“Hududgaz Namangan” gaz taʼminoti filiali rahbari Shavkatjon Otaxonov boshchiligidagi guruh uch kun davomida Yangi Namangan tumanidagi barcha mahallalarda boʻlishdi. Filial xodimlari va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi masʼullari bilan hamkorlikda mazkur hududlardagi aholi xonadonlari koʻzdan kechirildi.
“Hududgaz Namangan” gaz taʼminoti filiali axborot xizmatining yozishicha, shu tumanning “Mehnatobod”, “Sihatgoh” va “Chamanzor” mahallalarida turar-joyiga gaz tortuvchi uskuna oʻrnatib olgan 10 nafar fuqaro ogohlantirilib, holat bartaraf qilindi. Bir necha marta jiddiy eslatilishiga qaramay, qoʻlbola gaz soʻrgʻich ishlatayotgan 5 ta xonadon esa tarmoqdan uzildi.
Shuningdek, isteʼmolchilarga tabiiy gazdan foydalanishda ehtiyot choralarini koʻrish, isitish moslamalari va gaz jihozlarini qarovsiz qoldirmaslik zarurligi boʻyicha ham tushuntirildi. Oʻrganish jarayonlari reja asosida davom etmoqda.