Furqat tumanida yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladigan Oʻzbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning ustaxonasi qoshidagi Yogʻoch oʻymakorligi markazida 1000 dan ortiq yoshlar ish bilan taʼminlanadi

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Furqat tumani Qoʻqonboy MFY hududida “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 7 mlrd. soʻmlik “Milliy hunarmandchilik yoʻnalishida yogʻoch oʻymakorligi” investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirib, bahorning ilk kunlarida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan ushbu markazda ustaning 1000 dan ziyod shogirdlari doimiy ish oʻrniga ega boʻladi. Yillik 6 milliard soʻmlikdan ziyod qoʻl mehnatiga asoslangan mahsulot ishlab chiqariladi.

Usta oʻymakor Muhammadali Yunusov Samarqand shahridagi Doniyor paygʻambar maqbarasida 60 nafar ustazoda shogirdlari bilan 8 qirralik, 8 ustunlik milliy arkli ayvon, Toshkent shahridagi Hazrati Imom masjidi majmuasi ayvon ustunlari, poytaxtimizning Yunusobod dahasida Qatagʻon qilinganlar xotirasiga qurilgan muzeyning ustunlarini ham oʻymakor naqshlar bilan bezagan.

Poytaxtimizdagi milliy bogʻda “Xalq amaliy sanʼati” galereyasining aylana ayvon qismi, Samarqandning Hazrati Imom Ismoil Al-Buxoriy majmuasi ayvonlari qurilishi va yurtimizning koʻplab tuman-shaharlaridagi yogʻoch oʻymakorligi ishlari aynan Muhammadali Yunusovga tegishlidir, deb xabar bermoqda “Hunarmand” uyushmasi matbuot xizmati.