Eron Oʻzbekistondan tabiiy va sunʼiy charm xarid qilishga qiziqish bildirdi

    Biznes 19 Oktabr 2022 2359

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Eron Islom Respublikasining “Eron poliuretan ishlab chiqaruvchilar” uyushmasi hamda “Polyurethane Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, manfaatli eksport-import amaliyotlarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuv avvalida Eron tomoniga mamlakatimizdagi charm-poyabzal korxonalari, ularning ishlab chiqarish salohiyati, xorijiy va mahalliy investorlarga yaratilgan sharoitlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.

    Muzokaralarning bosh mavzusi esa bugungi kunda respublikamizdagi poyabzal tag qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga zarur boʻlgan xom ashyo poliuretanni Erondan xarid qilish hamda mazkur davlatga Oʻzbekistonda tayyorlangan yorligʻi ostidagi tabiiy va sunʼiy charm mahsulotlarni yetkazib berish masalasi boʻldi.

    Eron tomoni avtomobilsozlik uchun zarur boʻlgan tabiiy va sunʼiy charmni Oʻzbekistondan xarid qilishga qiziqish bildirdi. Mehmonlar qayd etganidek, Oʻzbekistonda ayni sohada xalqaro standartlarga mos keluvchi charm mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, logistika jihatidan mamlakatimizdan bu turdagi mahsulotlarni xarid qilish juda qulaydir.

    “Polyurethane Group” kompaniyasi vitse-prezidenti taʼkidlaganidek, avtomobillarning rul qismi uchun tabiiy charm va avtomobil oʻrindiqlari uchun sunʼiy charmga Eronda talab yuqori. Shu sabab, bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan yaqin hamkorlik qilish tashabbusi bildirildi. Shuningdek, mahalliy korxonalarimiz uchun poliuretan xom ashyosini yetkazib berish boʻyicha “Eron poliuretan ishlab chiqaruvchilar” uyushmasi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda qoʻshma omborxonalarni tashkil etish masalasi muhokama etildi. Muloqotda bu jarayonning amaliy jihatlari tahlil etildi.

    Shuningdek, “EGIDA-SIMAKX” qoʻshma korxonasi bilan hamkorlik qilish boʻyicha tashabbuslar muhokama etildi. Muloqotda mahalliy korxonamizga poliuretan xom ashyosini yetkazib berish boʻyicha fikr almashildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.