Tomonlar xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, sanoat va ijtimoiy sohada ekologik toza energiya va resurslar bilan taʼminlashga oid yechimlarni ilgari surish, shuningdek, Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar koʻrishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga eʼtibor qaratdilar.
YETTB rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturi ijrosini va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishni yanada qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini bildirdi.
Qiymati 1 milliard yevrodan ziyod 16 loyihadan iborat amaldagi investitsiyaviy portfelning amalga oshirilishi atroflicha koʻrib chiqildi. Qayd etish joizki, YETTB 2021-yilda Oʻzbekistonda 22 loyihani amalga oshirish uchun 600 million yevrodan ortiq investitsiyalar kiritgan. Muloqot chogʻida mavjud masalalarni hal qilish va koʻrib chiqilayotgan loyihalarning amaliy ijrosini jadallashtirish maqsadida oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish algoritmlari ishlab chiqildi.
Muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston eksport salohiyatini oshirish, mintaqaviy transport yoʻnalishlarini rivojlantirish, shuningdek, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarida Bank bilan hamkorlik qilish masalalari ham oʻrin oldi.
YETTB rahbariyati xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, shuningdek, bozorning barcha ishtirokchilari uchun raqobatbardosh va teng huquqli muhit yaratish boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni ilgari surish va koʻp qirrali sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish ustida birgalikda ishlashga kelishib olindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va YETTB oʻrtasida Oʻzbekistonda irrigatsiya tizimidagi suv taʼminoti sohasida institutsional boshqaruvni rivojlantirish va raqamlashtirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.