Fargʻona viloyati hokimining tashabbusi bilan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida kislorod konsentratorini ishlab chiqarish loyihasini imkon qadar tezroq amalga oshirishga kirishildi. Bu masʼuliyatli loyiha ishlari tadbirkor Shavkatjon Hamzayev taʼsischisi boʻlgan “Greyt Qoʻqon” MCHJ tomonidan olib borildi.

 

Umumiy qiymati 300 ming AQSH dollarini tashkil etadigan korxonaning foydalanishga topshirilishi katta tantanaga aylandi. Unda ishtirok etgan viloyat hokimining oʻrinbosari M.Abdurahmonov bugungi kunda talabi yuqori boʻlgan mazkur tibbiy jihozning ishlab chiqarilishi, avvalo, viloyatimiz va respublika tibbiyot muassasalarini kislorod konsentratori bilan toʻliq taʼminlash imkonini berishini, qolaversa viloyat eksport salohiyatini oshirishini aytib oʻtdi.

- Viloyatimizda aholini koronavirus pandemiyasidan asrashga, ularning salomatligini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun viloyatimiz hokimi Sh.Gʻaniyev boshchiligida juda katta tadbirlar amalga oshirilib, tibbiyot maskanlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, bemorlar uchun maxsus joylar va dori-darmon zaxirasi yaratildi. Shunday sharoitda xavfli kasallikka qarshi kurashishga oʻzimizning hissamizni qoʻshganimizdan mamnunmiz,-deydi korxona direktori F.Rahmonov.

Mazkur korxonada yiliga 30 000 dona kislorod konsentratori ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, 20 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.