Unda yurtimiz zaminida hukm surgan sivilizasiyalar, sulolalar va podsholiklar hayotidan, san’ati, madaniyati va tarixidan hikoya qiluvchi ko‘plab eksponatlar namoyish etiladi. Dunyo ahli mamlakatimiz tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu O‘zbekistonni dunyoga yanada tanitish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, madaniy hamkorlik uchun yangi eshiklar ochishi kutilmoqda.
Ko‘rgazmani o‘tkazish g‘oyasi, aslida, ancha avval paydo bo‘lgan, biroq turli sabablar tufayli uni tashkil etish bilan bog‘liq ishlar ortga surilgan. 2018 yilda davlatimiz rahbari Fransiyaga tashrifi chog‘ida Luvr muzeyiga ham borgan edi. Oliy darajadagi tashrif chog‘ida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Luvr muzeyi o‘rtasida ko‘rgazma tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Ko‘rgazmada namoyish etiladigan eksponatlar yurtimiz tarixining miloddan avvalgi III-II asrlaridan temuriylar hukmronligi nihoyasigacha bo‘lgan davrlarga oid. Ular orqali tarix ixlosmand lari Markaziy Osiyo tarixining eng rivojlangan davrlari haqida aniq tasavvur hosil qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Ushbu ulkan tarixiy davr oralig‘ida O‘zbekiston zaminida turli davlatlar va podsholiklar hukm surgan. Dastlab voha-davlatlar deb ataluvchi, keyinchalik yunonlar istilosidan so‘ng paydo bo‘lgan Yunon-Baqtriya davlati, kushonlar saltanati, eftaliylar davlati, turk xoqonligi, somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar va xorazmshohlar davlati mo‘g‘illar bosqiniga qadar hukm surgan eng yirik podsholiklar edi. Ular o‘z davrida butun dunyoda eng yirik saltanatlar qatorida tilga olingan.
Mo‘g‘illar istilosi yurtimiz tarixida zulmat ramzi sifatida qolgan. Ushbu davrni rivojlanishda ortda qolish davri, deyish ham mumkin. Istilodan oldingi ko‘plab madaniy boyliklar talandi, shaharlar vayron bo‘ldi. Qadim Samarqand shahri huvullab qoldi, Urganch va Buxoro singari shaharlar xarobaga aylantirildi. Keyinchalik buyuk sarkarda Amir Temur davrida bu hududlar qayta tiklandi. Jumladan, Samarqand shahri o‘z o‘rnidan boshqa yerda qayta qad rostladi va Sharqning eng yirik ilm-ma’rifat, madaniyat markaziga aylandi. Bu davr tariximizda “Temuriylar Renessansi” degan nom bilan eslanishi bejiz emas. Bu jabhada buyuk Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bekning xizmatlari beqiyos.
Namoyish etiladigan eksponatlar orasida biz hali ko‘rishga ulgurmagan yangi topilmalar, turli xorijiy kolleksiya va muzeylarda saqlanayotgan mamlakatimizga tegishli boyliklar, shuningdek, O‘zbekiston muzeylari zaxirasidan olib borilgan turli san’at durdonalarini ko‘rish mumkin. Ular orasida Dalvarzintepa xazinasi, Kofirqal’adagi yog‘ochga ishlangan o‘ymakor naqshlar, Buxoroning Varaxshasidan topilgan devoriy suratlar hamda Samarqanddagi Afrosiyob devoriy suratlari, turli haykaltaroshlik buyumlari, Katta Langar Qur’oni markaziy o‘rindan joy olgan. Barcha eksponatlar qiymati jihatidan bir-biridan aslo qolishmaydi. Bu xoh kushonlar saltanatiga oid devoriy suratlar bo‘lsin, xoh islom davriga tegishli kumush tangalar yoki metall buyumlar bo‘lsin, har birining o‘z tarixi bor.
Ko‘rgazmaning ahamiyatli jihati shundaki, u mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda yangi davrni boshlab beradi. Fransiya O‘zbekistonning madaniy sohadagi eng asosiy hamkorlaridan biridir. Ushbu nufuzli tadbir orqali bu sheriklik yangi bosqichga ko‘tariladi. Chunki bunday ko‘lamli loyiha mamlakatimiz tarixida hali kuzatilmagan. Ko‘rgazmaning dunyodagi eng ko‘p sayyoh boradigan madaniyat dargohi — Luvr muzeyida tashkil etilishi uning darajasini ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekistonning turistik salohiyati va imijini ko‘rsatishda ham ko‘rgazma muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, Luvr muzeyi dunyoda sayyohlar tashrif buyurishi jihatidan eng yuqori o‘rinda turadi. Ko‘rgazma mamlakatimizga yanada ko‘proq sayyoh jalb qilish uchun ajoyib imkoniyat.
Ko‘rgazma doirasida qilingan ishlardan biri sifatida o‘zbek va fransuz tillarida nashr etilgan “O‘zbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” nomli katalogni ham sanab o‘tish lozim. Kitob dastlab fransuz tilida tayyorlanib, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bir guruh mahalliy va yevropalik tarixchi, san’atshunos, sharqshunos olimlar maqolalaridan iborat ushbu kitobning o‘zbekcha nashri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov hamda San’at shunoslik instituti direktori, tarix fanlari nomzodi Shokirjon Pidayev umumiy tahriri ostida Luvr muzeyi tomonidan nashr qilindi.
Mazkur katalogni chiqarishdan maqsad Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududida tamaddunlar kesishuvi, ko‘plab madaniy o‘ziga xosliklar, yetuk san’atning bir qancha qirralarini yuzaga keltiradigan badiiy xususiyatlarni ko‘rsatib berish orqali o‘quvchida yurtimiz tarixi haqida yorqin va to‘liq tasavvur hosil qilishdir. Ushbu kitob ko‘rgazma mazmuniga mos ravishda voha-davlatlar va Yunon-Baqtriya saltanatining tashkil topishidan temuriylar saltanatining oxirigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan besh bo‘limdan iborat.
Birinchi bo‘limda voha davlatlar vujudga kelgan davr va ularning madaniy yuksalishi haqida so‘z boradi. Saklar, sarmatlar, qang‘uylar va yuechjilar migrasiyalarining madaniy tavsifi, arxeologik topilmalar, xususan, Dalvarzintepa va Xolchayon tarixiy yodgorliklari haqida qimmatli ma’lumotlar olish mumkin.
Ikkinchi bo‘limda III-VIII asrlardan iborat besh asrlik davr haqida so‘z boradi. Bu davr xunlar va turklarning yangi migrasiyasi bilan alohida ahamiyatga molik. Shuningdek, mazkur davr Xitoy, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo o‘rtasida ipak savdosi orqali mashhur sug‘d savdogarlarining oltin davri sifatida ham tilga olinadi. Yevroosiyo mintaqasida savdo-sotiq rivoji bilan birga tutash hududlar madaniyatining barcha unsurlari jam bo‘lgan saroy san’atining eng yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan davri hisoblanadi. Savdogarlar nafaqat tijoratchi, balki madaniy muloqotni ta’minlovchilar, madaniyat eksport yoki import qiluvchilar sifatida ham hurmatga sazovor bo‘lgan. Afrosiyob, Varaxsha va Bolaliktepa manzilgohlaridan topilgan devoriy tasvir va timsollar, shuningdek, Kofirqal’aning o‘ymakorlik namunalari o‘sha davr saroy san’ati va uning ulug‘vorligi bilan to‘liq tanishish imkonini beradi. Kitobdan mazkur davr tarixi va yodgorliklari haqida qimmatli ma’lumotlarni olish mumkin.
Navbatdagi bo‘limda islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi va uning yurtimiz tarixidagi o‘rni haqida so‘z boradi. Bu davrdan boshlangan ilk Sharq Renessansiga ulkan hissa qo‘shgan,
O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlar haqidagi maqolalar, islom olamida moʻtabar sanalgan kitoblar va Qashqadaryo viloyatidan topilgan Katta Langar Qur’oni haqidagi muhim ma’lumotlarni aynan shu bo‘limda o‘qish imkoniyati mavjud.
To‘rtinchi bo‘limda sifat, boylik va badiiy taraqqiyot mezonlariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasdan, mintaqadagi siyosiy va madaniy ahvolning o‘zgarishiga sabab bo‘lgan davr tarixi yoritilgan.
Aynan qoraxoniylar davrida Yusuf Xos Hojib turkiy tilda “Qutadg‘u bilig” asarini yozgan. Asarlarning aksariyati jamiyatdagi ilg‘or qatlam vakillari orasida, shuningdek, butun musulmon dunyosida tarqalishi uchun arab tilida yozilgan. Ilm-fan, xususan, tibbiyot rivojlangan. Gʻarbda lotincha Materia medica nomi bilan avlodlarga saqlanib qolgan yunon shifokori Dioskoridning asari 1083 yilda Samarqandda arab tiliga o‘girilgan.
XI asr o‘rtalari qoraxoniylar sulolasining davlat boshqaruvi, shuningdek, hukmdor Tamg‘achxon sharofati bilan Movarounnahrda ilk madrasa qurilgan davr sifatida tarixga muhrlangan. Mintaqaga tutash hudud — Orol dengizining janubidagi Xorazmda 1110 yilda, ya’ni xorazmshohlar sulolasi davrida fors tilida tibbiyotga oid qomus yozilgan bo‘lib, unga Abu Ali ibn Sino asarlari kiritilgan. Bu davrning oxiri Chingizxon va mo‘g‘il qo‘shinlarining XIII-XIV asrlarda Gʻarbga bosqinchilik yurishlari bilan izohlanadi. Ular o‘zidan keyin hech qanday muhim madaniy va badiiy meros qoldirmagan.
Kitobning so‘nggi bo‘limida mintaqaning yuksalish davri hisoblangan temuriylar sulolasining hokimiyatga kelishi tarixi bayon qilingan. Sulola asoschisi Amir Temur siyosiy va harbiy iste’dodi tufayli hokimiyat tepasiga keldi va Samarqandni poytaxtga aylantirdi. U O‘rtayer dengizi va Xitoy o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va badiiy markazga aylangan haqiqiy saltanatni barpo qildi. Samarqand shahri va bugungi kungacha saqlanib qolgan rang-barang obidalar bu buyuklikdan dalolat beradi. Bu davr temuriylar saroy kutubxonalarida kitobat san’atiga homiylik qilgani tufayli miniatyura rassomchiligining oltin davri hamdir. Barcha kitobat san’ati ijodkorlari Samarqand va Buxoroda jam bo‘lgan.
Xulosa qilganda, ko‘rgazma va uning doirasida nashr etilgan kitob O‘zbekiston tarixining muhim davrlari haqida dunyo ahlini xabardor qilishda katta amaliy qadamlardan biri bo‘ladi.
Jahongir Ostonov,
Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti