Shunga monand, bugungi kunda mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini, strategik maqsadlarini belgilashda xalqimizning bevosita ishtirokini taʼminlash, olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, rivojlanishning istiqbolli rejalarini amalga oshirishda keng jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga xizmat qiladigan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Davlat dasturlarini belgilashdan oldidan uni jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish, bu borada xalqning fikri, xohish-istaklarini aniqlash, ularning taklif va tashabbuslari asosida dasturlarni yanada boyitish anʼanaga aylandi.

Bu yil ham “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”ga moʻljallangan davlat dasturi ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari hamda maxsus veb portallari orqali keng jamoatchilik eʼtiboriga havola qilinib, ijtimoiy ekspertiza oʻtkazildi. Bundan tashqari, oʻn besh kun davom etgan jamoatchilik muhokamasi jarayonida davlat dasturidagi bandlar boʻyicha 34 million abonentga 566 million SMS-xabarnomalar yuborildi, xorijda yashovchi vatandoshlar bilan oflayn va onlayn shaklda keng muhokama va uchrashuvlar tashkil etildi. Albatta bundan koʻzlangan maqsad fuqarolarimizning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish, yurtimiz ravnaqi yoʻlida ularning faol ishtirokini taʼminlashdan iboratdir.

Natijalarga kelsak, ushbu Davlat dasturi bilan toʻrt milliondan ortiq foydalanuvchilar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishib chiqdi, ikki mingga yaqin axborot va tahliliy maqolalar joylashtirildi, 30 mingdan ortiq, yaʼni oʻtgan yilga solishtirganda 4 barobar koʻp taklif, fikr-mulohazalar bildirildi. Xalqimizning talab va takliflari, xohish-istaklari asosida xalqchil dastur qabul qilindi. Endi uning ijrosi ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, har birimizdan daxldorlik va faollikni talab qiladi.

Qayd etish lozimki, bu yilgi Davlat dasturi ham barcha soha va tarmoqlarni rivojlantirishni oʻz ichiga qamrab oldi. Ayniqsa, yil nomiga monand ravishda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidor va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashlari uchun munosib shart-sharoitlar va yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun imtiyozli kreditlar ajratish kabi muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Jahonda ilm-fan tobora taraqqiy etgani sari, turli soha va tarmoqlarda texnologiyalarning ulushi ortib, mehnat resurslariga boʻlgan ehtiyojni kundan kunga kamaytirib bormoqda. Bunday sharoitda ishsiz aholi, ayniqsa mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan yoshlarga yangi ish oʻrinlarini yaratib berish, zamonaviy kasb-hunarlarni oʻrgatish orqali ular uchun doimiy daromad manbalarini shakllantirishning dolzarbligi ortmoqda.

Bu muammolarni tizimli bartaraf qilish yuzasidan oʻtgan yili muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimi yaratib berilgan edi. Yaʼni, chekka-chekka joylardagi ishsiz, ijtimoiy koʻmakka muhtoj yoshlarni hayotda toʻgʻri yoʻl topishlariga koʻmaklashish maqsadida korxona va tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga biriktirib berilgan edi. Har bir rahbar oʻziga biriktirilgan yoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, individual ish olib borib, ularning real ijtimoiy ahvoli, imkoniyat va qobiliyatlaridan kelib chiqib amaliy choralarni koʻrib bordi va oʻz navbatida bu mexanizm oʻzining samarali natijalarini berdi.

Xususan, Namangan muhandislik-texnologiya institutiga Namangan shahrining “Ozod” va “Yangi yoʻl” mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshlar biriktirilgan edi. Ularning qiziqish va imkoniyatlari oʻrganilib, ayrimlari ishga joylashtirildi, baʼzilariga tikuv mashinalari, sartaroshlik uskunalari olib berildi. Oliy taʼlimda oʻqish istagida boʻlgan yoshlar tayyorlov kurslariga yoʻnaltirildi.

Ushbu tizimni yana davom ettirish, qolaversa bu boradagi ishlar koʻlamini yanada oshirish maqsadida yangi Davlat dasturining birinchi vazifasi shu masalaga bagʻishlandi. Yaʼni “Yoshlar balansi” asosida alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlarining rahbarlariga biriktiriladigan boʻldi. Rahbarlarga esa, biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish, salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish va shu orqali ularning bandligini taʼminlash vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, yoshlarni hayotda oʻz oʻrinini topishga, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama koʻmaklashish hamda yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun byudjetdan tashqari mablagʻlarni qonunda belgilangan tartibda yoʻnaltirishga ruxsat berildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida davlat tomonidan ajratiladigan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yoʻnaltirilishi, “Yosh tadbirkor” tanlovlarini oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyilishi, tanlov gʻoliblariga imtiyozli kreditlar ajratilib, davlat hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirish uchun yuborilishi yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Shuningdek, “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi doirasida axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlab, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga oʻqitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish ishlari ham amalga oshiriladigan hamda kelgusida IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yoʻnaltirish orqali ularni ish bilan band qilinadigan boʻldi.

Sababi hozirgi globallashuv jarayoni mehnat bozoridagi ishchilardan IT sohasidagi bilimlarni talab etmoqda. Masofadan turib xizmat koʻrsatish, aqlli elektron qurilmalar bilan ishlash koʻnikmalariga ega boʻlish bugungi mehnat bozoridagilarga qoʻyilgan talablarni oʻzgartirib bormoqda.

Bundan anglash mumkinki, navqiron yoshlarning har sohada ilgʻor qadamlar bilan rivojlanishi uchun yangi imkoniyat va munosib sharoitlarni yaratish, ularni har tomonlama salohiyatli etib tarbiyalash, ularda istiqbolga daxldorlik hissini oshirish, qolaversa istiqlol davomchilari sifatida oʻz pozitsiyasiga ega, barkamol avlod qilib tarbiyalashning ahamiyatini oshirmoqda. Shunday ekan, ushbu dasturda belgilangan vazifalarni samarali ijro etish, koʻzlangan natijalarni qoʻlga kiritishda jonbozlik koʻrsatish, xalqimiz xohish-istaklarini roʻyobga chiqarish maqsadida yuklatilgan vazifalarni sidqi-dildan ado etish va masʼuliyat bilan yondashish har birimizning eng asosiy vazifamizga aylanishi kerak.

Odiljon Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,

Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati