Ushbu xususiyat tufayli o'zbek va turkman ellarining an'anaviy dostonchiligi bir-birini mazmunan va mohiyatan to'ldirib turadi. “Go'ro'g'li”, “G'arib va Shohsanam”, “Tohir va Zuhro”, “Sayyodxon va Hamro” kabi dostonlar tinglovchilarning talabiga binoan goh o'zbek, goh turkman tillarida kuylangan.  Katta sayil, to'ylarda ikki qardosh oqinlari galma-gal so'z aytishib, davraga qo'r kiritishgan.

Turkman mumtoz adabiyotining asoschisi Maxtumquli she'riyati esa, o'zbek o'quvchilarining qalb mulkiga aylangan. Hofizlarimiz tomonidan har bir she'ri kuyga solinib, ijro etilgan. Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Bobomurod Hamdamov, SHerali Jo'raev kabi el sevgan san'atkorlar yonib-jo'shib kuylashgan.   Maxtumquli ijodida islomiy mavzularni ham, so'fiyona ruhni-yu xalqona ohanglarni, mumtoz adabiyot ta'sirini ham ko'ramiz. Inson qavmi borki, ularga qarata shoir, o'z eling nazarida bo'l ishorasi bilan ko'ngil vodiysiga hayrat yog'dusini in'om etadi.

Kel, ko'ngil, men senga o'git berayin,

Yiroq qilma ko'rar ko'zing — elingni.

Qimmatin ketkazma, o'rnida so'zla,

Ravo ko'rma har nokasga tilingni.

O'zlikni anglash falsafasi shoir ijodining yuksak cho'qqisi bo'lib gavdalanadi va   ezgulik, birodarlik yalovini baland ko'taradi.

XX asrda ham o'zbek-turkman adabiy do'stligi yanada mustahkamlandi. Qilich Quliev, Xidir Deryaev, Berdi Kerboboev va boshqa turkman adiblarining asarlari o'zbek kitobxonlari javonidan chuqur joy olgan.

Prezidentimizning “O'zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida yana bir xayrli ishga qo'l urildi.

Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga “Sen bahorni sog'inmadingmi?” saylanmasi turkman tilida chop etilishi azaliy do'stlik poydevori sifatida bo'y ko'rsatdi.  Ushbu kitobni chop etishda Respublika turkman milliy-madaniy markazi Qashqadaryo viloyati bo'limi alohida tashabbus ko'rsatdi.

Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida “Sen bahorni sog'inmadingmi?” nomli she'riy to'plamning turkman tilidagi kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi. Dastavval mehmonlar shoir haykali poyiga gulchambar qo'ydi, so'ng Abdulla Oripov muzeyida bo'lishdi.

Tadbirda viloyat hokimi o'rinbosari Rustam Yo'ldoshev o'zbek va turkman xalqlarining do'stligi, birodarligi, milliy qadriyatlari yaqinligini yana bir bor ta'kidlab o'tdi.

— Ustoz shoirning she'rlarini turkman tiliga o'girish azaliy orzuim edi, — dedi tarjimon Jumadurdi Akiev. — Avvalo, Turkmanistondagi nufuzli gazeta-jurnallarda buyuk ijodkorning ko'plab she'rlari e'lon qilinishiga muvaffaq bo'ldim. O'zbekiston farzandiman. O'zbek tilini yaxshi bilganim bu borada qo'l keldi. Albatta,  bu tashabbus o'z-o'zidan paydo bo'lgani yo'q. Ustoz Abdulla Oripov bilan bir necha bor uchrashib, tarjima nusxalarini ko'rsatib, fikrini olganman. Ulug' shoirning she'rlarini o'girish uchun ham yuksak badiiy mahorat zarurligini anglayman. To'g'risi, tarjima bilan qariyb ellik yildan beri shug'ullanib kelaman. Shoirning xonadonida ko'p bor bo'lib, ustoz bilan suhbatlar qilganman. Uzoq yillik mehnatlardan so'ng uning she'rlarini kitob holida chop etishga jur'at qildim. Kitob chop etilishida viloyat hokimligi homiylik ko'magini ayamadi.

Tadbirda Respublika turkman milliy madaniy markazi raisi o'rinbosari Guldana Abezdurdieva, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi etakchi mutaxassisi Iroda Ne'matullaeva,    Abdulla Oripovning umr yo'ldoshi Hanifa Mustafoeva, qizi Shoira Oripova, filologiya fanlari doktori, professor  Ilhom G'aniev   buyuk shoirning kitobi turkman tilida chop etilishi uning yubileyiga munosib tuhfa bo'lganini ta'kidladi. Tarjimonga Turkmanistonning  O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan qimmatbaho sovg'alar topshirildi.

— O'zbek va turkman elining to'yi bir, urf-odatlari juda o'xshash, — deydi Respublika turkman milliy madaniyat markazi viloyat bo'limi rahbari Umrzoq Quvvatov. — San'atkorman. Abdulla akaning ko'p she'rlari asosida qo'shiqlar ijro etib kelaman. Ma'nolar mahzani qalbimda gul bo'lib ochiladi. Bu xayrli ishga qo'l urganimdan behad xursandman.

Tadbirda Qarshi davlat universitetida tahsil olayotgan turkman talabalari va ijod maktabi o'quvchilarining badiiy chiqishlari, kuy-qo'shiqlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Kitobga so'zboshi yozgan filologiya fanlari doktori, professor Karimboy Kurambaev mazkur kitob taqdimoti O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bo'lgan yuksak ehtirom ifodasi ekaniga alohida urg'u berdi. Mutarjimning bu boradagi sa'y-harakati, izlanishi tarjimadagi har bir she'rda munosib ifodasini topganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

            O'roz HAYDAR,

Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo'limi rahbari