Germaniyaning iqtisodiy poytaxtlaridan biri - Frankfurt-Mayn shahrida har yili o‘tkaziladigan ushbu anʼanaviy ko‘rgazmada 3 mingdan dan ortiq eksponentlar namoyish etiladi, dunyodan 60 ming nafar professional mehmonlar ushbu xalqaro tadbir ishi bilan tanishadi.
Xalqaro sertifikatlarga ega 15 ta mahalliy korxona vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi «Made in Uzbekistan» brendi ostida ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida uning ishtirokchilari O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining joriy salohiyati va istiqboldagi rejalariga oid taqdimot materiallari bilan tanishish, shuningdek, mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini Germaniyaga eksport qilish sohasida o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqda. Xorijlik ishtirokchilar o‘zbek trikotaj mahsulotlarining narx-sifat nisbati qulayligini katta qiziqish bilan qayd etib, uzoq muddatli hamkorlikka intilishlarini bildirdilar.
Mixael Borxmann, Xitoy xalqaro investitsiya kompaniyasining savdo agenti:
– O‘zbekiston har yili jahon to‘qimachilik sanoatida alohida o‘rin egallagan o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining sifati va nafisligini namoyish etmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston qiziqarli tarixiy va madaniy o‘tmishga ega mamlakat. Yurtingizda 2 marta bo‘lganman va u mening qalbimda alohida o‘rin tutadi.
Nargiza Mahkamova, «Textima Export Import GmbH» kompaniyasining hududiy savdo bo‘yicha menejeri:
– Bugun biz Frankfurt-Mayn shahrida anʼanaviy «Heimtextil - 2023» to‘qimachilik ko‘rgazmasida ishtirok etayapmiz. Men nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham tanilgan «Textima Export Import GmbH» kompaniyasi vakiliman. Biz xorijiy kompaniyalar bilan samarali hamkorlik qilib, O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. So‘nggi yillarda mamlakatimizda to‘qimachilik sanoati jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. O‘zbekiston to‘qimachilik salohiyatini butun dunyoga ko‘rsatish uchun bizda imkoniyatlar ko‘p.
Umuman olganda, 2022 yilning 10 oyi davomida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari eksportida yillik o‘sish 10,7 foizni tashkil etib, 2,6 milliard AQSH dollaridan oshdi. 2025 yilga borib to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 7 milliard dollargacha o‘sishi kutilmoqda.
Respublikamizda tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslari yaratilayotgani, rahbariyatning mamlakatimiz iqtisodiyotini yana-da rivojlantirishga intilishi, yangi investorlarni jalb etishga intilishi o‘zining salmoqli samaralarini bermoqda.