“Endi “elektron poliklinika” tizimi asosida ishlaymiz”

    Albatta, oila shifokori degani, shunchaki nomi o'zgardi degani emas. Bu avvalo, ma'lum hududga biriktirilgan shifokorning vazifa va majburiyatlaridagi o'zgarishni anglatadi. Ochiqroq aytadigan bo'lsak, endi oila shifokori har bir xonadonga kirib borib, go'yo o'sha oilaning bir a'zosiga aylanadi.

    Prezidentimiz o'tgan yil noyabr` oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog'ida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko'rsatishning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish bo'yicha ko'rsatma bergan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatning barcha tumanlarini qamrab olgan holda 1535 ta tibbiy brigada shakllantirildi, aholi to'liq tibbiy xatlovdan o'tkazildi.

    Demak, asosiy vazifamiz aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish, o'z salomatligiga nisbatan mas'uliyat va e'tibor hissini uyg'otishdan iborat. Ta'bir joiz bo'lsa, tibbiy xatlov sog'lom jamiyatni rivojlantirishning amaliy ko'rinishi bo'ldi. Poliklinikamiz “Shirkent”, “Omontepa”, “Qovchin”, “Yangi hayot” mahallalarini qamrab olgan bo'lib, 17 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko'rsatib keladi.

    Muassasamiz tomonidan xatlovni tegishli yo'riqnomalarga muvofiq ravishda uyushqoqlik bilan amalga oshirdik. Tibbiy brigadalar tuzib, ularni zarur jihozlar — o'lchov tasmasi, maxsus tarozi, pul`soksimetr, tonometrlar bilan ta'minladik. Har bir oilaga kirganimizda antropologik o'lchash bilan birgalikda aholiga sog'lom turmush tarzi, jismoniy faollik, ayniqsa, piyoda yurishning ahamiyati, sog'lom ovqatlanish borasida targ'ibot ishlarini ham olib boryapmiz.

    40 yoshdan oshgan fuqarolar bilan alohida savolnoma asosida ishladik. Yuqumli bo'lmagan kasalliklar, tug'ish yoshidagi ayollar ko'krak bezi saratoni, qonda qand miqdorini aniqlash orqali 2 turdagi qandli diabet kasalligi skrining tekshiruvidan o'tkazildi.

    Shifokorlarimiz o'zlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”larni shakllantirib, manzilli ish olib bordi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratilmoqda. Zarur miqdorda reaktiv va sarflov materiallari bilan ta'minlandi.

    Barcha ma'lumotlarni umumlashtirib, elektron bazaga kiritib, hududlarning “salomatlik profili”ni yaratdik.

    Tibbiy xatlov natijasida yurak qon­tomir kasalliklari, ayniqsa, arterial gipertoniya, endokrin kasalliklar ko'proq uchradi. Aniqlangan kasalliklarni bartaraf etish uchun xatlov natijalariga ko'ra aholini 4 ta salomatlik guruhlariga ajratib oldik. Shunga ko'ra, tayanch guruhiga tumandagi – 42 foiz aholi, past xavf mavjud guruhga – 32 foiz, o'rta xavfga – 24 foiz, yuqori xavf guruhiga – 1,5 foiz aholi mansubligi ma'lum bo'ldi. Endi maqsadli patronaj yo'lga qo'yilib, profilaktik ommaviy ko'riklar o'rniga hududning o'ziga xos xususiyatlari va aholining guruhlarga mansubligidan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo'yicha muntazam tibbiy skrining tekshiruvlar o'tkaziladi.

    Avvalo, bu tizimning afzalligi shundaki, tibbiy xatlov, antropometrik o'lchovlarni shaxsning nafaqat hozirgi, balki kelgusi 5 yillikda qaysi kasallik xavfi kutib turganini, uning oldini olish uchun nima qilish kerakligini belgilab olish imkonini beradi. Kasallikka moyil bo'lgan shaxslar individual patronajga olindi. Masalan, ortiqcha vazn yiqqan yoki sog'lom ovqatlanishga rioya qilmagan bemorlar bilan individual ishlab, ularda muqarrar infarkt, insul`t, qon bosimining oshishi kabi kasalliklarning oldini olishga erishish mumkin.

    Shu sababli qaysi xonadonga kirmaylik, barcha oila a'zolarining bo'y uzunligi, tana vazni, bel aylanasi, tana vazni indeksi, bolalarda bosh va ko'krak aylanasi, arterial qon bosimi, pul`si, saturasiyasini o'lchashga e'tibor qaratdik. Xatlovda 5 yoshgacha bo'lgan bolalar, homilador, tug'ish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shaxslar doimiy nazoratga olindi. Barcha ma'lumotlarni elektron bazaga kiritdik.

    Sog'liqni saqlash tizimining birlamchi bo'g'inini takomillashtirish hamda aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirishda oilaviy poliklinikalarning o'rni beqiyos. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Birlamchi tibbiy-­sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog'liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora­-tadbirlari to'g'risida”gi farmon bu borada asosiy dasturulamal bo'lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjatga ko'ra qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va o'rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalari to'liq qayta ko'rib chiqilmoqda. Joriy yil 1 yanvaridan boshlab umumiy amaliyot shifokori oilaviy shifokor sifatida ish boshladi. Qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punktiga, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinikaga aylantirildi.

    O'z navbatida biz ham bevosita mahallalar, oilalar bilan ishlaymiz. Bepul tibbiy yordam uchun yo'llanma, bepul tarqatiladigan dorilarga retseptni ham oilaviy shifokor beradi. O'z navbatida mahalladagi aholining salomatlik ko'rsatkichlari, shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilishi, kasalliklarning erta aniqlanishiga qarab, oilaviy shifokorlar mehnatini rag'batlantirish tizimi ham yo'lga qo'yildi. Bu shifokordan o'z hududiga juda mas'uliyat bilan yondashishga, kasallikning oldini olishdan tortib, tibbiy madaniyatni targ'ib qilishgacha faoliyatni talab etadi.

    Tibbiyotning birlamchi bo'g'inlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilindi. Bu dasturga muvofiq olis hududlardagi birlamchi bo'g'inga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million so'm miqdorida bir martalik pul mablag'i berilishi nazarda tutiladi. Shifokorlarning xizmat uyi bilan ta'minlanishi yoki ijarada tursa, to'lovi kompensasiya qilinishi eng chekka hududlarda ham malakali tibbiy xizmat tizimi joriy etilishiga sabab bo'ladi.

    Albatta, oila shifokori degani, shunchaki nomi o'zgardi degani emas. Bu avvalo, ma'lum hududga biriktirilgan shifokorning vazifa va majburiyatlaridagi o'zgarishni anglatadi. Ochiqroq aytadigan bo'lsak, endi oila shifokori har bir xonadonga kirib borib, go'yo o'sha oilaning bir a'zosiga aylanadi. YA'ni oilaviy muhit bilan muntazam tanishib borgani uchun oila a'zolarining sog'lig'ida qanday muammosi borligini kuzatib, tegishli davolash choralarini ko'radi. Kasallikning rivojlanish yoki bartaraf etish jarayoni haqida to'liq ma'lumotlarga ega bo'lgani uchun davolash chora­-tadbirlari yaxshi samara beradi. Har bir xonadonning elektron tibbiy kartasida oila a'zolarining holati qayd etiladi. Skrining tekshiruvidan o'tishidan tortib, shifoxonaga yotqizilishigacha o'zi nazorat qiladi. Ayniqsa, onalar va bolalarni homilador va tug'ruqdan keyingi davrini to'liq o'z kuzatuviga oladi. Mahalla kesimida ishlaydi, o'ziga biriktirilgan hududda aholi o'rtasida eng ko'p uchrayotgan kasalliklarni aniqlaydi, xavf omillarini o'rganadi. Mahallaning salomatlik profilini shakllantiradi. Yolg'iz keksalar, nogironlar, surunkali kasalliklari bor dekretiv guruhlarni, ijtimoiy kasalliklar (sil, tanosil, OIV/OITS va giyohvandlik) hamda yuqumli bo'lmagan kasalliklar (gipertoniya, qandli diabet, xavfli o'smalar)ni erta aniqlash, ularni asoratsiz davolash yuzasidan profilaktik nazorat olib boradi. Shuningdek, tibbiy madaniyat targ'ibotiga ham e'tibor qaratadi: aholini to'g'ri ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilishga o'rgatadi. Bu kabi yondashuv kasalliklarni tizimli davolashda bemorga ham, shifokorga ham birdek engillik tug'diradi. Aytaylik, oila shifokori o'z bemorining qaysi doriga nisbatan allergiyasi borligini, avval qanday tartibda davolanganiyu endilikda qanday tashxis qo' yish kerakligini yaxshi biladi. Tezkor, aniq va samarali davolashda bu tartib nihoyatda foydali ekan.

    Davlatimiz rahbarining bizning tizimda raqamlashtirish jarayonlariga o'tish zarurligi haqidagi fikrlarini juda katta xayrixohlik bilan qabul qildik. Kasbimizning mas'uliyati shundaki, inson salomatligi uchun har bir tibbiyot xodimi javobgar. Bu esa muntazam bilim va malakamizni oshirib borishni, yangi texnologiyalar va davolash usullarini har tomonlama puxta egallashni talab etadi.

    Poliklinikamizda “Elektron poliklinikaga”ga o'tish ishlari 2020 yilda viloyatimizda birinchilardan bo'lib boshlandi. Qishlog'imizga 5 kilometrga optik tolalar tortilib, poliklinikamiz lokal tarmoqqa ulandi. Hozirda xatlov natijalarini elektron bazaga joylashtirish jarayonlari ketyapti. Elektron poliklinika ortiqcha qog'ozbozlikka chek qo'yib, barcha ishlarimizni tizimga soladi. Tezkor va aniqlikda ishlash imkoniyatimiz kengayadi. Chunki barcha tibbiy hujjatlar elektron shaklda bo'ladi, aholi bilan ishlashda sifatli va tezkor xizmat ko'rsata olamiz. Onlayn ro'yxat asosida fuqarolarni qabul qilamiz, ortiqcha kutishlarga vaqt sarflanmaydi. Tibbiy kartalarning tarmoqli tizimi, masofaviy diagnostika, tibbiy internet va inson salomatligini masofadan monitoring qilish, virtual tibbiy ko'rikdan o'tkazish, virtual shifoxona xizmati, elektron reseptlar, telemetriya va simsiz aloqadan foydalanish tibbiy yordamni uyda olish imkonini beradi.

    Dilfuza JO'RAEVA,

    Qarshi tumanidagi 52-oilaviy poliklinika bosh shifokor