Azaliy qadriyatimiz kurash yurtimiz yoshlari qalbida vatanparvarlik, mardlik, olijanoblik tuygʻularini shakllantiribgina qolmay, milliy sportimiz imkoniyatlarini xalqaro maydonda namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror asosida xorijiy mamlakatlarda musobaqalar tashkil etish, yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish uchun zarur shart-sharoit yaratish vazifalari belgilangan.

Zero, mustaqillik tufayli hamda milliy sportimiz bilimdoni, bir nechta yakkakurash sport turlari boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi Komil Yusupov tomonidan ishlab chiqilgan kurashning zamonaviy sport qonun-qoidasi, terminologiyasi, Oʻzbekiston bayrogʻidan jilo olgan sport formasi yaratildi. Natijada ming yillik milliy merosimiz – kurash umumbashariy qadriyatlar bilan uygʻunlashdi. Xalqaro sport maqomiga koʻtarildi. Pirovardida, jahon sport maydonida Oʻzbekistonning timsoliga aylandi. “Kurash”, “halol”, “taʼzim”, “toʻxta”, “yonbosh” kabi oʻzbek soʻzlari xalqaro sport lugʻati tarkibidan oʻrin egalladi.

Aytish joizki, 1998-yil 6-sentyabrda taʼsis etilgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bugun sayyoramizning beshta qitʼasidagi 130 ga yaqin davlatlardagi federatsiyalarni birlashtirdi. 2010-yilda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Xalqaro dopingga qarshi agentlik (VADA)ning eʼtirofiga sazovor boʻldi. 2002-yili Janubiy Koreyaning Pusan shahrida oʻtgan yozgi Osiyo oʻyinlarida ilk bor Oʻzbek kurashining koʻrgazmali chiqishi namoyish etildi. 2003-yili Osiyo Olimpiya kengashining tegishli Nizomiga oʻzgartirish kiritilib, Oʻzbek kurashi Osiyo sporti sifatida tan olindi. 2005-yili esa Shveysariyaning Lozanna shahridagi “Olimpiya” muzeyida bir yillik Oʻzbek kurashi koʻrgazmasi oʻtkazildi. 2006-yilda Qatarda oʻtgan yozgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbek kurashi boʻyicha 10 ta davlat vakillari ishtirokida 4 ta vaznda musobaqalar oʻtkazildi. 2007-yildan Makao, Vetnam, Tailand, Janubiy Koreya davlatlarida boʻlib oʻtgan yopiq inshootlarda, sohil oʻyinlari va yakkakurash sport turlari boʻyicha oʻtgan Osiyo oʻyinlarida kurash musobaqalari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. 2017-yil 20-sentyabrda Ashxobod shahrida oʻtgan Osiyo Olimpiya kengashi assambleyasida Kurash ilk bor XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritildi va 2018-yili Indoneziyadagi yozgi Osiyo oʻyinlarida 40 dan oshiq davlatlarning sportchilari kurash medallari uchun bellashishdi. Hozirga qadar dunyoning turli davlatlarida 13 marotaba Jahon chempionati, 11 marotaba Osiyo chempionatlari oʻtkazildi.

Ajdodlardan meros kurashning boy anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, jahon arenasidagi rolini oshirish, uni Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilishiga erishish mamlakat jismoniy tarbiya va sport tizimining strategik maqsadidir. Shu maʼnoda, mazkur qaror asosida xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirlarni tizimli oʻtkazishga erishish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 7-9-may kunlari Germaniyaning Frankfurt-Maye shahri mezbonlik qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir ana shu yoʻldagi muhim musobaqalardan biri hisoblanadi. Frankfurt-Maye kurash gilamidagi bellashuvlarda erkaklar +81 kg vazn toifasida, ayollar +63 kgda sovrinli oʻrinlar uchun kurashishadi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi, Oʻzbekiston va Germaniya kurash federatsiyasi kabi qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan halqaro turnirda koʻhna qitʼaning 30 ga yaqin davlatlaridan kuchli polvonlar qatnashish uchun buyurtma topshirgan.

Halolligi, olijanobligi bilan jahon sport olamida nom qozonib kelayotgan kurash Yangi Oʻzbekistonning yangi gʻalabalari, yangi yutuqlariga keng yoʻl ochsa, olimpiya oʻyinlari tizimi sari yana bir shashtli qadam tashlasa, ne tong.

Oʻzbekiston kurash federatsiyasi matbuot xizmati