Oʻsha kezlarda onam tuman kutubxonasiga aʼzo edi. U bilan tuman markaziga kitob olgani borish men uchun bayram edi. Birinchidan, onamga erkalik qilib, markazdagi doʻkonlarni aylanishim, oʻzim istagan narsani oldirish imkoni tugʻilardi. Ikkinchidan esa, kutubxonadagi kitob javonlarida rang-barang kitoblarning rasmlarini tomosha qilardim va ular haqida onamdan bilib olishga urinardim.

Muchal yoshiga yetganimda dadam bilan markazdagi kitob doʻkoniga bordik. Dadam menga koʻpgina kitoblar sovgʻa qildi. Shular orasida Navoiyning “Hamsa” si ham bor edi. Yillar oʻtdi. Mening ham yostigʻim ostida turadigan kitoblar paydo boʻldi. “Hamsa”, “Oʻtkan kunlar”, “Ikki eshik orasi”, “Choliqushi” va boshqa jahon adabiyotiga mansub asarlar. Jildlari sargʻayishga ulgurgan, koʻp oʻqilganidan varoqlari noziklashib qolgan bu kitoblar bilan meni koʻzga koʻrinmas rishtalar, xotiralar bogʻlab turgandek goʻyo. Buvimning, onamning yorqin xotiralari, dadamning mehri goʻyoki mana shu kitoblarda aks etib turadi.

Maktabda oʻqib yurgan kezlarimda “Mening Zaynabim” sarlavhali inshoim respublikamiz miqyosida, yuqori sinf oʻquvchilari orasida yuksak baholandi. Inshoda Zaynab obrazi misolida xotin-qizlarning jaholatga botishiga sababchi boʻlgan omillar haqida oʻsmirga xos dunyoqarashimni yoritgandim. Adabiyot oʻqituvchim Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarini har yili bir marotaba oʻqishimni maslahat berarkan, yillar oʻtib, fikrlarim oʻzgarishi mumkinligini aytdi.

Chindan ham bu asarni har yili oʻqiganimda, tafakkurimda yangi bir qarash uygʻonishiga amin boʻldim. “Oʻtkan kunlar” romani eng goʻzal milliy qadriyatlar oʻta nafislik bilan aks ettirilgan sahna asari kabi. Asar bamisoli oq-qora tasvirda yoritilgan, garchi mudhish kunlarni aks ettirgan boʻlsa-da, qora tasvirlar orasida “yarq” etgan milliy qadriyatlarimiz surati kabi qadrdon tuyuladi menga.

Universitetda oʻqib yurgan kezlarimda kursdoshlar bilan stipendiya olgan kunimiz kitob sotib olish uchun kitob doʻkonlariga shoshilardik. Kitob doʻkonlari haridorlarga toʻlib ketardi.

“Yozuvchi koʻpayib ketdi”, “Oʻqishga arzirli kitoblar kamayib ketdi”... Nazarimda, kitob oʻqimaslik uchun bahona qidiradiganlarning qarashi bu.

Har bir davrda yaratilgan mahsulotlarning sifati bir xil boʻlmaganidek, kitoblarning ham saviyasi har xil boʻlishi mumkin. Kitobxonlik kitobning soni bilan belgilanmaydi. Balki oʻquvchi va yozuvchi oʻrtasidagi ruhiy yaqinlikni aks ettiradi. Qaysidir kitobni oʻqishga qiynalsangiz, undan voz kechmang, balki kitob muallifi haqida oʻrganing. Har bir yozuvchi alohida bir olam. Uning oʻziga xos dunyosi bilan tanish boʻlgan kishi u yozgan satrlarni zerikmasdan oʻqiydi va uqadi.

Kitob oʻqimagan odam fikrlashdan toʻxtaydi, degan hikmatli gap haqiqat. Kitob insonning tafakkurini kengaytiradi, degan fikrga kitob dunyosiga kirib borgan har bir odamning qoʻshilishi aniq. Ayniqsa, “Oʻtkan kunlar” kabi yillar toʻfonida qoʻlma-qoʻl boʻlib, har bir davrda oʻziga xos baholanib kelayotgan adabiyotlar oʻzligi, milliy ruhi va yana boshqa jihatlari bilan oʻquvchilari safini kengaytirib boraveradi.

Ikki marotaba oʻqishga arzimaydigan kitob bir marotaba oʻqishga ham arzimaydi, degan edi XVIII asrda yashab ijod qilgan kompozitor, nemis romantik operasi asoschisi Karl Veber. Darhaqiqat, biz bugun Abu Rayhon Beruniyni, Al-Farobiyni, Amir Temurni, Alisher Navoiyni va boshqa oʻnlab, yuzlab shaxslarni tarixda yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimiz sifatida taniymiz. Biroq ular qoldirgan boy meros bizga ularni bugun ham oʻqish, tafakkur darajasi bilan gʻururlanish imkonini beradi. Bu, albatta kitob bilan amalga oshadi.

“Oʻtkan kunlar”ni xonadonida saqlagan odamlar “xalq dushmani” sifatida jazoga tortilganlarini buvilarimizdan, bobolarimizdan eshitganmiz. Bugun ushbu romanni oʻqishimiz uchun hukumatimiz tomonidan yorugʻ, muhtasham kutubxonalar barpo etilgan. Uydan chiqmagan holda elektron kutubxonalardan foydalanishimiz ham mumkin. Koʻpincha kitob mutolaa qilayotganimda Gogolning shamni choʻp bilan oʻlchab qoʻyadigan bobosi yodimga tushadi. Bolakay kitob oʻqish uchun “milt” etganki shuʼladan foydalanadi. Koʻrkam kutubxonalar, javonlar toʻla kitoblar, eng zamonaviy texnologiyalar bizga kitob mutolaa qilishimiz va tafakkurimizni yanada kengaytirishimiz uchun oʻn hissa ortiq imkoniyatlar yaratayotgani oldimizdan oqqan suv kabidir. Uni qadrlashimiz shart.

Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish boʻyicha koʻplab tadbirlar oʻtkazilyapti. Bu albatta, xayrli. Bugun men onalarimizdan farzandiga imkon boʻlsa har kuni, yoki har haftada, hech boʻlmaganda, oyda bir marotaba boʻlsa ham, yaxshi bir kitob haqida gapirib berishlarini soʻrayman. Ish, turmush tashvishlaridan yo mening, yoki sizning vaqtimiz kamdir. Biroq qaysimizdir tarbiyalagan kitobsevar oʻgʻlimiz, tafakkuri goʻzal boʻlib yetishgan qizimiz millat uchun oʻnlab, balki yuzlab aqlli farzandlarni kamolga yetkazib beradi.

Bolaligimda har bir ertak qahramonlari oʻz murodu maqsadlariga yetishi, ertaklar albatta ezulikka yetaklashiga ishondim. Hayotning turli chorrahalarida kundalik tashvishlarni totganimda, barcha qiyinchiliklar va sinovlar ortida xayr borligiga ishonib yashashni, umid qilishdan toʻxtamaslikni kitoblardan oʻrgandim. Ota-onalar bolalar uchun ideal hisoblanadi. Demak, kutubxonaga aʼzolikni bolamizga biz oʻrgataylik. Kitob oʻqishni ular bizdan oʻzlashtirishsin. Kitob haqida ular bilan suhbatlashishni odat qilaylik. Shunda “bolam, kitob oʻqi, odam boʻlasan, olim boʻlasan”, yoki “toʻgʻri yur, toʻgʻri tur, ilmni sev, vatanga sodiq boʻl”, deyishimizga hojat qolmas, balki...

Ziyoda Akbarqulova,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yetakchi mutaxassisi