Xabaringiz bor, 2022-yil 25-iyun kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan edi. Ayni kunlarda ushbu qonun muhokamasi boʻyicha joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Ana shunday davra suhbatlaridan biri Olmaliq shahrida tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston qahramoni, “Qalmoqqir” kon boshqarmasi mehnat faxriysi Jonsaid Turdiyev, shahar kengashi deputati Bahodir Miralimov, kombinat ishchi-xodimlari, boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlari va faollari ishtirok etdi.
- Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarda jamiyatimizning barcha vakillari oʻz taklif va mulohazalari bilan faol ishtirok etmoqda, - deydi kombinat xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi Abdurashid Haydarov. - Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda yurtdoshlarimiz faolligi, xususan, Komissiyaga fuqarolardan 48 mingdan ortiq taklif kelib tushganini alohida eʼtirof etdi, toʻrtta ustuvor yoʻnalishga eʼtibor qaratib, ularning har biri boʻyicha takliflarini aytdi. Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birinchi yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi. Ikkinchi yoʻnalishda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoya ilgari surildi.
Maʼlumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari yaratib beradi, hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi, oʻz muammolari bilan yolgʻiz tashlab qoʻyilmaydi. Shu bois bu yoʻnalishda aholini uy-joy bilan taʼminlash, oilaning iqtisodiy va maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, bolalarning manfaatlari va toʻlaqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, inson salomatligi va ekologiyani asrashga oid takliflar bildirildi. Uchinchi yoʻnalish Konstitutsiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash haqida boʻldi.
Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga koʻmak koʻrsatishiga oid tamoyillar oʻz ifodasini topadi. Toʻrtinchi yoʻnalish mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan juda muhim.
Davra suhbatlari kombinat tarkibiy boʻlinmalarida davom etmoqda.
Umida Jalilova,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ
xodimlari kasaba uyushmasi kengashi yetakchi mutaxassisi