Turkmanistonlik bir guruh faollar mamlakatda COVID-19 qurbonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan veb-sayt yaratdi va aholiga iloji boricha koʻproq maʼlumot berishga harakat qilmoqda. Turkman faollari veb-saytda mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar soni, ularning ismlari, yoshlari, manzillari va boshqa tafsilotlar boʻyicha norasmiy statistik maʼlumotlarni nashr etib boradi, deya xabar beradi CentralAsia.

Yangi sayt turli mamlakatlarda, shu jumladan Turkmanistonda istiqomat qilayotgan turkman xalqi tomonidan yaratilgan mustaqil loyiha hisoblanadi. Saytda eʼlon qilingan maʼlumotlarda Turkmanistonda COVID-19 natijasida vafot etgan 18 kishining ismi keltirilgan. Veb-sayt yaratuvchilarining soʻzlariga koʻra, COVID-19 TM - bu koʻngilli axborot portali boʻlib, u Turkmanistonda koronavirusdan oʻlganlar haqida rasmiy maʼlumot yoʻqligi sababli yaratilgan.

“Ushbu portal xalqimizga toʻliq, aniq va oʻz vaqtida maʼlumot olishni taʼminlashga qaratilgan”, deyiladi veb-sayt tashkilotchilari oʻz bayonotida. Sayt yaratuvchilari, shuningdek, Turkmanistonliklarni oʻzlarining ishlariga hissa qoʻshishga va COVID-19 infeksiyasidan vafot etgan odamlar toʻgʻrisida maʼlumot almashishga chaqiradi. Buning uchun saytda “Maʼlumot yuborish” ni taklif qiluvchi maxsus oyna yaratilgan.

Shuningdek, xabar qilinishicha, saytning faoliyati nafaqat Turkmanistonda sodir boʻlgan COVID-19 qurbonlarining koʻlami toʻgʻrisida maʼlumot berish bilan cheklanib qolmay, balki qurbonlarning ismlarini oshkor etish, pandemiya paytida adolatsizlikni aniqlash va davlatning fuqarolarni kasalliklardan himoya qilishdan bosh tortayotgan holatlari, siyosiy obroʻyini ziynatlashga harakat qilayotganini ochib berishga qaratilgan.

Tashkilotchilarning fikriga koʻra, “Turkmanistonda COVID-19 koʻrsatkichlari” mustaqil loyiha boʻlib, uning taʼsischi guruhi foydali maʼlumotlarni almashishni qoʻllab-quvvatlaydi, shuningdek maʼlumotni mamlakat ichida va chet elda tarqatishga yordam beradi. Rasmiylarning taʼkidlashicha, mamlakatda bitta ham COVID kasalligi qayd etilmagan.