“Gʻalaba bogʻi” – xalqimiz qahramonligini aks ettirgan yaxlit majmua

    Mamlakatimizda 14 Oktabr 2020 6102

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida Toshkent shahrining Olmazor tumanida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi hamda uning hududida “Shon-sharaf” davlat muzeyi bunyod etilgan edi.

    Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi” majmuasi millionlab kishilar uchun muhim boʻlgan 9-may sanasida tantanali ravishda ochildi.

    Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

    Mamlakatimiz va butun dunyoda kuzatilgan koronavirus pandemiyasi tufayli ommaviy tadbirlar bekor qilingani bois ushbu bogʻ va muzey ham faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatib turgandi.

    Oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi shonli tarixini, qahramonligini yaxlit aks ettirgan ushbu majmua oʻz ish faoliyatini boshlamoqda.

    Prezidentimizning gʻoyasi va tashabbusi bilan innovatsion texnologiyalar asosida bunyod etilgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyi ekspozitsiyalari xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etish hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

    “Gʻalaba bogʻi”ning umumiy maydoni 14,6 gektar. Majmua ramziy 12 ta hududga boʻlingan boʻlib, kirish qismi, urushning dahshatli qiyofasi, markaziy xiyobon, harbiy texnikalar maydonchalari, temir yoʻl vokzali, front orti hududi, amfiteatr va maʼmuriy bino, motam va anduh hududi, shodu-xurramlik hududi, gʻalaba hududi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi va shukronalik hududidan tashkil topgan.

    Urush va uning oqibatlari, urush manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan majmuada oʻsha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻlar, Oʻzbekiston xalqining front va front ortida koʻrsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qaygʻu-alami, shuningdek, erishilgan buyuk gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasi ifodalangan.

    Bogʻning “Matonat madhiyasi” majmuasida butun oʻzbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan zangiotalik Zulfiya Zokirova va uning urushda halok boʻlgan besh oʻgʻlining vafodor rafiqalari aks etgan.

    “Koʻz yoshi” majmuasi urushning mudhishligi, millati va dinidan qatʼi nazar, barcha odamlar birligi ramzini ifodalaydi.

    “Shon-sharaf” davlat muzeyining yuqori qismida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 301 nafar qahramonimiz sharafiga ekilgan daraxtlar, shuningdek, “Mangu jasorat” deb nomlangan majmuada afsonaviy oʻzbek generali Sobir Rahimov va barcha oʻzbekistonlik botir jangchilarning soʻnmas xotirasi ifodalangan. Bu majmua yurtimizdan yetishib chiqqan qoʻrqmas, mard va jasur, matonatli sarkardalar, jangchilardan faxrlanish, jasoratlaridan doimo ibrat olish, dunyodagi eng buyuk xalqlardan biri ekanligimizni his qilish, Vatandoshlarimizda shu zamin, shu yurt farzandi ekanligidan gʻurur, faxr-iftixor tuygʻulari uygʻonishiga xizmat qiladi.

    Har bir yurtdoshimiz “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurar ekan, bu yerdagi eksponatlarni koʻrib qalbi hayajonga toʻladi. Bu majmua bizga bugungi tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot qanchalik bebaho neʼmat ekanligini, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash muqaddas burch ekanligini anglatadi.

    “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi rahbariyati barcha yurtdoshlarimizni Ikkinchi jahon urushi davridagi shonli tariximiz aks etgan mazkur maskanga taklif etadi.

    Yoshin HAKIMOV,

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

    kommunikatsiyalar departamenti xodimi.