Ayni paytda ijodiy guruhimizda 10 nafarga yaqin yosh – cholgʻuchilar, maʼmurlar, rejissyorlar faoliyat olib boradi. Ularning aksariyati Sanʼat va madaniyat instituti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. Shu maʼnoda ularni sohaning isteʼdodli, umidli vakillari deyish mumkin. Guruh rahbari sifatida meni oʻylantiradigan ogʻriqli bir masala – turli viloyatlardan kelgan bu shogirdlarimning oilaviy sharoiti – uy-joy muammosi edi.

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 2-fevral kuni imzolangan “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi tarixiy qarorda ayni shu muammolar yechimi ham oʻz aksini topdi. Jumladan, uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillariga hamda isteʼdodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiyalar berilishi taʼkidlab oʻtildi.

Zero, Uy-joyi tayin, oilasida halovati bor ijodkorning xayoli faqat ijodda, yaxshi asarlar yaratishda boʻladi, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, yonib ishlaydi. Shuningdek, qaror bilan kamida 3 ta milliy musiqa cholgʻusida mahorat bilan kuy ijro eta oladigan mutaxassislarni asosiy ish joyidan boʻsh vaqtida, yaʼni oʻrindoshlik asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida musiqa fani oʻqituvchisi va musiqa yoʻnalishidagi toʻgarak rahbari lavozimida toʻliq stavkada ishlashiga ruxsat berildi. Bu esa yuqoridagi imkoniyatdan foydalanish uchun yana bir imkoniyat.

Bu yerda uzviylikning mavjud ekaniga ham ahamiyat berilgan. Ipoteka krediti asosida uy olish, kreditni vaqtida toʻlab borish uchun yaxshi daromad ham kerak. Roʻzgʻordan ortib, kredit toʻlash oson emas, albatta. Topish-tutishi yaxshi boʻlgan odam ikkilanmay imtiyozli kreditlardan foydalanadi.

Yana bir muhim jihat shundaki, qarorda milliy musiqa sanʼatimizni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Eng yaxshi milliy qoʻshiqlarni qayta ishlashga davlat buyurtmasi berilishi ham juda ezgu ishlardan biri boʻldi. Milliy musiqa sanʼatimiz, miliy qoʻshiqchiligimiz haqida gap ketganida, albatta, baxshichilik, folklor sanʼatiga toʻxtalishni joiz, deb bilaman.

Soʻnggi 2–3 yil ichida Prezidentimiz sanʼatimizning bu noyob turlarini rivojlantirishga ham nihoyatda jiddiy eʼtibor qaratyaptiki, bu saʼy-harakatlar kelajak avlodlar, butun dunyo oldida ham Oʻzbekistonimizning madaniy salohiyati oshib borishida muhim omil boʻladi. Zero, milliy musiqa sanʼati, baxshichilik, xalq ogʻzaki ijodi yoshlar ongiga birdaniga singib qolmaydi. Masalan, men oʻzim ham ijodimda baxshichilik sanʼatini imkon qadar zamonaviylikka uygʻunlashtirib yoshlar uchun murakkab boʻlmagan tarzda singdirishga harakat qilaman.

Umuman olganda, yuqoridagi qaror madaniyat va sanʼat sohasining yangi davrini boshlab berishi, shu paytga qadar sohaga doir mavjud hujjatlarning eng ulugʻvori, zalvorli ekani bilan ham katta olamshumul voqelik boʻldi, desam xato boʻlmaydi. Zero, qaror bilan amalga oshirilishi belgilangan har bir ezgu maqsad mamlakatimizni dunyoga yanada tanitishga, yosh avlodning maʼnaviy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Mahmud NAMOZOV,

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti