Fin moʻjizasi yoxud ishonch va ochiqlikka asoslangan ta’lim tizimi

    Ko‘zim bilan ko‘rib, bevosita guvohi bo‘lmagunimcha, Finlyandiyaning dunyo e’tirof etayotgan o‘qitish tizimi haqidagi tasavvurim notugal edi.

    Taxminan bunday: “Finlarning ta’lim tizimi kuchli ekaniga shubham bor. “Fin ta’lim tizimi” degan brend dunyoni noto‘g‘ri hayratga solayotgan bo‘lishi mumkin. Ularning maktablaridagi o‘ta soddalashtirilgan va ixchamlashtirilgan fan dasturlari bilan kuchli o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin emas. Uyga vazifa va o‘quvchilarning kundalik o‘zlashtirishini baholash kabi ta’lim tizimimizdagi o‘ta muhim deb qaraluvchi vositalarga nisbatan finlarning batamom teskari munosabatini, bilmadim, qanday oqlashadi. O‘quvchining dars paytida o‘ta erkin bo‘lishi, hatto dam olishiga ham imkoniyat berilishini tushuna olmayman. Xalqaro baholash tadqiqotlarida Finlyandiya ta’lim tizimining yuqori natija ko‘rsatayotganini dunyo mamlakatlarida o‘qitish sifatini baholashga qaratilgan mazkur loyiha fin ta’lim tizimi andozasiga asoslangani bilan izohlash to‘g‘ri bo‘ladi. Qolaversa, xalqaro baholash tadqiqotlarini ham mukammal, kamchiliklardan xoli deb bo‘lmaydi.

    Xalqaro baholash dasturlari dunyo mamlakatlari ta’lim tizimiga bir xil metodika bilan yondashadi va o‘qitish sifatini bir xil me’yor asosida baholaydi. Nazarimda, PISA, PIRLS kabi xalqaro baholash dasturlari dunyo mamlakatlari ta’lim tizimini bir xil standartga solib qo‘yadi, degan mulohaza noto‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Chunki aksar mamlakatlarning (jumladan, O‘zbekistonning ham) ta’lim mazmuniga qo‘yilayotgan talablar xalqaro baholash dasturlari mezonlariga muvofiqlashtirilyapti. Umuman, o‘quvchilarning bilim darajasiga xalqaro baholash tadqiqotlarida nazarda tutilgan talablar mutlaq to‘g‘ri ekani tasdiqlanganmi? Bizningcha, ta’lim mazmunini xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS, EGRA va hokazo)da nazarda tutilgan talab va mezonlarga moslashtirishi dunyo mamlakatlari o‘qitish tizimini yagona standartga solib qo‘yadi va bu yangicha yondashuvlar, o‘sish, o‘zgarish va yangilanish jarayonlariga salbiy ta’sir qiladi. Finlarning maktab ta’limini ko‘ngilochar mashg‘ulotga aylantirgani, o‘quvchilarga qiynamasdan bilim berishi ta’lim olish jarayoni haqidagi tushunchalarimizga mos kelmaydi. Kuchli mehnat va ongli mashaqqatsiz sifatli ta’lim olish mumkin emas. Shunday ekan, finlar qanday qilib mazkur haqiqatlarga qarshi o‘laroq eng kuchli va barqaror ta’lim tizimini yaratishi mumkin. Umuman, qaysi mamlakatda ta’lim sifati yaxshi ekanini qandaydir xalqaro baholash tadqiqotlarining tasdiqlanmagan mezonlari asosiga tayanib to‘g‘ri deb topish kerak emas.

    Bizningcha, shu mamlakatlarda yaratilgan kashfiyotlar hamda ixtirolar soni va sifati, xalqaro Nobel mukofoti sovrindorlarining soni bilan baholash to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu baholash tizimida ham ayrim jihatlarni e’tiborga olish lozim. Bu borada AQSH yetakchilik qilishi mumkin, ammo bunda kuchli iqtidor egalarining bu mamlakatga “oqishi” bilan bog‘liq faktorlar baholash jarayonining xolisligiga putur yetkazadi”.

    Finlyandiyaga safarimizning ilk kunlaridanoq mazkur mamlakat, uning xalqi va ta’lim tizimi borasidagi tasavvurimiz o‘zgara boshladi. Fin yoshlarining yurish-turishi, yashash tarzini TV, internet va boshqa manbalar orqali bilvosita kuzatishlarim natijasida ularning salohiyatiga nisbatan mendagi ishtiboh yo‘qola boshladi. Milliy mentalitetga asoslangan qarashlarim yurish-turishi, shaklu shamoyilida Gʻarb madaniyatiga xos o‘ta erkin yashash tarzini ixtiyor qilgan; tarbiyasida, qarashlarida ommaviy madaniyatga xos elementlar ko‘rinib turgan jihatlar fin yoshlarining salohiyatini tan olishimga xalal berayotgan edi. Ammo kelib, bevosita kuzatib amin bo‘ldimki, o‘sha xarakterida individualizm bo‘rtib turgan fin yoshlari o‘qishga, o‘rganishga, ta’lim olish masalasiga kelganda o‘ta mas’uliyatli yondashar ekan. Yuqori darajadagi madaniyat, ehtiromga asoslangan ijtimoiy munosabatlarni ko‘rib, bu xalqqa nisbatan hurmatim oshdi. Farovon turmush tarzi va barcha masalalarning mantiq va intellektga asoslangan holda hal qilinganini ko‘rib, finlarning davlatchilik va boshqaruv tizimiga havas qildim. Mamlakatimizdagi islohotlarning maksimal samaradorligini ta’minlash uchun, avvalo, har birimiz o‘zimizni isloh qilishimiz kerak, degan xulosaga keldim.

    Finlarda “Birgina kasb mavjud, bu o‘qituvchilik, qolgan hamma kasblar uning hosilasidir” degan to‘g‘ri qarash mavjud. Shundan bo‘lsa kerak, Finlyandiyada o‘qituvchilar mavqei juda yuqori. Pedagoglar uchun yaxshi maosh, keng imkoniyat va vakolatlar taklif qilingan, davlat va xalq tomonidan katta ishonch bildirilgan. Jamiyatda muallimlik har qanday shakldagi nazoratdan xoli kasb. O‘qituvchilarning faoliyatiga aralashish, ishining natijalarini monitoring qilish, turli reyting shakllari bilan darajalash mumkin emas. Nazorat bilan bog‘liq bu kabi elementlardan finlar o‘tgan asrning 90-yillarida xayrlashgan. Umuman, jamiyatda o‘qituvchiga bo‘lgan ma’naviy va moddiy e’tiborni kuchaytirish bilan davlat yoshlarda mazkur kasbni egallashga nisbatan qiziqish va rag‘batni oshirishga erisha olgan.

    Pedagogik oliy ta’limga tanlov jarayoni juda katta konkurs asosida amalga oshiriladi. 40 nafar nomzoddan 1 nafari pedagogik oliy ta’lim yo‘nalishi talabasi bo‘la oladi. O‘qituvchilik kasbiga saralash jarayonida umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi natijalar e’tiborga olinmaydi. Bu jarayon ikki bosqichdan iborat: birinchi bosqich talabgorning intellektini aniqlashga yo‘naltirilgan test sinovi; ikkinchi bosqich nomzodning o‘qituvchilik kasbiga layoqatini aniqlashga qaratilgan 5 bosqichli suhbat (intervyu)dan iborat. Intervyuning har bir bosqichi 5 daqiqadan davom etadi va bu bosqich saralash jarayonining eng muhim qismidir. O‘qituvchilik kasbiga saralash jarayoni mazkur kasbga tug‘ma moyilligi, qobiliyati va iqtidori borlarni aniqlashga yo‘naltirilgan. Nomzodning bilimi, salohiyati birlamchi emas, aynan kasbiy talablarga fe’l-atvori muvofiqligi masalasi muhim. Finlyandiyadagi o‘qituvchilik kasbiga saralash jarayonining mazkur bosqichi Abdulla Avloniyning “O‘qituvchilar tayyorlanmaydi, ular tug‘ma bo‘ladi” degan fikri to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydi.

    Bu mamlakatda jamiyat, shu jumladan, ta’lim tizimi ham kuchli ishonch va ochiqlik asosiga qurilgan. O‘qituvchilar ta’lim sifati va samaradorligiga mas’ul etib belgilandimi, demak, ularga ishonch bildiriladi va faoliyatini har qanday shaklda nazorat qilishga ishonchsizlik deb qaraladi. Nazarimda, aynan mana shu ishonch o‘zaro ijtimoiy munosabatlarning tayanchi sifatida jamiyatning sog‘lom rivojlanishini ta’minlagan. Ishonch bildirilgani uchun ham odamlar bir-birini aldamaydi; davlat xizmatchilari o‘z ishiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘ladi; jamiyatda shunchaki og‘zaki so‘z ham hujjat darajasida qabul qilinadi. Ishonch — finlarga xos juda ulug‘ qadriyat va hech bir fin uni yo‘qotishni istamaydi.

    Mamlakatda foydali qazilma boyliklar kam. Shuning uchun finlar inson kapitalini rivojlantirishga katta e’tibor qaratadi. Ushbu sabab va omillar natijasida fin ta’lim tizimi muntazam rivojlanmoqda. Safarimiz davomida turli ta’lim muassasalaridagi uchrashuvlar chog‘ida fin mutaxassislari mamlakatning ta’limiy islohot va eksperimentlar muntazam sinovdan o‘tkaziladigan “ta’limiy poligon” ekanini e’tirof etdi. Darhaqiqat, finlar ta’limiy eksperimentlardan mutlaqo cho‘chimaydi, ilmiy va amaliy asoslari muayyan darajada tasdiqlangan yoki prognozlashtirilgan har qanday innovasiyalarni darhol ta’lim tizimiga tatbiq etadi. Buning natijasida fin ta’lim tizimi doimiy ravishda rivojlanmoqda, o‘zgarishlarga uchramoqda.

    Finlyandiyada ta’limning markazida ta’lim oluvchi shaxs turadi. Boshqa har qanday omil uning har tomonlama uyg‘un rivojlanishiga yo‘naltirilgan. To‘g‘risini aytish kerak, safarimiz davomida finlarning fan dasturlari biznikidan ancha sodda ekaniga guvoh bo‘ldik. Tasavvur qilishingiz uchun qiyos keltiraman: bizda 3-sinfga taklif qilinadigan materiallar finlarda 5-sinf o‘quvchilariga taqdim etiladi. Bu borada birga safar qilgan hamkasblarimiz turli fikrlarni bildirdi. Bunday sodda va ixchamlashtirilgan ta’lim mazmuni bilan yetakchi bo‘lish mumkin emas, deganlar ham bo‘ldi. Ammo tan olishga majburmiz: finlar ta’limda yetakchilar qatorida ekanini isbotlab qo‘ydi.

    Bizda ham fan dasturlarining mazmuni va uning ta’lim oluvchilarga muvofiqligi, mosligi masalasi milliy ta’lim tizimimizning jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak bo‘lgan konseptual va fundamental masalalaridan biridir. Afsuski, biz o‘quvchilarga ularning yoshi va fiziologik xususiyatlari, intellektual salohiyatiga mos bo‘lmagan ta’lim mazmunini taklif qilyapmiz. O‘z yoshiga nisbatan murakkablik qiladigan fan mazmuni o‘quvchilarning ta’limdan bezishiga va o‘ziga nisbatan ishonchning so‘nishiga sabab bo‘lishi mumkin. Murakkablik, anglay olmaslik natijasida o‘quvchi ruhan sinadi.

    Umuman, fin ta’lim tizimida bu masalaga jiddiy e’tibor qaratiladi va ular o‘quvchining yoshiga nisbatan birmuncha soddaroq fan mazmuni bilan ta’lim berishni ma’qul ko‘rishadi. Bu boradagi savollarimizga fin mutaxassislari “Ta’lim oluvchiga berilayotgan yuklama hajmi uning yoshidan nafaqat yuqori, hatto unga barobar bo‘lmasligi kerak. Chunki har bir o‘quvchining iqtidori, layoqati har xil. O‘quvchi qilayotgan ishidan ko‘ngli to‘lsa, yaxshi o‘zlashtirayotganini anglasa, ta’lim olish jarayoni ortiqcha qiynamasa, shundagina ularga sifatli ta’lim berish mumkin. Buning uchun ularning yosh xususiyatlariga mos minimum talablar darajasidagi fan mazmunini ularga taklif qilish kerak”, deb javob berishdi.

    Fin ta’lim mazmuni nafaqat soddaligi, ya’ni o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mosligi bilan, balki maktabda berilayotgan ta’limning hayotiy ahamiyati yuqori ekani bilan ham ajralib turadi. Finlar o‘quvchi olgan bilim, ko‘nikma va malaka ularning hayotida kerak bo‘lishiga, asqotishiga jiddiy e’tibor qaratadi, ta’lim mazmunini shu mezondan kelib chiqqan holda belgilashadi. Ularda “Nimani o‘qitish kerak?” degan savolning yonida, albatta, “Nima uchun o‘qitish kerak?” degan savol ham bo‘ladi. Ikkinchi savolning javobi birinchi savolning javobini keltirib chiqaradi va unga nisbatan birlamchidir. Keyingina uchinchi savol paydo bo‘ladi: “Qanday o‘qitish kerak?”. Mana shu uchta savolning o‘zaro muvofiqligi, mosligi fin ta’limining muvaffaqiyatini ta’minlagan. Shu nuqtai nazardan, milliy ta’lim tizimimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yuqoridagi har bir savolning javobida qoldiqli jihatlar mavjudligini ko‘ramiz. Fanlarni o‘qitishda nazariy ma’lumotlarga keragidan ortiq o‘rin ajratilishi, uning hayotiy ahamiyati va amaliy zarurati kabi jihatlarga e’tibor qaratishimiz maqsadga muvofiq ko‘rinadi.

    Safarimiz davomida Finlyandiya maktabgacha ta’lim muassasalariga ham bordik. Fin bog‘chalari 1 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qiladi. Guruhlarda tarbiyalanuvchilar soni 15 nafardan oshirilmaydi. Har 7 nafar (1–3 yoshlilar uchun esa har 3-5 nafar) bola uchun bitta tarbiyachi-pedagog shtati ajratiladi. Fin bog‘chalarining ta’limiy va tarbiyaviy dasturi bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, mustaqilligini ta’minlash, tabiatshunoslik borasidagi ilk qarashlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Tarbiyalanuvchilar har kuni tabiat qo‘yniga, ya’ni o‘rmonga olib chiqiladi. O‘g‘il-qizlar o‘simliklar dunyosi, ko‘llar, litosfera jinslari bilan bevosita tanishtiriladi. Bolalarda tabiatga nisbatan hurmat, dastlabki ekologik tarbiya elementlarining shakllanishiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Umuman, tarbiya va madaniyatning dastlabki tushunchalari bog‘chalarda beriladi.

    Fin bog‘chalarining yana bir o‘ziga xos jihati ularning qariyalar uylari bilan yonma-yon joylashuvida ko‘zga tashlanadi (hatto ba’zilari bir binoda joylashgan). Jamiyatning eng tajribali insonlari bilan endi ijtimoiylashayotgan qatlamning bir joyda bo‘lishi ikki toifa uchun ham foydali va ahamiyatli hisoblanadi. Fin ta’lim tizimigagina xos mazkur holat menga xalqimizning “Qarisi bor uyning parisi bor” degan maqolini eslatdi. Nazarimda, finlar ushbu tajriba orqali har bir fin bolasining keksalar qurshovi, mehri va og‘ushida voyaga yetishini ta’minlay olgan. Qarovsiz qolgan keksalarning bolalar bog‘chasida “nabiralari” qurshovida bo‘lishi esa ularning jamiyatga yanada mustahkamroq bog‘lanishini, o‘zini yolg‘iz his qilmasligini ta’minlaydi. Umuman, fin tajribasiga xos mazkur holat juda ko‘p manfaatli tomonlari bilan ajralib turadi. Ushbu tajribaning ijtimoiy, ta’limiy, tarbiyaviy va ruhiy jihatlari, mening nazarimda, alohida tadqiqot ishlari uchun asos bo‘la oladi.

    Finlyandiya, asosan, maktab ta’limi bilan dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Safarimiz davomida bir nechta fin maktablari faoliyati bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Fin maktablari umumiy o‘rta ta’limning ikki bosqichini nazarda tutadi: boshlang‘ich ta’lim 1–6-sinflar; yuqori bosqich 7–9-sinflar. Shuningdek, 10-sinf ham mavjud bo‘lib, bu bosqichda o‘quvchilar o‘z bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va kelajakdagi kasbiy faoliyati bo‘yicha bir to‘xtamga kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

    Mamlakatda o‘quvchilar hech qanday depsinishlarsiz ta’limga adaptasiya qilinadi. Ularning sifatli ta’lim olishi uchun fin maktablarida biz tasavvur qilgandan ko‘ra ko‘proq imkoniyat yaratilgan. Bolalarning maktabga qatnashi uchun maxsus avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan va o‘quvchilar bepul ovqat bilan ta’minlanadi. Finlar endi o‘sib kelayotgan organizmning sifatli va foydali yeguliklar bilan ta’minlanishi intellektual salohiyatning oshishiga xizmat qiladi va busiz sifatli ta’limni amalga oshirish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ularda uydagi yashash sharoiti maktabga ko‘chirilgan va bunga sifatli ta’lim berish jarayoni qo‘shilgan. Shu jihatdan, maktablar o‘quvchilarga uydagidan ko‘ra, maftunkorroq va yaxshi taassurotlarni taqdim qiladi. Biz borgan maktablarga kirishda ikki xil yurish taklif qilindi: poyabzalni yechib, paypoqchan yoki oyoq kiyim ustidan baxila (polietilen g‘ilof) kiygan holda yurish. Darhaqiqat, maktab binosida ko‘pgina o‘quvchilar va o‘qituvchilarning ham poyabzalsiz yurganiga guvoh bo‘ldik. Tabiiyki, bino ichi shunga mos holda ozoda va issiq edi.

    Fin maktablarida yetti tamoyilga amal qilinadi. Ular: tenglik, pul yig‘imi yo‘qligi, individuallik, amaliylik, ishonch, ko‘ngillilik, mustaqillik. Albatta, bu tamoyillarning har biri o‘z tavsifi va ahamiyatiga ega.

    Finlyandiya yo‘llarida biror marta ham tirbandlikni ko‘rmadik, ammo kutubxonalarga borishimiz bilan tirbandlikka duch keldik. Go‘yo barcha fin yoshlari kutubxonada edi. Bu ziyo maskanlarida o‘qish, o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun barcha sharoit yaratilgan. Oshxonalarga har bir kutubxonaning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Har bir qavatda yemakxona mavjud bo‘lib, bu o‘qish uchun kelgan kitobxonlarni ortiqcha ovora qilmaslik, vaqtini tejash maqsadida tashkil qilingan. Ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanadiganlar uchun tadqiqot natijalarini turli nashrlarda chop etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar kutubxona xodimlari tomonidan hal etiladi. Tadqiqotchi faqat ishi bilan shug‘ullansin, degan qarash fin kutubxonalariga xos noyob jihatlardan ekan.

    Umuman, Finlyandiya o‘zining nafaqat tabiati, balki ta’lim jarayonini tashkil qilish borasidagi o‘ziga xosligi bilan ham bizni hayratlantirdi. Bu mamlakatning ta’limiga xos juda ko‘plab o‘ziga xosliklar mavjud va mamlakatimiz o‘qituvchilari hamda ta’lim mutasaddilarini ular bilan yaqindan tanishtirish lozim deb o‘ylaymiz.

    Safarimiz davom etmoqda.

    Umid XO‘JAMQULOV,

    pedagogika fanlari doktori,

    (“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2023-yil 6-may, 88-soni)