Birinchidan, soʻz Usmon Azimniki edi. Soʻzi qadrli insonning har qadami zalvarli boʻladi. Ikkinchidan, unda na unvon, na boylik tamasi bor. Uchinchidan, soʻz haqiqat edi. Usmon Azim haqiqatni yozdi. U voqelik mohiyatini asos va dalillar bilan yurakka tegadigan, aqlni yoritadigan qilib bitdi.
Usmon Azimning, yetmish olti yoshga
kirgan va umri davomida biror marta oʻzi haq bilgan soʻzdan boshqasini
aytmagan, biror marta tama va laganbardorlik soyasiga yaqin kelmagan zabardast
shoirning bu bitiklaridan soʻng inson oʻzi koʻrgan yaxshiliklarini aytishi kerak
ekan, hatto bu oʻsha odamning oʻzi uchun zarur, vijdoni oldidagi masʼuliyati
ekan deb oʻylab qoldim.
Har kim hayotni oʻz taqdiri koʻzgusida
koʻradi. Odam qanday yashagan va yashayotgan, qanday azob-uqubat va quvonchu farahni
oʻtkazgan boʻlsa, shularga suyanib, hayot shunday ekan deb xulosa qiladi. Lekin
tajribali va orif insonlar hayot bir xil kechmasligini idrok etib, yaxshi va yomon,
ogʻir va yengil, oq va qora kunlar almashib turishini biladi. Hayot hikmatini tushungan
odam musibatdan dod-faryod chekib yoki yutuqlardan sevinib ketmaydi, balki toʻgʻri
yashash, haqiqat va adolat, shafqat va rahmat tarafida turishga intiladi. Musibat
va baxtiyorlik asiri boʻlmay, oʻzligini, koʻngil pokligini saqlab qolish, insoniylikni
boy bermaslik, toʻgʻri yashash rosmana gʻalabadir.
2011-2015-yillarda Mirzo Ulugʻbek
nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetida
tahsil oldim. Talabalikning ilk yili 21 yoshni toʻldirgan edim. Bu — hali
dunyoqarash butkul shakllanmagan, lekin ruh va qalb oʻzi uchun tafakkur va
maʼno olamidan maqom va makon istaydigan davr. Koʻzimga olam qorongʻi
koʻrinadi. Chunki hammaning yuzida mung bor edi. Odamlar ochilib gaplashmas,
ularni ogʻir yuk ezib, yelkasini bukib tashlagandek edi.
Men — yosh, qalam va soʻzga oshufta,
har xil kitoblarni qalashtirib oʻqiydigan yigit vaziyatni toʻliq tushunish,
baholash va oʻzimni qanday tutsam, toʻgʻri boʻlishini aniqlashga urinaman.
Nazarimda, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora; odamlar kuni oʻtishi uchungina ishga
kelib ketayotgandek. Joʻshqinlik va umid yoʻqdek tuyulgan bu davrda ruhiyatimda
ogʻir mahzunlik va yuk bor edi goʻyo. Men izlagan manzil Vatanda emas edi; men
izlagan baxt Vatanda topilmaydi; men istagan hurriyat va erkinlik yurtdan
quvilgan; hur va xotirjam yashashim uchun Vatanim boshqa bir shaklda boʻlishi
kerak edi, nazarimda. Shu sababli xayolotning turli eshiklariga, tasavvurning
turli derazalariga boshimni urib koʻraman.
Shunda toʻgʻri yoʻlni, najot yoʻlini
chetdan — tashqaridan izlay boshladim. Shunday qilsam, xalqim va Vatanimga eng
katta xizmat qilgan boʻlaman deb oʻylardim. Aqlimga ham, qalbimga ham bu ish
xato boʻlib tuyulmasdi. Chunki aql adashsa, qalb buzilsa, oʻzidan boshqani haq
deya qabul qilmaydi, oʻzini tahlil ham etmaydi. Bu xato qaror va xato ishning
oxiri qoʻlga kishan urilib, panjara ortiga tushish bilan yakunlandi. U
tomonlarning manzarasi nechogʻliq ayanchli boʻlgani bugun hammaga ravshan. Bu
haqda oʻzim ham ancha yozganman. Lekin qoʻshimcha qilish mumkinki, inson hayoti
tushga oʻxshab qoladi, ilojsizlik va imkonsizlikni butun vujuding bilan tuyasan
va har bir kun kurashlar ichida kechadi. Jinoyatchilar toʻdasi ichida ularning
jaholatiga toqat qilib yashash bilan birga zulmlarga chidab berish u qadar
yengil emas. Ana shu lahzalarda inson oʻz qadri haqida, balki umuman odamzod
jonining qadri haqida oʻylab qolarkan. Shunda inson qadrining pashsha qadar ham
baholanmasligini koʻrgach, “dunyoda adolat va marhamat, samimiyat va
rostgoʻylik bor” degan gap yolgʻonga aylanadi. Kishi turli hiyla va aldovlar
bilan boʻlsa-da, jonini saqlab qolish uchun kurashga kiradi. Bu onda insoniylik
va axloq, sharaf va hamiyatni himoya qilish jonni xatarga qoʻyish bilan
tenglashadi.
Aniq eslayman: 2016-yil iyul-avgust
oylarida qop-qorongʻi hibsxonada yarim tungacha kaltaklanayotgan mahbuslar ohu
faryodini tinglar, shuningdek, Jasliqdan, Navoiydan, Qashqadaryodan tergov
uchun qaytadan hibsxonaga chaqirilgan mahkumlar bilan suhbatlashar ekanman,
oʻzimga oʻzim aytar edim:
“Bu — zulmning choʻqqisi. Bu — haqsizlikning haddi. Zulm va haqsizlik bundan
ortib qayerga borishi mumkin yana? Demak, zulmning zavoli yaqin!”.
Lekin bu qanday sodir boʻlishini hech
kim bilmas edi. Hatto tushda ham zulmdan qutulish haqida orzu qilish, zulm
chekinganini tushda ham koʻrish mumkin emas edi.
“Moziygʻa qaytib ish koʻrmak xayrli
deydilar”. Bu jumlani Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar”ning kirish qismiga bitib
qoʻygan.
Moziydan eslasam, koʻp jiddiy va
ogʻriqli xotiralar qolgan. Ularning hammasini ham aytib boʻlmaydi. Lekin gap u
xotiralarda emas, gap boshqa joyda. Yaʼni gap zulmning choʻqqiga chiqqan
vaqtda zavol topgani va xalqimizning koʻkragiga shamol, yelkasiga oftob tekkani
haqida.
2017-yil 13-yanvar kuni sud majlisi
boʻldi. Sudya menga achina-achina 6 yil qamoqqa hukm qildi. Shundan keyin mart
oyining boshida Navoiy shahridagi qamoqxonaga olib ketildim.
Tasavvur qiling: 2016-yil 22-iyul
kuni uydan chiqib, bedarak ketganman. Izsiz. Hech kim mening qayerda ekanimni
bilmagan. Bu chin maʼnoda oʻgʻirlash edi. Odam oʻgʻirlash. Oʻgʻrilar kim
boʻlganini bugun hamma biladi. Ota-onamning ahvolini tasavvur qilavering.
2017-yil 4-aprel. Chorshanba edi,
adashmasam. Ilk marta meni koʻrgani uydagilarim qamoqxonaga keldi. Roppa-rosa 7
oy 12 kun — hayotimda eng uzoq muddat onam meni, men onamni koʻrmagan vaqt.
Keyinchalik onam aytdi: “Tunu kun
seni oʻylayverib, tomogʻimdan bir tomchi suv, bir tishlam non oʻtmay qoldi.
Shunchalik koʻp oʻyladimki, Akrom degan bolani tuqqanmidim, shunday bolam
bormidi deb qoldim... Kechalari yuragim ortimga tortib uygʻonar edim. Nafas yetmasdi.
Shu vaqtlarda qamoqda Akromni azoblashayotgan boʻlsa-ya... Akromni urayotgan
boʻlsalar-a, deya xavotirga tushar edim...”.
Men oʻz onam haqida aytyapman. Lekin
Oʻzbekistonda bunday onalar minglab edi. Bir vaqtning oʻzida, tunu kun minglab
onalar yurak ogʻrigʻidan uygʻonib ketardi. Ularning Yaratganga iltijo qilishdan
oʻzga yoʻli yoʻq edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev
lavozimga kirishishi bilanoq zulm zanjirlarini birma-bir sindirishga kirishdi.
Bu hodisaning hosilasi 2017-yil yozining boshidan boshlab qamoqxonalarda
koʻrindi.
Davlatimiz rahbari 2020-yil 27-avgust
kuni bir guruh mahkumlarni afv qilish haqidagi farmonni imzoladi. Afv
etilganlar orasida mening ham ismim bor edi. Ammo ozodlikka chiqding, endi
bayram degani emas ekan. Ich-ichingga oʻrnashgan zulm zahmati, ogʻriqlar seni
har narsadan shubhalanishga, odamlarga ishonmaslikka yetaklaydi. Aytilayotgan
yaxshi gaplar yolgʻon va tuzoq kabi koʻrinadi. Yaʼni erkin hayotga qoʻshilib
ketish ham ogʻir jarayon. Bu xuddi qayta tugʻilishdek gap.
Ammo davlat meni tashlab qoʻymadi.
Har tomonlama qoʻllab-quvvatladi. Oʻzimni yaxshi his qilishim, oʻzimni tutib
olishim uchun koʻmaklashdi. Otam hamisha “Biz Shavkat Miromonovichdan
qarzdormiz. Uning, eng avvalo, oilamizga qilgan yaxshiliklarini unutishimiz mumkin
emas. Qolaversa, xalqimizga, yurtimizga qilayotgan xizmatini taʼriflab,
tavsiflab tugatish imkonsiz. Biz Prezidentimizning haqqiga kechayu kunduz duo
qilishimiz kerak”, deb aytadi.
Prezidentimizning faqat shaxsimga
qilgan yaxshiligi, bagʻrikengligiga suyanib soʻz aytsam, kimlar uchun
biryoqlama tuyular, lekin uning yuritayotgan siyosatiga nazar solib, bunday
xulosa qilaman: davlatimiz rahbari uzoqni koʻradigan, vaziyatni toʻgʻri
baholaydigan, insofli va diyonatli inson. Xalqi va Vatani uchun jonini beradigan,
xalqning muhabbatini, ishonchini qozonib, duosini olayotgan shaxs.
Davlatimiz rahbari mamlakatda kichik
haqsizlik koʻrsa ham jim turgani yoʻq. Zarracha zulmga rozi boʻlmaydi.
Odamlarning birorta murojaati havoda muallaq qolmayotir. Har bir holat oʻrganilmoqda,
hujjatlar, dalillarga muvofiq tahlil etilmoqda; Prezidentimiz eng yaxshi usul
va yoʻllar bilan mamlakatni qudratli, elni rozi qilish, xalqning salohiyatini
yuzaga chiqarib, butun dunyoda oʻz oʻrnimizni topishimiz uchun kurashmoqda.
2016-yildan keyin shu kungacha — 10
yil davomida yana bir avlod katta hayotga kirib kelmoqda. Oʻn yoshli goʻdaklar
yigirma yosh boʻldi. Bugun ularda biz qoʻrquv va dahshatni koʻrmayapmiz. Ularda
erkin ruhni koʻryapmiz. Shatranj ustalari Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov,
Angliyada toʻp tepayotgan Abduqodir Husanov va jahon bellashuviga yoʻl olgan
futbolchilarimiz ham ana shu erkinlikning hosilasi deb oʻylayman.
Dunyo sahnasi tinch emas. Shunday
murakkab pallada Prezidentimizning oqilona, jasoratli va donishmandona
qarashlari, yondashuvlari bilan Oʻzbekiston mavqeini saqlab, hatto yanada
yuqori darajaga koʻtarilmoqda.
Yurtimizga erkin ruh qaytdi. Xalqimiz
bir kuni shunday kunlar kelishini hatto tush koʻra olmay qolgan edi. Ammo bugun
hammasi haqiqatga evrilmoqda.
Neʼmatning ziyoda boʻlmogʻi shukr
qilish bilan. Bu neʼmat va yaxshiliklarni saqlab qolish uchun har bir inson
chin dildan shukr qilishi kerak ekan. Yaʼni yaxshiliklar sababchisi haqiga duo
qilish; oʻz vazifasini chin dildan bajarish; ilmu maʼrifatini oshirish uchun
intilish, adolat va insofli boʻlib odamlarga yaxshilik qilish; keraksiz gaplar,
gʻiybat va boʻhtonlarga eʼtibor bermaslik — ana shular shukrning
tajalliylaridandir. Ayniqsa, ilm ahli, ziyolilar xalqimizga bu borada soʻz
bilan, goʻzal nutq va chiqishlar bilan, aniq va hayotiy misollar bilan
haqiqatlarni anglatmogʻi, maʼrifat tarqatmogʻi maqsadga muvofiqdir. Bu
taraqqiyot va tinchlik-xotirjamlikni himoya qilish yoʻlidagi ulkan xizmat
sanaladi.
Akrom
MALIK,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori