Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Biroq qonun va qonunosti hujjatlarini yanada tartibga solish doiralarini belgilash, huquqiy normalarda jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlikni, shuningdek, xoʻjalik boshqaruvi organlarining vakolatlariga kiruvchi masalalarni aniq belgilash taqozo etmoqda.

Shu sababli mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Sir emaski, oxirgi paytlarda elektron toʻlov vositalari yoki masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlaridan foydalanib, oʻzgalar mulkini talon-toroj qilish, firibgarlik, oʻgʻrilik jinoyatlari koʻp sodir etilmoqda.

Birgina misol, 2022-yilning 7 oyi davomida bank plastik kartalaridan pul mablagʻlarini firibgarlik va oʻgʻrilik yoʻli bilan talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan jami 1 812 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Bugungi kunda ushbu huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining firibgarlik, oʻgʻrilik deb nomalangan 168, 169-moddalari bilan tasniflanmoqda. Biroq ayni paytda ushbu moddalarda belgilangan jazo aybdorlarning chin dildan pushaymon boʻlib, bu yoʻldan qaytishi, ahloqan tuzalish yoʻliga kirishi uchun yetarli emasligi, sodda qilib aytsak jazo yengillik qilayotgani maʼlum boʻlmoqda.

Shu boisdan ushbu Qonun bilan bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo ogʻirlashtirilmoqda. Yaʼni endilikda axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima toʻlanadi. Hozir bu miqdor 100 dan 300 gacha.

Yoki amaldagi normaga koʻra ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan boʻlsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qatʼiy belgilanmoqda.

Qolaversa, amaldagi qonunchilikda xalqimizga xos boʻlgan milliy va umuminsoniy qadriyatlar, muqaddas qadamjolarimizga, yurtimiz hayotiga oid muhim tarixiy voqealarga bagʻishlangan, atoqli davlat va jamoat arboblari, milliy qahramonlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida oʻrnatilgan yodgorliklarga hurmatsizlik bilan munosabatda boʻlish kabi xatti-harakatlarga nisbatan javobgarlikni belgilashda boʻshliqlar bor.

Shu bois, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga Moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik qilish, tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

Shuningdek, shikast yetkazish uchun belgilanayotgan miqdorlar yaʼni, oz miqdor va koʻp boʻlmagan miqdor tushunchalari kiritilib, unga koʻra, oz miqdorda deganda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha, koʻp boʻlmagan miqdorda deganda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha boʻlgan doiradagi miqdor tushunilishi koʻrsatilmoqda.

Mazkur Qonunni ishlab chiqish jarayonida xalqaro tajriba, Hamdoʻstlik mamlakatlari qonunchiligi oʻrganilgan hamda milliy qonunchiligimizga mos keladigan normalar qisman inobatga olingan.

Qonunning qabul qilinishi, birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablagʻlarini talon-toroj qilish hamda fuqarolarning ishonchiga kirib hisob raqamlari yoki plastik kartalaridan pul mablagʻini talon-toroj qilish kabi oʻgʻirlik va firibgarlik jinoyatlarining oldi olinishiga, ikkinchidan, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, muqaddas qadamjolarning munosib saqlanishiga, yurtimiz hayotiga oid muhim tarixiy voqealarga bagʻishlangan, atoqli davlat va jamoat arboblari, milliy qahramonlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida oʻrnatilgan yodgorliklarga hurmatsizlik yoki ularni tahqirlashga yoʻl qoʻymaslikka xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati