Qoʻqondan, Rishtongacha, Oltiariq, Yozyovon, Qoʻshtepa yoʻllari boʻylaridagi bogʻlar ayniqsa, bahor faslida gulga toʻla boʻstonga aylanadi. Daraxtlarning Qizil, oq, pushti gullarining ajib ifori kishini oʻziga mast etadi.
Daraxt ekib, bogʻ yaratish kabi goʻzal fazilatlari xalqimiz qon-qoniga singib ketgan. Tomorqa yeri boʻladimi, moʻjazgina bogʻimi, koʻcha yoki yoʻl boʻyigami koʻchat ekishga, daraxt turlarini koʻpaytirishga, ularni asrab avaylashga harakat qiladi. Mevasidan bahramand boʻlasan, soyasida hordiq chiqarasan, odamlar duo qilishadi degan oʻy fikr, ezgu niyatlar ila koʻchat ekadi. Natijada yillar davomida goʻzal bogʻu-rogʻlar paydo boʻladi. Xattoki toshliq, tashlandiq, qatqaloq yerlarga ham ishlov berib, u yerlarni obod qilish xalqimizga xos xislat.
Quva tumani aholisi oʻzining koʻchat yetishtirish borasidagi yuksak salohiyati bilan elga tanilgan. Tumanga yoʻlingiz tushganida, yoʻl boʻyicha turfa archalar, daraxt koʻchatlari, gullarni sotib oʻtirgan quvalik hamyurtlarimizga boqib ham bilish mumkin. Bu daraxtlar, gullar shu tuproqdan Quva zaminida, mehnatkash insonlar qoʻlida paydo boʻlgan. Ularni olib borib yerga eksangiz bas, oʻsib, rivojlanib manzarali daraxtlarga aylanadi.
Darhaqiqat, bugun Quvaliklar koʻchatchilik ortidan moʻl hosil olib, yuqori daromadga ega boʻlmoqda. Shu mehnat, mashaqqat tufayli ularning oilasiga, xonadoniga fayzu-baraka toʻkinlik kirmoqda.
Mehnatlar samarasidan oilasi ham, mahallasi ham yurtimiz ham obod boʻlib bormoqda. Quvaliklarning xonadonlari bugun sarishta, tomorqalarida doimo turli ekinlar, turfa daraxtlar yashnab koʻzingini quvnatadi. Shu mehnat ortidan ular imorat solib,toʻy qilib, yoʻqsillarga yordam qoʻlini choʻzishyapti.
Agar xonadongizdagi tomorqangizga koʻchat olmoqchi boʻlsangiz, Quvaga keling, adashmaysiz. Bu yerda koʻchatlarning sara navlari haqiqiy mirishkorlar tomonidan yetishtiriladi. Quv anori, gilosi, olma, behi va oʻrik koʻchatlari, hattoki, sitrusli mevalarni yetishtirishni ham uddalashyapti. Banan, apelsin, mandarin mevalarini yetishtirib kelishyapti.
Ayniqsa, quvaliklar sabzavot koʻchatlarini yetishtirishni ustasiga aylanib ketishgan. Tumanning “Gumxona” mahallasi aholisi ham bugun koʻchatchilik ortidan farovon turmush kechirib kelmoqda. Mahalla xonadonlaridagi har bir oila oʻz tomorqasida sabzavot koʻchatlarini yetishtiradi. Har bir oilada issiqxonalar yaratilgan boʻlib, unda pomidor, bodring koʻchatlari yetishtirilib ichki bozorga, mamlakatimizning turli hududlarga yetkazib beriladi.
Quvaliklar yiliga 3 bora hosil olib, yuqori daromadga erishib kelishmoqda. Koʻchatchilikning oʻzidan million-million daromad olayotgan mahalla aholisining hayoti farovon. Mahalla raisi Adhamjon aka Mamasaidovning aytishicha, karantin vaqtida mahalla aholisining jami daromadi 4 milliard soʻmga yetibdi.
Bugun issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor,bodiring koʻchatlari nafaqat ichki bozorga, balki chet ellarga ham eksport qilinmoqda. Oʻtgan yili “Gumxona” mahallasi “Yilning eng naʼmunali mahallasi” koʻrik tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani bejiz emas albatta.
Ilhomjon Nurmatov ham shu mahallada istiqomat qiladi. Ushbu hamyurtimiz mahallaning eng faol koʻchatchilaridan sanaladi. Ilhom aka tomorqasidagi 5 sotixdan iborat yerda issiqxona tashkil etib, unda pomidor va bodiringni sara navlarini yetishtirib kelmoqda.
Shuningdek, koʻchat yetishtirish maqsadida yana qoʻshimcha 4 sotix yerda issiqxona tashkil etib, u yerda ham sabzovot koʻchatlarini yetishtirib kelmoqda. Mahalla fuqarolarining yerni sevishi, tabiat va atrof-muhitga boʻlgan eʼtibori, oʻsimliklar va tuproq tilini tushungani uchun bugun mana shunday natijalarga erishib kelyapti. Unib oʻsgan va ekishga tayyor holatga keltirilgan koʻchatlar bozorlarga yetkazib berilmoqda.
Archadan 100 million soʻm daromad olayotganlar
Ayni vaqtda, Fargʻona viloyatida yerdan samarali xosil olish, yoshlarningbandligini taʼminlash maqsadida, dehqonchilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan yoshlarga alohida yerlar ajratib berilib, u yerda dehqonchilik bilan shugʻullanib qisqa vaqt ichida yuqori daromad olishmoqda.
Quva tumanidagi Damariq mahalla fuqarolar yigʻinidagi 10 gektar yer ham yoshlarga ajratilgan boʻlib, bu yerda yoshlar koʻchatchilik koperatsiyasini amalga oshirib, mehnat qilib kelishyapti. Ushbu koʻchatchilik koperatsiyasiga bugungi kunda yosh va shijoatli ayol Gulbaxor Sheraliyeva rahbarik qilib, yoshlarni yoniga olib 10 gektar yerda archa koʻchatlarini yetishtirib kelyapti.
Gulbaxor Sheraliyevaning aytishicha: “Avvallari qishloqda mavsumiy ishchi boʻlib ishlardim. Keyinchalik yerga qiziqishim sabab tuman hokimligiga yer berishlarini, dehqonchilik bilan shugʻullanishimni aytdim. Murojaatim koʻrib chiqilib yer ajratib berildi. Uni kengaytirib bugun kooperatsiya koʻrinishida faoliyat olib boryapmiz. Yerga asosan archa, kashtan, turli manzarali daraxt va gul koʻchatlarini ekyapmiz. Ular oʻsib rivojlanganidan keyin sotish muammo boʻlmaydi.
Ichki bozorga, shuningdek respublikamizning turli viloyatlariga, buyurtmachilarga yetkazib beryapmiz. Hattoki chet ellarga Qozogʻistonga, Turkmanistonga yetkazib beryapmiz. Har bir mavsumga mos boʻlgani uchun archadan yaxshi daromad olyapmiz. Har yili 70 sotix yerdan yuz million daromad olish mumkin.
Yuz ming soʻmlik archa koʻchati urugʻidan 10-15 million soʻmlik daromad olish mumkin. Choʻchimay yerga archa urugʻlarini, archa koʻchatlarini ekish mumkin. Bir parcha yeringizga ham archa urugʻini sepib, uni oʻstirib daromadini olgan sari gʻayratingiz joʻshaveradi”.
Xonadonida eko bogʻ yaratgan ayol
Quva tumanining Yangi chek mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Barno opa Ikromova xonadoniga kirsangiz qaytib chiqib ketgingiz kelmaydi. Oila bekasi Barno opa tomorqasida bir-biridan goʻzal, maftunkor, kimmatbaxo gul va manzarali koʻchatlarni yetishtirib keladi. Xonadonning oʻzi bir boʻston! Opa uy sharoitida goʻzal bir ekobogʻni yaratib qoʻyganidan hayratingiz oshadi.
Sababi, bu uyda gullarning barcha turlarini koʻrib bahri dilingiz ochiladi. Kamalakning deyarli barcha ranglari mavjud gullardan zavqingiz oshadi. Atirgulning turli navlari, lola, shamshod, palma gullari bamisoli daraxt koʻrinishiga kelgan.
Chet eldan olib kelingan burdanej, manguliya, smark, yasin, yupa, oq qayin, archaning turli navlari, qirim sosnasi, pavloniya, lavroviy listu, rayxonu yalpizlar, gullardan tashkil topgan gʻaroyib dekratsiyalar ekobogʻga yana-da tarovat bagʻishlab turibdi. Gullar orasidagi soʻrida bir piyola choy ichib shirin hayol surishning gashti boshqacha.
Ana shunday muattar gullarga koʻmilgan obod xonadonda bugun 5000ga yaqin gullar, manzarali koʻchatlar parvarish qilib kelinyapti. Shuningdek, Barno opa alohida 3 gektar yer olib manzarali darxt va gul koʻchatlari yetishtirib kelyapti.
Barno opa tabiatga, ekologiyaga boʻlgan mehr-muhabbati sabab bugun mana shunday goʻzal bogʻu borgʻlarni barpo etdi. Ekologik partiya aʼzosi sifatida tabiatni sevishni, ardoqlashni, gul va nihollarni yetishtirish sirlarini uyiga kelgan mehmonlarga ham ulashadi.
- Inson qoʻli moʻjizalar yaratishga qodir. Faqat ozgina havsala, eʼtibor, mehnat, harakat boʻlsa bas, har qanday yerda ham chamanzorlar yaratsa boʻladi, - deydi Barno opa.
Barno opa Ikromovaning ana shunday mehnatlari oʻtgan yili munosib baholanib “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bugun koʻksini bezab turgan ushbu mukofot qahramonimizga masʼuliyat, kuch va shijoat bagʻishlab, ushbu ezgu ishini yana-da faollik bilan amalga oshirishga chorlab kelmoqda.
Ha, dunyoda inson borki, umr manzillarida yashab iqtidor, mahorat, qunt va iroda bilan koʻzlagan ezgu maqsadlariga erishadi. Mehnati ortidan saodat topayotgan hamyurtlarimiz, shubhasiz, barchamizga ibrat!
F.Oʻktamova
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi
Fargʻona viloyat kengashi masʼul xodimi