Favqulodda vaziyatlar vazirligiga portlash xavfi yuqori kimyoviy moddalarni saqlash talablarini nazorat qilish vazifasi yuklandi

    Mamlakatimizda 7 Noyabr 2023 1685

    “Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-357-son, 06.11.2023-y.) qabul qilindi

    Qarorga koʻra, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklandi.

    Vazirlikda, shunga koʻra, yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻlimi hamda boʻlinmalari tashkil etiladi.

    2024-yil 1-yanvardan:

    • respublikaga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar va ularni olib kiruvchi subyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
    • kimyoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yongʻinlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.

    Respublikaga kimyoviy moddalarni olib kiruvchi subyektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish imkoniyatiga ega boʻlgan axborot platformasi yaratiladi.

    2024-yil 1-yanvardan Oʻzbekistonga kimyoviy moddalarni olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi, jumladan:

    - Bojxona qoʻmitasi kimyoviy moddalarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazadi hamda 1 kun muddatda Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi subyekt toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga taqdim etadi;

    - kimyoviy moddalarni olib kiruvchi subyektlar ushbu moddalar bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kunning oʻzida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi maʼlumotlarni Milliy markazga taqdim etadi.