Gʻafur Gʻulom bogʻi “Dream Park” test rejimida faoliyat boshladi

    Toshkent shahrida joylashgan Gʻafur Gʻulom nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida taʼmirlash ishlari nihoyat yakuniga yetmoqda. Hozirda bogʻ test rejimida faoliyat boshladi.

    Bu haqda Chilonzor tuman hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, yaʼni oʻrnatilgan uskunalar aholi xavfsizligi uchun qayta-qayta sinovlardan oʻtkazilmoqda. Tozalash va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda.

    Aytish joizki, bogʻning rekonstruksiya konsepsiyasi oʻzining yondashuvi bilan ajralib turadi.

    — Biz faqatgina poytaxtning eng yirik yashil hududlaridan birini saqlab qolishni emas, balki hududni yangi va turli daraxtlar, butalar va gullaydigan oʻsimliklar bilan toʻldirishni ham oʻz oldimizga vazifa sifatida qoʻygandik, – deydi Gʻafur Gʻulom bogʻi direktorining oʻrinbosari Zafar Mirzaulukov. Tez orada bu yerda tabiat bilan uygʻunlikni saqlagan holda, haqiqatda ham dam olish mumkin boʻladi.

    Aytish joizki, bogʻning avvalgi tabiatini tiklash uchun koʻp kuch va mablagʻ sarflandi. Bogʻ barcha rasta, kafe va kabob tayyorlaydigan joylardan tozalandi. Katta eʼtibor landshaft dizayniga qaratildi va bunda bogʻ maksimal darajada tabiiy boʻlib, uygʻunlik saqlab qolindi. Asosiysi, bogʻdagi daraxtlar toʻliq saqlanib qolindi va sugʻorish tizimi toʻliq oʻzgartirildi.

    Mamnuniyat bilan aytish joizki, Gʻafur Gʻulom bogʻi “ekofrendli” uslubida yangilandi. Masalan, eng kichik tashrif buyuruvchilar uchun oʻyin maydonlarida xorijda ishlab chiqarilgan toʻliq tabiiy kompozitsion materiallardan boʻlgan turli arqonli zinalar, qoyalar va kanatlar oʻrnatildi.

    Bogʻga, yana bitta diqqatga sazovor narsa – charxpalak qaytarildi. Attraksiondan poytaxtimizga ajoyib manzara ochildi. Toshkentda bunday balandlikdan shahar koʻrinishidan zavqlanish mumkin boʻlgan joylar unchalik ham koʻp emas. Albatta, ushbu attraksion yopiq kabinkalar va konditsionerlash tizimiga ega zamonaviy jihozlandi.

    Piyoda sayr qilish va yugurish yoʻlaklariga joy boʻshatish uchun bogʻda attraksionlar soni kamaytirilgan. Bunda tashkilotchilar attraksionlarni ularning ancha zamonaviy va xavfsiz turlariga oʻzgartirdi.

    Bogʻ hududida joylashgan ikkita koʻl toʻla taʼmirlanib, gidrotizimlar toʻliq oʻzgartirildi, shuningdek, koʻllarning atrofida plyaj zonalari va tabiat qurshovida dam olish uchun joylar yaratildi. Koʻllarning birida qayiq va katamaranlar saqlab qolinmoqda, ikkinchi koʻl esa oʻrdaklar uchun ajratilgan.

    Shuni quvonch bilan aytish mumkinki, tumanimizning goʻzal va shinam dam olish maskani tez kunlarda oʻz faoliyatini boshlaydi va bogʻ bolajonlarning shoʻx qiyqiriqlariyu, yoqimli musiqalar sadosi ostida aholimizni hordiq chiqarishga chorlab qoladi.