Eʼtiqodi yaxshilik boʻlgan inson

    4-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida taniqli davlat va jamoat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat Rustam Qosimov xotirasiga bagʻishlab, “Oʻzbekiston” nashriyotida chop etilgan kitobning taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

    Unda keng jamoatchilik namoyandalari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, olimning hamkasblari va shogirdlari hamda oila aʼzolari ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar Rustam Qosi­movning el-yurtimiz oldidagi koʻp yillik samarali xizmatlari, amalga oshirgan ezgu va xayrli ishlari, goʻzal insoniy fazilatlari­ni yod etdi.

    Agar hayot boʻlganida Rustam Qosimov bu yil tabarruk 70 yoshni qarshilar edi. Ushbu qutlugʻ sana arafasida nashr qilingan mazkur toʻplamdan taniqli davlat va jamoat arbobla­ri, senator va deputatlar, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat xodimlari, shoir va adib­lar, olimning yaqin doʻstlari, hamkasblari va shogirdlarining yodnomalari oʻrin olgan. Ularda Rustam Qosimovning ibratli umr yoʻli, samarali ijtimoiy faoliyati, betakror insoniy fazilatlari, ona yurtga chin farzand­lik muhabbati, talabchan va jonkuyar ustoz- murabbiy sifatida oʻnlab shogirdlariga koʻr­satgan mehr-eʼtibori hamda gʻamxoʻrliklari yorqin hayotiy voqealar orqali ochib berilgan.

    Masalan, taniqli sharqshunos va dip­lomat Shoazim Minovarov oʻzining moʻ­jaz maqolasida bunday voqeani hikoya qiladi: “Rustam Sobirovich Bosh vazir oʻrinbosari boʻlib ishlab yurgan damlari bir kuni kabinetidagi kichik yigʻilishdan keyin: “Shoazim aka, siz qoling”, dedi. Boshqalar chiqib ketgach: “Menga aytadigan biror gapingiz yoʻqmi?” deb soʻradi kutil­maganda. “Yoʻq, hammasi joyida, tinchlik...”, dedim-u, lekin toʻgʻrisini aytganda, oʻsha kezlari rahmatli akam ogʻir dardga chalin­gan, nima qilishni, bu haqda kimga aytishni bilmay siqilib yurar edim. U koʻzimga si­novchan tikildi.

    — Yoʻq, aka, sezib turibman, ichingizda aytolmayotgan bir gapingiz borga oʻxshay­di, — dedi. — Ayting, nima gap, nimadan tashvishlanyapsiz?

    “Yo, tavba, — dedim ichimda, — bu odam bun­chalar ziyrak boʻlmasa yoki dardimni oʻzim ham bilmasdan sezdirib qoʻydimmikan? Yoʻq, bu haqda birovga churq etmagan edim-ku...”. Noi­loj, dilimni yordim. Gapimni diqqat bilan eshitdi, keyin: “Hech kuyinmang, aka, hammasi yaxshi boʻladi”, deya ancha koʻnglimni koʻtardi, yordam qilishga vaʼda berdi. Soʻzining usti­dan chiqib, oilamizga, akamga koʻp yordam koʻr­satdi...”.

    Darhaqiqat, xotira kechasida eʼtirof etil­ganidek, Rustam Qosimov hech qachon atrofi­dagi insonlarning gʻam-tashvishiga befarq boʻlmagan. Qoʻlidan kelgancha ularga amaliy gʻamxoʻrlik qilgan, qoʻllab-quvvatlagan. Bunga ushbu toʻplamdagi juda koʻp yodnomalar ham gu­vohlik beradi.

    Ustoz nafaqat yaqin shogirdlari, balki vatanga xizmat qilishga bel bogʻlagan barcha yosh kadrlarning yutuqlaridan behad quvo­nar, oʻrni kelganda ulardan qimmatli oʻgit­larini ayamas, bu mehrga javoban shogird­lari, ukalari ham uni gʻoyat hurmat qilar va qadrlar edi.

    Bugun taniqli adabiyotshunos, akademik sifatida elga tanilgan zukko olim va pedagog Shuhrat Sirojiddinov taqdiri bunga misol boʻla oladi. Shuhrat domlaning kitobdan oʻrin olgan maqolasida yozilishicha, 2003-yil sentyabr oyida u Buyuk Britaniyadan — Oks­forddagi Islom tadqiqotlari markazidan qaytib kelib, tez orada yana shu markazga ishga joʻnab ketishi kerak boʻlgan.

    “Bir ish bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga yoʻlim tush­di, — deb eslaydi Sh.Sirojiddinov. — Kiraverishda Rustam Sobirovichga duch keldim...”.

    Ikki qadrdon uzoq vaqt suhbatlashib qo­ladi.

    “Shuhratjon, maqolalaringizni oʻqib tu­raman. Yaxshigina adabiyotshunos, eng muhimi, navoiyshunos boʻlib tanilyapsiz, — deydi Rustam Sobirovich. — Birga ishlasak, nima deysiz? Jahon madaniyati va falsafa kafed­rasini sizga topshirsam, koʻtarib berardin­giz-da, ukajon”.

    Bu kutilmagan taklifdan yosh olim quvo­nishniyam, quvonmaslikniyam bilmay qoladi. Jomadonni tayyorlab, chet elga, nufuzli il­miy dargohga ishga ketayotgan odam nima qil­sin?..

    “Qoʻlimda uch yillik shartnomam bor. Oksfordda meni kutishyapti”, deydi u sekin, iloji boricha ustozni xafa qilib qoʻymas­likka urinib.

    Xuddi mana shu joyda Rustam Sobi­rovichning naqadar fidoyi, vatanparvar shaxs ekani namoyon boʻladi. U yosh olimga kuyunchaklik bilan deydi: “Hammangiz qo­chaversangiz, davlatni kim oyoqqa turgʻiza­di? Milliy-diniy qadriyatlarni tiklash, yoshlar orasida maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarini yaxshilash kun tartibiga aso­siy masala etib qoʻyilgan, shuni tushu­nasizmi? Bu vazifani bajarish qoʻlidan keladigan kadrlar oshib-toshib yotganida, men bu gaplarni balki gapirib oʻtirmas­dim... — Soʻngra, muallifning izohla­shicha, yana oʻsha “yigirma yillar oldin­gi oʻzimizning Rustam akamiz” boʻlib, hamsuhbatini yaqin olib, soʻzida davom etadi. — Davlat senga oʻxshagan tushungan odamlarga, ilmli, ziyoli kadrlarga muh­toj, nahotki shuni anglamasang, ukajon... Oksford qochib ketmas, lekin mana bu ish­lar qochib ketishi mumkin...”.

    “Rustam Sobirovich bir oz norozi ohangda, ammo kuyunchaklik bilan gapirar ekan, borgan sari bu samimiy soʻzlarga taslim boʻlayotga­nimni his eta boshladim, — deya iqror boʻladi muallif. — Chindan ham bu gaplarda aslo mu­bolagʻa yoki yolgʻon yoʻq edi. Domla el-yurt taq­diri, maʼnaviyat, milliy va diniy qadriyatlar bilan bogʻliq oʻtkir va dolzarb muammolar xu­susida yurak-yurakdan tashvishlanib soʻzlardi.

    Bu xavotirlar menga ham tanish, ayni shu muammolar meni ham oʻylantirar edi. Boʻldi, dedim oʻzimga oʻzim, men davlatga kerak ekan­manmi, qolganim boʻlsin!”.

    Rustam Qosimovning ustoz-murabbiy­ligida oʻz yoʻlini topib ketgan, keyinchalik oʻzlari ham yetuk olim va mutaxassislar si­fatida el-yurt hurmatini qozongan insonlar juda koʻp.

    Xotiralarni oʻqigan kitobxon “U qayerda, qaysi lavozimda xizmat qilmasin, oʻzligini yoʻqotmadi”, degan eʼtirofga bot-bot duch ke­ladi. Bu bejiz emas. Ustoz Rustam Qosimov chindan ham olijanob, goʻzal qalb sohibi edi. Kitobdagi xotiranoma mualliflaridan biri, Rustam Qosimovning doʻsti Aʼzamxon Karimovning taʼbiri bilan aytganda, “oyogʻi yerdan uzilmagan, haqiqiy maʼrifatli, Xudo siylagan” zot edi.

    U ota-onasini, barcha qarindoshlarini nihoyatda eʼzozlardi. Yaqinlarining guvoh­lik berishicha, Rustam Qosimov umrining oxiriga qadar har kuni muhtarama onajoni Muhabbatxon ayaning duolarini olishni kan­da qilmagan.

    Darvoqe, shu yil yanvar oyida bir kam yuz yoshida dunyodan oʻtgan Muhabbatxon aya turmush oʻrtogʻi — mashhur olim va pedagog Sobir hoji Qosimov vafot etgandan keyin qariyb 35 yil davomida farzandu nabiralariga bosh boʻlib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, duo qilib yashagan tabarruk inson boʻlgan.

    Rustam akaning doʻstlaridan biri, Oʻzbe­kiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning Mu­habbatxon ayaga bagʻishlab yozgan “Oqqan daryo” sheʼrida bunday misralar bor:

    Oqqan daryo oqar, quyosh toʻxtamas,

    Gʻubor bogʻlamagay meros zakovat.

    Bir daryo koʻnglimdek toʻlgʻin shu nafas,

    Daryoki, limmo-lim mehru muhabbat.

    Ona sayyorada ona tabiat

    Ona xalqim uchun sochsa durdona,

    Siz bizga berdingiz cheksiz muhabbat,

    Siz munis murabbiy, onajon, ona...

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar Rustam Qosi­mov bilan birgalikda uning padari buzruk­vori va volidai muhtaramasi, oʻtgan barcha yaqin insonlari xotirasiga ham hurmat bajo keltirdi.

    Muxtasar aytganda, “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” toʻplami juda ibratli, yurtimizning turli hududlarida xizmat qilayotgan katta-kichik har bir rah­bar-yetakchining ish stolida tursa arziydi­gan kitob boʻlibdi. Chunki bu kitob rahbar shaxsiyati, uning maʼnaviy dunyosi, murakkab vaziyatlarda nimalarga eʼtibor qaratishi za­rurligi, ishga, odamlarga, hayotga munosabat xususida yaxshi saboq beradi.

    Jumladan, taniqli yozuvchi Mamatqul Haz­ratqulovning Rustam Qosimov haqidagi qu­yidagi gaplari eʼtiborli: “Yana bir xislati yodimda qolgan: sof adabiy tilda gapirardi, deyarli sheva ishlatmas edi. Oʻylaymanki, bu rahbarlar uchun, ayniqsa, yuqori lavozimda oʻtirgan shaxslar uchun juda muhim va aha­miyati katta. U kishi kibrdan, manmanlikdan xoli, xoʻjakoʻrsinga ish qilmas, tabiatan kamtar inson boʻlgan. Men falonchiman, sen kim boʻlibsan degan qarash Rustam akaga mut­laqo yot edi...”.

    Ha, goʻzal odob-axloq, shirinsuxanlik, muomala, muloqot madaniyati ham katta va noyob neʼmat. Ustoz Rustam Qosimov ayni shunday jihatlarga ega shaxs edi. Koʻp kitob oʻqigani bois, soʻz boyligi ham koʻp, chiroyli lutflari bilan insonlar koʻngliga yoʻl topa olardi.

    “Oʻsha kezlari biz yonma-yon binolarda ish­lardik, — deb yozadi Mamatqul Hazratqulov ustozning Kasaba uyushmalari federatsiyasida faoliyat yuritgan damlarini eslab. — Bir gal suhbatlashib qolganimizda, kulib hazil­lashgani yodimda: “Toshkent gullari”ning bu yonida men, u yonida siz… Oʻrtamizda har holda gul-ku, chaqirtikan boʻlishidan Xudo asrasin”. Topqirlikni, lutfning goʻzalligini qarang!

    Rustam Qosimov yosh kadrlarni jamiyat­ning, mamlakatning, xalqning eng katta tayanchi deb bilgan. Kitobda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanov Rustam Qosimovning bunday muhim oʻgitini keltirib oʻtgan: “Bi­limli kadr bu — hali yaxshi kadr degani emas. Yaxshi kadr boʻlishi uchun u tarbiyali, millat­parvar, yurtparvar ham boʻlishi kerak”.

    Kitobga jamlangan shu kabi samimiy xotiralarni oʻqir ekanman, koʻnglimdan koʻp oʻylar kechdi, ustozim bilan qayta uchrashib, unutilmas va fayzli suhbatlarini olgandek boʻldim. U bilan yonma-yon ishlagan yillarim­ni esladim.

    Men soʻzimni oʻzim uchun aziz boʻlgan bir xotira bilan yakunlamoqchiman.

    2021-yil bahori edi, Rustam Qosimov shi­foxonaga tushib qolganini eshitib, bezov­talandim. Tez-tez xabar olib, goh ustozdan, gohida farzandlari va yaqinlaridan ahvolla­rini soʻrab turdim. Bir kuni ustozga telefon qilsam, javob bermadi, qattiq xavotirga tushdim. Bir ozdan soʻng oʻzi aloqaga chiqib, telegrammdan “Botu, yaxshimisan?” deb yozib qoldi, quvonib ketdim. Yozishdik, hol-ahvol soʻrashdik. “Oʻzingizni ehtiyot qiling, sogʻa­yib keting”, deb yozdim. Ustozning oxirgi gaplari “Botu, omon boʻl” degan jumla boʻldi.

    Men bu soʻzlarni ustozimning soʻnggi duo­si oʻrnida hamon yuragimda saqlab yuraman.

    Ruhingiz shod boʻlsin, aziz ustoz!

    Botu ALIMOV,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    rahbarining birinchi oʻrinbosari,

    yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)