuproqlar monitoringida ilgʻor raqamli texnologiyalardan foydalanish” mavzusida olib borayotgan xalqaro ilmiy loyihamiz shu maqsadga erishishga xizmat qiladi. Loyihaning maqsadi dehqon va fermer xoʻjaliklari uchun avtomatik sugʻorish tizimida tuproq xususiyatlarini tahlil qilish hamda oʻsimliklarni himoyalashda internet texnologiyalariga asoslangan mobil dasturni ishlab chiqish va joriy etishdan iborat.

Filialimiz olimlari loyiha ustida ishlash jarayonida zarur maʼlumotlarni toʻpladi. Tuproq tarkibi, ishlanmani katta maydonlarda qoʻllash usullari, shuningdek, avtomatik sugʻorish tizimini laboratoriya sharoitida oʻrganib, sinovdan oʻtkazdi. Hozir tadqiqotlar Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialining axborot-maslahat markazi tajriba maydonlarida pomidor hamda kartoshkada sinovdan oʻtkazilmoqda va dasturning algoritmi ishlab chiqilmoqda. Oʻtgan yili loyiha ishtirokchilari Hindistonda malaka oshirgan edi.

Bu yil 21-25-oktyabr kunlari sohadagi yangiliklar bilan tanishish hamda tajriba almashish uchun Janubiy Koreyada boʻldi. Bu yerdagi “Aqlli” qishloq xoʻjaligi vodiysiga safar juda samarali oʻtdi. Mazkur vodiy yosh fermerlarni qoʻllab-quvvatlash, ijaraga beriladigan “aqlli” fermer xoʻjaliklarini hamda kelajakda qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini tadqiq qilish maqsadida mamlakatning toʻrtta shahrida tashkil etilgan. Bunda yosh fermerlarga “aqlli” fermer xoʻjaligi boʻyicha taʼlim xizmatlari koʻrsatish, eng faol stajyorlarni ijaraga beriladigan “aqlli” fermer xoʻjaligida tadbirkorlik faoliyatini boshlashga tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, “aqlli” qishloq xoʻjaligi texnologiyasini qoʻllabquvvatlaydigan, bunday xoʻjaliklarga oid maʼlumotlarni toʻplaydigan va undan yirik fermer xoʻjaliklarini shakllantirish uchun foydalaniladigan kattagina maʼlumotlar bazasi mavjud. Bir vaqtda 18-40 yosh oraligʻidagi 52 nafar istiqbolli yosh fermer qulupnay va pomidorga oid nazariy, amaliy hamda boshqaruv amaliyoti boʻyicha jami 20 oy taʼlim oladi.

Bu vodiy qishloq xoʻjaligi va oziqovqat sohasi uchun kadrlar tayyorlash instituti tomonidan boshqariladi. Ijaraga beriladigan “aqlli” fermada yosh fermerlar har biri 3 kishidan iborat jamoaga birlashishi va 30 nafargacha kishi 10 ta maydonni ijaraga olib, dehqonchilik qilishi mumkin. Yosh fermerlar 1 yil davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgach, ularga mustaqil biznes boshlashi uchun 1 million AQSH dollarigacha boʻlgan qiymatda 1-1,5 foizli bank krediti 10 yil muddatga beriladi.

Ushbu imtiyoz fermerlikni boshlash uchun yaxshi qoʻllab-quvvatlov hisoblanadi. Bu amaliyot “aqlli” qishloq xoʻjaligi uchun yosh fermerlarni tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan. Oʻzbekistondan farqli oʻlaroq, Janubiy Koreyada yosh fermerlarni oʻqitish davri koʻproq. Innovatsion xoʻjalikning asosiy jihati — barcha jarayon issiqxonalarda sabzavot koʻchatlarini yetishtirish ham smartfon yoki internet texnologiyalari orqali boshqariladi hamda doimiy nazorat qilinadi.

Mazkur texnologiyalarni kelgusida yurtimiz sharoitida transformatsiya qilish, bu borada malakali kadrlar tayyorlashda ilgʻorlar tajribasini qoʻllash agrar soha oliy taʼlim muassasalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab sohaga xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari tajribasiga tayangan holda “aqlli” qishloq xoʻjaligi boʻyicha magistrlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.