Endilikda Eron kompaniyasi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi tarkibidagi xorijiy korxona sifatida faoliyat ko‘rsatadi

    Investitsiyalar 29 Noyabr 2022 1239

    «O‘zcharmsanoat» uyushmasi hamda Eron Islom Respublikasining «Hamidi Plast» kompaniyasi vakillari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuv avvalida Eron kompaniyasiga Uyushma rahbariyati tomonidan mamlakatimizda charm-poyabzal tarmog‘ining ishlab chiqarish salohiyati, investitsiya, eksport ko‘rsatkichlari, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoit va berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida atroflicha ma'lumot taqdim etildi.

    Qayd etish kerak, «Hamidi Plast» kompaniyasi Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi kichik sanoat zonasiga 400 000 dollar investitsiya kiritish evaziga mavsumiy poyabzallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi loyihani amalga oshirgan. Kompaniya bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan mavsumiy poyabzallar modellarini tayyorlashni maqsad qilgan. 2023-yildan boshlab korxona to‘liq quvvatda o‘z faoliyatini boshlaydi.

    Uchrashuv davomida Eron kompaniyasi kelgusida O‘zbekistonda «EVA» granulasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi investitsion loyihani amalga oshirishni maqsad qilganini ma’lum qildi. Muloqotda yangi korxonani tashkil etish va xom ashyo bazasi bilan ta’minlash masalasi muhokama etildi. Shuningdek, «Hamidi Plast» kompaniyasining Uyushmaga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha talabnomasi ko‘rib chiqildi. Endilikda Eron kompaniyasi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi tarkibidagi xorijiy korxona sifatida mamlakatimizda o‘z faoliyatini davom ettiradi, deb xabar beradi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.

    Uchrashuv so‘ngida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha oldinda turgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.