Joriy yil yakuniga qadar xonadonlarda 106,9 gektar maydonda yengil konstruksiyali 8220 ta ixcham issiqxona qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, aholi tajribasidan kelib chiqqan holda 514 ta mahallani “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyiliga ixtisoslashtirish orqali tomorqadan yiliga 3-martacha hosil olish yoʻlga qoʻyildi.

— Yigirma ikki sotix tomorqamizda yil-oʻn ikki oy dehqonchilik qilamiz, — deydi Boysun tumanidagi Pulhokim mahallasida yashovchi Qudratillo Mamatqulov. — Hozir oʻn bir sotix ochiq maydonda kartoshka va piyoz, ikki sotix issiqxonamizda esa limon yetishtiryapmiz. Oilamiz bilan olti sotix intensiv bogʻ qilib, olma, xurmo, oʻrik, shaftoli ekkanmiz. Xonadonimizda olti bosh qoramol, oʻn besh bosh qoʻy-echki va saksonta parranda bor. Dehqonchiligu choravachilikdan bir yilda 55-60 million soʻmdan ortiq daromad olyapmiz. Bu esa dasturxonimiz toʻkinligi hamda farovon turmushimizni taʼminlayapti.

Tomorqachilik klasteri

Aholining dehqonchilik madaniyatini shakllantirish, sohaga eng ilgʻor tajribalarni qoʻllashda joylardagi “Tomorqa xizmati” korxonalarining oʻrni katta boʻlmoqda. Jumladan, 2018-2021-yillar davomida viloyatda 71 ta ana shunday tadbirkorlik tuzilmasi ish boshladi. Bu korxonalar aholi tomorqalariga shartnoma asosida urugʻlik, koʻchat va mineral oʻgʻit yetkazib bermoqda. Shu bilan birga, yer haydash, ekin ekish, ixcham issiqxonalar qurish, parranda, asalari uyasi, naslli qoramol, qoʻy va echki yetkazib berishda aholiga yaqin va ishonchli koʻmakdosh boʻlmoqda. Xonadonlarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotishda “Tomorqa xizmati” korxonalari madadkor. Oʻtgan yili ushbu korxonalar negizida 4 ta tomorqachilik klasteri tashkil etildi.

Natijada dehqonu bogʻbon, tomorqa yer egasi yetishtirgan mahsulotlarni quritish, saralash, qadoqlash kabi xizmat turlari va sifati yanada yaxshilandi. Albatta, bu yutuqlarga erishishda davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yordam muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori tomorqadan samarali foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratmoqda. Masalan, tomorqalardan olinayotgan hosil hajmini yanada oshirishga erishish, aholining tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadlari uchun davlat tomonidan 95,5 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratilishi belgilangan. Bu kreditlar, oʻz navbatida, tomorqa yer egalariga 100 ta tovuq, 5-10 ta kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qoʻy va echki, 5 ta asalari uyasi xarid qilish, intensiv usulda baliq boqishni yoʻlga qoʻyish, ixcham issiqxonalar, “dala doʻkonlari” qurishga ajratiladi.

Ishning oʻzinigina emas, koʻzini ham biladiganlar

Shu yil boshidan buyon amaliyotga tatbiq etilgan mahalladagi hokim yordamchisi faoliyati bu boradagi ishlarni “xonadonbay” amalga oshirishga imkoniyat berayotir. Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan “Tomorqa xizmati” MCHJlarga urugʻlik, koʻchat, motokultivator va minitraktor, inkubator xarid qilish hamda aylanma mablagʻ uchun 300 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratilmoqda. Shuningdek, yetakchi tadbirkorlik subyektlariga tomorqalarda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun aylanma mablagʻlarni toʻldirishda kreditlar ajratilishi koʻzda tutilgan. Yuqoridagi qaror ijrosi doirasida joriy yilda yana 4 ta tomorqachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish, suv taʼminoti nisbatan ogʻir hududlardagi tomorqalarni sugʻorish uchun 143 ta vertikal sugʻorish qudugʻi qazish rejalashtirilgan.

— Bugun islohotlar chin maʼnoda mahallaga kirib bordi, — deydi namunali tomorqa yer egasi sifatida eʼtirof etilgan Akmal Mamatmoʻminov. — Yer —bitmas-tuganmas xazina. Buni bilgan kishi omilkorlik bilan ishlasa, ham oʻzi, ham elga naf keltiradi. Oʻzim misolimda aytadigan boʻlsam, yigirma uch sotix tomorqamizdan barakali hosil olyapmiz. Hozir oʻn besh sotixda eksportbop karam yetishtiryapmiz. Bundan tashqari, moʻjazgina issiqxonamizda pomidor va bodring ekkanmiz. Olti sotix bogʻimizda turli mevali daraxtlar bor. Tomorqamizdan yiliga 70 million soʻmgacha qoʻshimcha daromad koʻryapmiz. Surxondaryoda Akmal aka singari mirishkor tomorqa yer egalari koʻplab topiladi. Bandixon tumanidagi Chinor mahallasida yashovchi Baxtiyor Qodirov ham ishning koʻzini biladigan insonlardan. Hozir uning yetti sotixli issiqxonasi bor. Bu yerdan allaqachon bulgʻor qalampiri va pomidorning ilk hosili olindi. Tomorqaning bir chetida esa sabzi va koʻkatlar

yashnab turibdi. Bir tomonda kichik intensiv bogʻ bor. Uzun tumanilik Rahmatullo Qorjovov oʻz xonadonida moʻjazgina koʻl tashkil etgan. Dastlab qiziqishdan boshlangan ish oilaga yaxshigina daromad keltirmoqda. Bugungi kunda u el dasturxoniga yiliga oʻn-oʻn ikki tonna baliq yetkazib bermoqda. Qalovini topsang qor ham yonadi, deganlariday, omilkorlik bilan ish tutayotgan Rahmatilla bir parcha yerdan 200 million

soʻmgacha daromad topyapti. Harakatda — barakat, deyishadi! Yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, suxondaryoliklar ham baraka topmoqda, ham dasturxonimiz toʻkin-sochinligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshmoqda.

Azimbek Samadov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri