Kartoshka qishloq xo'jaligidagi eng muhim strategik ekin hisoblanadi. Biroq, uning butun hosilga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo'lgan bir qator zararkunanda va kasalliklarga chalinishga, begona o'tlar bosishiga moyilligi yuqori. Shuning uchun kartoshkani himoya qilishning kompleks tizimini o'z vaqtida qo'llash muhim.
Ushbu muhim masala Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, jumladan, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Urug'chilikni rivojlantirish markazi, O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Karantin va o'simliklarni himoya qilish agentligi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari uchun tashkil etilgan treninglar mavzusi bo'ldi. Treninglar FAO va O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligining 2021-yilda boshlangan “COVID-19ga javoban kartoshkachilik sektorini tiklash va rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Mashg'ulotlarda kartoshkani zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilishning asosiy jihatlari ko'rib chiqildi. Xususan, treninglar davomida kartoshka urug'chiligini takomillashtirish usullari, kartoshka yetishtirish texnologiyasining xususiyatlari va uning almashlab ekishdagi o'rni o'rganildi, sug'orish tizimi va o'g'itlardan foydalanish bo'yicha tavsiyalar berildi. Mutaxassislar kolorado qo'ng'izi, kartoshka kuyasi, oq pashsha kabi zararkunandalarga qarshi kurashishning eng samarali usullari, shuningdek, begona o'tlarga qarshi kurashish va o'simliklarning eng zararli kasalliklari — rizoktonioz va fuzariozning oldini olish haqida gapirishdi.
— Loyiha yuqori, barqaror va sifatli hosil yetishtirish orqali O'zbekistonda kartoshkachilikning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan — deydi FAOning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Sherzod Umarov. — Biz iqlim va tuproq sharoitini hisobga olgan holda yangi ko'nikmalarni mahalliy muhitga moslashtirgan holda O'zbekistonda ilg'or xorijiy tajribani joriy etishga intilamiz. Loyiha doirasida kartoshka navlarini ro'yxatga olish va urug'larni sertifikatsiyalash tizimini takomillashtirish, kartoshka yetishtirishni modernizatsiya qilish, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, mahsulotlarni saqlash sharoitlarini yaxshilash bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish, shuningdek, ushbu sohada faoliyat yurituvchi fermerlar, agronomlar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash bo'yicha ishlar olib borilmoqda.
O'quv mashg'ulotlari yakunlangach, barcha ishtirokchilar Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi xususiy korxonaga tashrif buyurib, ishlab chiqarish faoliyati, kartoshkani saralash, saqlash va qayta ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.