Mazkur talab «Kredit va toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish boʻyicha minimal talablar toʻgʻrisidagi nizom«da belgilandi.
Foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIRi mos kelishi tekshiriladi hamda moslik aniqlanmaganda mobil ilovada roʻyxatdan oʻtkazish va bank kartasini biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kredit va toʻlov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan oʻtkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart, yaʼni rasm orqali identifikatsiya qilish mumkin boʻlmaydi.
Telefonga yuborilgan 1-martalik SMS xabar 3 marotaba notoʻgʻri kiritilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi.
Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki uning parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bogʻlangan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.
Shuningdek, ushbu qurilmada bank kartalari boʻyicha moliyaviy operatsiyalar tarixi oʻchirib yuboriladi.
Bunda, bank kartalarini biriktirish biometrik identifikatsiyadan oʻtkazilgan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, onlayn kredit olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti avvalo foydalanuvchi maʼlumotlarini Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrida tekshiradi.
Agar foydalanuvchi maʼlumotlari reyestrda topilmasa, onlayn kredit berish jarayoni davom ettiriladi.
Agar bir JSHSHIR boʻyicha bir vaqtning oʻzida bir nechta kredit tashkilotlari soʻrov yuborsa, kredit byurosi faqat birinchi boʻlib yuborilgan soʻrovga javob beradi.
Birinchi soʻrov yuborgan kredit tashkiloti ushbu JSHSHIR boʻyicha onlayn kredit rasmiylashtirilganligini maʼlum qilsa, kredit byurolari mazkur JSHSHIR boʻyicha boshqa kredit tashkilotlariga 24 soat davomida soʻrov qabul qilinmasligi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.
Kredit tashkilotlari mijozlar onlayn firibgarlik holatlari boʻyicha zudlik bilan murojaat qilishi uchun bank kartasining orqa tomonida 24 soat ishlaydigan (24/7) aloqa raqamini joylashtiradi;
Bank kartasi rasmiylashtirilganda yoki boshqa moliyaviy xizmatlar koʻrsatilganda tuziladigan shartnomalar va ommaviy ofertalarda quyidagilar aniq belgilanishi shart:
- foydalanuvchiga firibgarlik belgilari aniqlanganligi toʻgʻrisida maʼlumot berilishi;
- foydalanuvchi qurilmasi yoʻqolganini yoki unga begona shaxslar tomonidan nazorat oʻrnatilganini bilgan zahoti, kechiktirmasdan, ammo 1 kundan kech boʻlmagan muddatda bank yoki toʻlov tashkilotini xabardor qilishi;
- foydalanuvchi oʻz roziligisiz amalga oshirilgan operatsiyani aniqlaganidan soʻng 1 kun ichida bu haqda kredit yoki toʻlov tashkilotiga maʼlum qilishi.
Foydalanuvchi SMS-xabarnoma xizmatiga ulangan telefon raqamini oʻzgartirgan taqdirda kredit va toʻlov tashkiloti uning avvalgi telefon raqamiga xizmatning oʻchirilganligi va yangi telefon raqamiga xizmatning ulanganligi haqida SMS-xabarnoma orqali xabar beradi.