Ertasi umidbaxsh, kelajagi buyuk yurt

    Suhbat 2 Yanvar 2023 1029

    Xorijlik pedagoglarni jalb etgan holda taʼlimga chet el tajribasini olib kirish va oʻzimizda ham qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilayotgan bir paytda xorijiy oliygohda dekanlik lavozimida ishlagan oʻzbek ayoli Munira Aminova bilan “Vatandosh” tashkiloti yordamida suhbatlashdik.

    Qahramonimiz Prezidentimizning “Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida joriy yil may oyida faoliyat boshlagan yangi oliygohda rektorlik vazifasini bajarish barobarida sohaga ilgʻor xorij tajribalarini tatbiq etishga ham hissa qoʻshmoqda.

    Ilm sabab chet elda qolib ketdim

    – Samarqanddagi oddiy oʻrta maktabni tamomlaganman. Ingliz tilini kitobdan oʻrganib, shahrimizdagi chet tillar institutiga oʻqishga kirdim. 2-bosqichda oʻqiyotgan paytim Toshkent davlat texnika universitetiga hujjat topshirib, tahsilni shu yerda davom ettirdim.

    1998-yil. Hali qoʻshma dastur yoki biror xalqaro fakultet, oliygohlar boʻlmagan paytlar. Malayziyadan professorlar kelib, Toshkent davlat texnika universiteti huzurida Malayziyaning “Renong Berxard” kompaniyasi bilan biznes boshqaruvi fakultetini tashkil qilishgan. Omadim kelib, ana shu fakultetga ham qabul qilindim. Unda darslar chet ellik professorlar tomonidan toʻliq ingliz tilida oʻtilgan. “Umid” jamgʻarmasi orqali chet ellarda oʻqib kelgan talabalarga havas qilib, 2-3 bor shu jamgʻarmaga ham imtihon topshirib koʻrganman. Jamgʻarma koʻmagida Buyuk Britaniyaning Birmingem universiteti magistraturasini tamomladim. Toshkentga qaytib, ish faoliyatimni Moliya vazirligida boshladim. Oʻsha paytda oʻzimizda ham Vestminster universiteti endi ochilgandi.

    Meni ham yangi universitetga professor sifatida ishga qabul qilishdi. Keyin

    Mulk qoʻmitasida ishladim. Qoʻmita 6 oylik dastur doirasida AQSHga yubordi. Undan soʻng 3 yillik Erasmus dasturi bilan Belgiyaning Vrije universitetiga ketdim. Dasturni yakunlab, ilmiy unvonga ega boʻlganimdan keyin shu universitetda ishga olib qolishdi.

    Vatanga qaytish istagi bir nafas tark etmagan

    Shu tariqa qahramonimiz chet elda faoliyatini boshladi.

    — Oʻzga yurtning havosi, turmush tarzi, qolaversa, madaniyatiga moslashish oson emas, siz uchun Belgiya hayotiga koʻnikish qay darajada kechdi, — deb soʻraymiz undan.

    — Oʻzbekistondan borib xorijda, ayniqsa, Yevropada yashash juda qiyin. Yaqinlarimizni sogʻinamiz, koʻrgimiz, dildan suhbatlashgimiz keladi. Shuning uchun ikki yil davomida faqat Oʻzbekistonga qaytadigan kunlarni sanab vaqt oʻtkazdik, — deydi Munira Aminova. — Har bayramda ona yurtimizga kelardik. Uchinchi yildan Belgiyaga koʻnika boshladik. Bolalar bahona maktabda ota-onalar bilan muloqot qilishga toʻgʻri keldi. Belgiyada repetitorga borish yoʻq, oʻrta maktab yuklamasi esa juda ogʻir. Baʼzi paytlarda uy vazifalariga yordam beradigan maxsus muassasalarga borishga toʻgʻri keladi. Topshiriqlarni ota-onalar muntazam nazorat qilib borishadi. Har xil tadbirlarga qatnashish, bolalarni turli guruhlarga qoʻshish, umuman, ijtimoiy hayotga moslashib ketish uchun Belgiya madaniyati, qonun-qoidalarini chuqurroq oʻrgana boshladik. Lekin Oʻzbekistonga qaytish niyati bizlarni bir muddat tark etmagan.

    Belgiyada soliqlar nisbatan ancha koʻp va yuqori — oylik maoshga qarab 30 foizdan 45-50 foizgacha. U yerda kishini ushlab turadigan jihat — yaqinroqda joylashgan davlatlarga chiqish imkoniyati borligi. Yaʼni mashinada, poyezd, avtobus yoki arzimagan pulga samolyotda 2-3 soatda koʻp davlatlarga borib kelish, dam olish va ziyorat qilish mumkin. Shanba, yakshanba kunlari bemalol muzeylarni, diqqatga sazovor joylarni tomosha qilsangiz boʻladi. Qisqacha aytganda, Belgiyada transport xizmati juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.

    ***

    — Mutaxassisligingizga koʻra, moliya sohasida ishlagansiz. Agrar sohada faoliyat yuritish qiyinlik tugʻdirmaydimi?

    — Toʻgʻri, agrar soha men uchun yangi, lekin oliy taʼlimda 20 yildan ziyod tajribaga egaman. Oʻzbekiston, Yevropa, Buyuk Britaniya hamda AQSH taʼlim tizimlarida ishlaganman. Har birining oʻziga xos ijobiy va salbiy jihatlari bor. Toshkent davlat agrar universitetida rektor maslahatchisi boʻlib ishlaganim sohaning oʻziga xos xususiyatlarini Germaniya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya modellari bilan taqqoslashimga yordam berdi.

    — Siz taklif qilingan, yangi ochilgan Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti istiqbolini qanday tasavvur qilasiz?

    — Yangi universitet oʻzbekistonlik yoshlarning agrar sohadagi eng oxirgi yutuqlar va ilmiy izlanishlar natijalari bazasida bilim egallashiga yoʻnaltirilgan. Darslarning ingliz tilida oʻtilishi talabalarning bu boradagi bilimini yanada oʻstirib, dunyodagi yangiliklardan, ilm-fan ixtirolaridan boxabar boʻlishiga yordam beradi. Ularning xalqaro biznes va tijorat ishlarini yuritishiga, hamkorlar topib, ular bilan yaqin aloqa oʻrnatishiga katta ustunlik beradi.

    Bundan tashqari, talabalar nafaqat ilm, balki koʻnikma hamda malakaga ega boʻlishadi. Jumladan, tanqidiy tahlil, taqdimot mahorati, nutq koʻnikmalariga ega boʻlishi koʻzda tutilgan.

    Eng muhimi, sohaga fidoyi, davlatimizni dunyoga tanitadigan yosh avlod vakillarini tayyorlash yangi xalqaro universitetning birlamchi maqsadi etib belgilangan.

    Endigina faoliyat boshlagan boʻlsa-da, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti yakunlanayotgan yilning 2-dekabr kuni “Oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qildi. Anjumanda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqa manfaatdor mamlakatlardagi universitetlarning ekspertlari va tadqiqotchilari, shuningdek, oziq-ovqat sanoati vakillari (klasterlar, fermerlar, ulgurji savdogarlar, eksportchilar va boshqalarni) ishtirok etdi. Konferensiyada Singapur biznes palatasi delegatsiyasi Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida oziq-ovqat mahsulotlari savdosiga oid masalalar haqida taqdimot qildi.

    Ayni paytda 19 ta davlatning agrar universitetlari rektorlari ishtirokida 2023-yilning bahorida oʻtkaziladigan “Agrar yoʻnalishida taʼlim kelajagi” nomli konferensiyaga tayyorgarlik koʻryapmiz.

    — Prezidentimiz bu yilgi Murojaatnomasida “Biz qishloq xoʻjaligida islohotlarni qatʼiy davom ettiramiz. Agar shu islohotni qilmaganimizda, bozor va doʻkonlarimiz hozirgidek toʻkis boʻlarmidi, eksport shu darajaga yetarmidi, jon boshiga daromad oʻsarmidi”, dedi.

    — Islohotlarni izchil davom ettirish, sohani yetuk, malakali kadrlar bilan taʼminlash bu borada asosiy vazifalardan, toʻgʻrimi? Shu maʼnoda, bugun Oʻzbekistonning agrar tizimiga qanday kadrlar kerak?

    — Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun juda muhim yoʻnalish. Yalpi ichki mahsulotning 24 foizdan ortigʻi qishloq xoʻjaligi asosida shakllantiriladi. Aholining taxminan 24 foizi shu sohada mehnat qiladi. Prezidentimiz aytib oʻtganidek, 1 million 200 mingdan ziyod odam qishloq xoʻjaligidan daromad topyapti. Shunday ekan, sohada kadrlar yetishmasligi tabiiy. Oliy taʼlimda ham qishloq xoʻjaligi boʻyicha soʻnggi tadqiqot natijalari, ilmiy va amaliy adabiyotlar kamligi muammosi mavjud. Yaqin kunlarga qadar sovet adabiyotlariga tayanib dars berilgan, ulardan foydalanilgan. Lekin bu adabiyotlar dunyo miqyosidagi innovatsiyalar yoki qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi yangiliklarga erishishga imkoniyat bermaydi. Shuning uchun dunyo miqyosidagi yangiliklarni bilish va ularni har kuni tatbiq qilib borish uchun, albatta, ingliz yoki boshqa tillardagi xorijiy adabiyotlarni oʻqish va tushunish qobiliyati juda muhim. Afsuski, Oʻzbekistonning agrar tizimida xorijiy tillarni oʻzlashtirgan, xorijiy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlar yetishmaydi. Yurtimizda agrar soha boʻyicha koʻplab yangiliklar qilingan, yangi oʻsimlik navlari, yangi texnologiyalar oʻylab topilgan, lekin ularning juda kam miqdori jahon hamjamiyatiga tanishtirilgan. Sababi, xorij tilini biladigan agrar soha vakillari kam. Shu maʼnoda, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining asosiy vazifalaridan biri — agrar sohada ingliz tilini biladigan va xorijiy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlar tayyorlab berish.

    ***

    — Milliylikni qay darajada qadrlaysiz?

    — Bryucselda qayerga bormang, qaysi seminar, konferensiyada boʻlmang, birinchi soʻraladigan savol qaysi millatga, qaysi davlatga mansubligingiz. Lekin bu shaharning oʻzida millatsiz odamlar ham bor. Albatta, ularga qiyin. Ota-onasi yoki bobo-buvalari har xil millatga mansub boʻlsa, bola boshqa davlatda yashasa, boshqa tilda gapirsa, u qaysi millatga haqliligini ham aniq bilmaydi-da. Biz esa oʻzbekman, deb ayta olamiz. Nomini faxr bilan tilga olgulik millatimiz bor. Milliylik, qadriyatlar xalqimizning qon-qoniga singgan. Oʻzini tutish, muomala odobi, kattani hurmat qilish kabilar shular jumlasidan. Yozilmagan qoidaga oʻxshaydigan odatlarimiz mahallalarda, oilada avloddan avlodga oʻtib boraveradi. Ertalab choy damlash, toʻy va boshqa marosimlardagi urf-odatlar hech qayerda yozilmagan, lekin ularni hamma biladi va rioya qiladi. Bunday tartiblar ichida oʻsgan inson esa hech qachon milliylikni unutmaydi. Shuning uchun uzoq yurtlarda qadriyatimizga yaqinroq boʻlish uchun Oʻzbekiston elchixonasiga borib, tadbirlar oʻtkazilishiga imkon qadar koʻmaklashardik. Umuman, milliyligimiz bilan bogʻliq har qanday qadriyatni yuksak qadrlayman.

    Oʻzbekistonning havosi xush kayfiyat bagʻishlaydi

    Har safar ona yurtimga kelganimda kundan kunga rivojlanib borayotgan va, eng muhimi, tinchlik hukm surayotgan, mehmondoʻst davlatni koʻraman. Bryusselda mehmondoʻstlik yoʻq desa ham boʻladi. Odamlarga ishonish juda qiyin masala. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan odamlarning oʻziga yarasha madaniyati bor. Ularga koʻnikib olguncha ancha vaqt kerak.

    Shuningdek, u yerda kriminal vaziyat juda yuqori. Ayrim koʻchalarda yurish taqiqlangan. Masalan, sumkani qoʻlda olib yurish kerak, telefonni choʻntakka solib yurish mumkin emas, oʻgʻirlab ketishadi.

    Oʻzbekistonda emin-erkin yuramiz. Havosi betakror, quyoshli kunlari koʻp. Bryusselda juda koʻp yomgʻir yogʻadi, havosi tund. Bunday ob-havo, doimiy yomgʻir kishida tushkunlik kayfiyati uygʻonishiga olib keladi. Oʻzbekistonning havosi esa har qanday kishini xursand qiladi. Iqlimi moʻtadil, tuprogʻi unumdor.

    Mevalarimiz juda shirin, taʼmi betakror. Faqat ular eksportbop boʻlishi uchun sertifikatsiyadan oʻtkazish, hosildorlikni oshirish, logistikani yanada yaxshi yoʻlga qoʻyishimiz kerak boʻladi. Oziq-ovqat xavfsizligi va sifatini yuqori darajada ushlash uchun esa standartlarimizni yanada takomillashtirishga toʻgʻri keladi.

    ***

    Har kelganimizda, albatta, yangi-yangi binolar, yangi yoʻllar, yangi bogʻlar, doʻkonlar, restoranlar barpo boʻladi. Bu yangiliklarni koʻrib gʻururlanib ketamiz.

    Bundan 6-7 yil avval Oʻzbekistonda katta-katta savdo doʻkonlari – marketlar deyarli yoʻq edi. Hozir bunday savdo majmualari safi kengaygan. Bolalarni olib boradigan joylar ham ancha koʻpayibdi. Chetdan qaragan odamga bu kabi oʻzgarishlar aniq koʻrinadi. Eng muhimi, odamlarimiz mehmondoʻst va samimiy.

    Bugun oʻzbek yoshlari nafaqat oʻzbek, balki ingliz tilini ham yaxshi biladi. Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan sohalarda tobora faollashib, intellektual salohiyatli ajdodlar avlodi ekanini namoyish etyapti. Yangi-yangi taʼlim muassasalarini tamomlab, malakali kadr sifatida jamiyatga qoʻshilayotgan yigit-qizlar safi kengayayotganini koʻrib, odam juda hursand boʻladi. Bu hammasi Oʻzbekistonning ertasi umidbaxsh, kelajagi porloq ekanidan dalolatdir.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri