Jinsi mato, atlasu adraslarni hech qachon issiq suvga solib yuvmaymiz, chunki ularning rangi chiqishini yaxshi bilamiz. Ammo rangini yoʻqotishi xayolimizga ham kelmagan aksariyat kiyimlarni bilmasdan issiq suvga solib qoʻysak bormi, suvimiz bir togʻora boʻyoqqa aylanadi.
Onam rahmatli atlas, adras kiygan ayollarga rosa havasmand boʻlib, “Bolam, adrasdan koʻylak tiktirib kiymaysanmi”, deb koʻp aytar edi. Oʻzi qimmatbaho boʻlgani bilan yuvilganda rangsizlanib qolishini aytgunimga qadar oʻziga oʻzi javoban, “Lovullab koʻringani bilan bir martaligi yomonda, rangi oʻchib ketsa, undan xunuk mato yoʻq”, deb qoʻya qolardi.
Toʻgʻrisi ham shu. Aksariyat atlasu adraslar bir yuvilgunicha egningizda koʻzni yashnatadi. Yuvilgach esa xira tortib qoladi. Balki oʻzimiz bunday matolarni yuvish qoidasini bilmasmiz. Nima boʻlganda ham atlasu adras toʻqiyotgan hunarmandlar milliy matolarimiz sifatiga ishonch bilan javob bera olishlari kerakmasmi? Ayniqsa, ular chet elga eksport qilinayotgan boʻlsa.
Asli kasbi shifokor boʻlgan Ilhom Davletov oʻzi toʻqiyotgan kashtalaru atlas-adraslar sifatiga javob beradigan hunarmand. U Fargʻonaning Qoʻshtepasida tabiiy boʻyoqlardan milliy matolar toʻqishni yoʻlga qoʻydi. Oʻtgan yili Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida koʻplab qizlar, ayollarga oʻz hunarini oʻrgatib kelgandi.
Fargʻonada 14 ta hunarmandlik markazi ochilgan. Ilhom aka ham shularda ish boshlagan. 1992-yildan buyon kashtachilik bilan shugʻullanib, oxirgi 10 yilda gilamchilikka, milliy matolar, aʼlo baxmal toʻqish, shuningdek, milliy liboslar tikishga kirishgan qahramonimizning aytishicha, u boshchiligida toʻqilayotgan milliy atlasu adras, aʼlo baxmallarni qaynoq suvga solsangiz ham rangi chiqmaydi. Dunyo boʻyicha tabiiy boʻyoqlar juda kamayib ketgan ayni paytda Ilhom aka singari usta boʻyoqchilarning mahoratidan unumli foydalanish ayni muddao.
Yagona omil — nazariy bilim
Hunarmandlik asli kasbi shifokor boʻlgan Ilhom Davletovning qonida bor. Uning qariyb 30 yildan buyon shu sohaning ustasiga aylangani ham shundan boʻlsa kerak. Ayniqsa, kimyoni yaxshi bilgani, molekulalar tarkibini tushungani unga tabiiy boʻyoqlardan matolar tayyorlashda qoʻl keldi.
Ilhom aka ranglarni oʻsimliklardan oladi, boʻyoqlarga hech qanday kimyoviy modda qoʻshmaydi. Zero, qadimgi boʻyoqlar ham asosan anor poʻsti, isparak, roʻyan kabi oʻsimliklardan olingan. Faqat qirmizi (koshinel), nil (indigo) boʻyoqlari chetdan keltirilgan. Buni qarangki, ipakni qora rangga boʻyash uchun muayyan miqdordagi anor poʻstlogʻi va temir qirindisi muntazam aralashtirib turgan holda kun davomida qaynatilar ekan. Ishqordan oldin qaynatib olingan ipak tayyor aralashmaga solib qoʻyiladi.
Indigodan boʻyoq olish usuli juda oddiy. Qadimiy usullaridan biri indigo barglarini maxsus chuqurlikka yigʻish va oyoqlar bilan ezishdir. Indigogi indikan moddasi ekstraksiyasini olish uchun oʻsimlik bargini suvda siqish kerak.
Yashil, sariq, qizil rang olish uchun nima qilish kerak, ular qaynoq suvda ham rangini yoʻqotmasligi nimalarni talab qiladi - bularning barini Ilhom aka ilmiy kitoblardan oʻrganadi. Nazariyani amaliyotga toʻgʻri tatbiq eta oladi. Shuning uchun ham uning matolari oʻz rangini yoʻqotmaydi. U buni bemalol isbotlab beradi. Vaholanki, koʻplab hunarmandlar toʻqigan matosining rangi chiqmasligini aytsa-da, nimalardan foydalanganini asoslab, koʻrsatib bera olmaydi.
– Bizda yongʻoq poʻsti, anor poʻchogʻi aslo isrof boʻlmaydi, aksincha, ulardan tabiiy boʻyoq olishda foydalanmiz, – deydi hunarmand. – Qolgan oʻtlarga esa buyurtma beramiz. Isparak oʻzimizda bor, togʻli joylarda oʻsadi. Toʻgʻri, bizda tabiiy boʻyoq olinadigan oʻsimliklar yetishtirish endigina yoʻlga qoʻyilyapti. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Toshkent viloyatlarida indigofera oʻsimligini ekib koʻrishdi. Oʻzimiz ham sotib olib foydalandik. Albatta, chet davlatlarnikidan ikki barobar arzoniga oʻzimizning xomashyoni sotib olganimiz bizga ancha yengillik boʻladi.
Ragʻbat yangi gʻoyalarga kuch beradi
Ipak gilam va kashtachilik mahsulotlariga Yevropa va AQSHda talab katta. Buni yaxshi bilgan Fargʻona viloyati rahbarlari Qoʻshtepa tumanidagi “Qamishtepa” MFYda ish boshlagan Hunarmandlar markazi faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bildirgan. Bu esa Ilhom Davletov singari hunarmandlarga ragʻbat berayotir.
Matolar naqshi, dizaynini ham Ilhom akaning oʻzi tanlaydi. Ranglar esa rangli qalamlar yoki kompyuterda koʻrsatiladi. Ishga qoʻli kelib qolgan qizlar unga yordam beradi.
Ayni paytgacha markazda Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati ustalari milliy katalogiga kiritilgan Ilhomjon Davletov va uning turmush oʻrtogʻi, mohir kashtadoʻz Nargiza Sherxoʻjayeva tomonidan ipak gilam va milliy mato toʻqish xamda kashtachilik ustaxonalariga “usta-shogird” anʼanasi asosida 100 dan ortiq shogir jalb qilingan boʻlib, mahalliy ayollarning bandligi taʼminlanmoqda. Ayni kunda 32 nafar xotin-qiz kashtachilik sirlarini oʻrganishyapti.
– 20 kasanachi ham oldik, – deydi usta. – Zukko, zehnli qizlar, ayollar hunar sirlarini 3 kun - 1 haftada oʻrganib olishadi. 15 kun - bir oyda oʻrganadiganlari ham bor. Ammo gilam toʻqishni oʻrganib olish uchun 2-3 oy vaqt kerak. Tabiiy rangda toʻqilgan gilam va kashtalarga chet elda talab katta. Shu bois, gilamchilikni qancha oʻrgatsak, shuncha yaxshi.
Ha, azaldan hunarmandlar zamini boʻlgan Fargʻona viloyatida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-noyabrdagi “Xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash va ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, Prezidentimizning 2021-yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosiga jadal kirishilgani hududda ishsizlik muammosini hal etishga tashlangan ishonchli odimlardan biridir. Oʻylaymizki, bunday ezgu odimlar yurtimizning har goʻshasiga farovonlik baxsh etadi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








