Unda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri N.Pashinyan, Belarus Respublikasi Bosh vaziri R.Golovchenko, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri A.Smailov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi M.Mishustin, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi oʻrinbosari A.Kasimaliyev ishtirok etdi. Kuba Bosh vaziri M.Krus video murojaat bilan qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat sifatida oʻzaro manfaatli hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda.
Hozirgi murakkab sharoitda savdo va hamkorlikda ijobiy dinamika saqlab qolinmoqda.
Ahamiyatlisi, ittifoqda kuzatuvchi maqomini olgan paytdan boshlab Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi YEOII mamlakatlari bilan qariyb ikki baravar ortdi (2020-yilda - 9,8 milliard dollar, 2023-yilda - 15,9 milliard dollar).
Oʻtgan yilning sentyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi qoʻshma ishchi guruhining uchinchi yigʻilishida amalga oshirilgan ishlar natijalari atroflicha muhokama qilinib, hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari belgilab olindi.
Xususan, 2021 - 2023-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasi toʻliq amalga oshirildi, buning natijasida iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirish uchun yangi oʻsish nuqtalari hamda imkoniyatlar yaratildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston YEOIIning transchegaraviy tartib-qoidalar va yuklarni multimodal tashishni soddalashtirish, iqlim kun tartibi va elektron tijorat sohasidagi sanoat loyihalariga qoʻshildi.
Qolaversa, bir qator qoʻshma loyihalar yoʻlga qoʻyildi. Ustuvor tarmoqlarda zamonaviy savdo-logistika markazlari, maxsus iqtisodiy hamda sanoat zonalari tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, hali yechimini topish kerak boʻlgan bir qator masalalar borligi qayd etildi.
Oʻzaro munosabatlarimizni cheklaydigan bu omillarni kelgusida bartaraf etish lozimligi qayd etildi.
Davom etayotgan global muammolar, ortib borayotgan oziq-ovqat va energiya xavfsizligi xatarlari hamda iqlim oʻzgarishi masalalari mamlakatlarimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarini yaqinroq muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Bu muammolarni yengib oʻtishda iqtisodiy hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyish, milliy iqtisodiyotlarning raqobatdosh ustunliklari va bir-birini toʻldiruvchi omillaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqib, umumiy saʼy-harakatlarni tovar ayirboshlash hajmini oshirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni liberallashtirish, Oʻzbekiston va YEOII davlatlari oʻrtasidagi barcha tarif va notarif cheklovlarini olib tashlash hamda toʻliq erkin savdo rejimiga oʻtish, texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini birlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga qaratish zarurligi bildirildi.
Mazkur saʼy-harakatlar kelgusida Tashkilot doirasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.