Hurmatli gazetxon. Ushbu suhbatni bundan yigirma yetti yil avval “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi uchun yozib olgan edim. Oʻsha yillari gazetada tanqidiy mulohazali tazarru maqolalar ham eʼlon qilganmiz. Taniqli kishilarga, koʻproq ijodkor ziyolilarga biroz achchiq, ammo ochiq qoldirish mumkin boʻlmagan savollar ham berganmiz. Sherali Joʻrayev savollarimizga biz kutgan darajada samimiy javob berdi. Ammo ularni eʼlon qilishda maʼlum toʻsiqlar paydo boʻlib, matnni toʻla eʼlon qila olmadik. Bugun eski yozuvlarimni varaqlar ekanman, bu suhbat, oradan shuncha yil oʻtishiga qaramay, oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganday tuyuldi. Shu bois, uni muhtaram gazetxonlar hukmiga havola etishni lozim topdim.
– Muxlislar bilan suhbatlaringizdan birida “Keyingi paytda koʻp oʻqidim, hazrat Navoiiy, Fuzuliy, Bobur mirzoni qayta oʻqib chiqdim. Koʻp narsalarni yangidan idrok etishga, avvallari eʼtibor bermagan narsalarim magʻzini chaqishga toʻgʻri keldi”, dedingiz. Oʻylab koʻrilsa, bu – keyingi yillarda yuzaga kelgan sharoit – oʻzlikni anglash, oʻzlikka qaytish bilan bogʻliq zaruriyatga oʻxshaydi. Biz kasbimizdan qatʼiy nazar, koʻp holatlarni, siz aytganday, qayta idrok etishimiz, millat oldidagi burchimiz, jamiyatdagi oʻrnimiz toʻgʻrisida tanqidiy mushohada yuritishimizga toʻgʻri keladi. Men sizni shunday tushundim...
– Hazrat Navoiy, Fuzuliy va boshqa mumtoz shoirlarni oʻqiganda, odam yoʻqotib qoʻygan qimmatbaho narsasini topib oladi-ku, oʻshanaqa boʻlarkan. Koʻmilib yotgan xazinani topib olganga oʻxshab ketasan. Boy boʻp ketasan. Shunday qilishimiz kerak. Chunki bunga ehtiyoj bor. Hech kim seni “Mana bu kitoblarni oʻqi, bobolaring kimligini bil, ularga munosib boʻl”, deb majbur qilmaydi. Ollohdan ishoratday, oʻzing oʻzgara boshlaysan, oʻzing oʻzingga tarbiyachi boʻlib ketasan. Endilikda quruq, dardsiz, yaltiroq soʻzlardan iborat qoʻshiq kuylash qayoqda-yu, bir dunyo maʼnoga ega boʻlgan gʻazallarni shoirning dardini tushungan, aytmoqchi boʻlgan fikrini yurakdan oʻtkazgan holda aytish qayoqda?! Bu moʻtabar zotlarning mutolaasi inson tomirlaridagi qonni yaxshi aylanishga majbur qiladi, yangilaydi, dunyoni qayta idrok etishga, “olamda shunaqa narsalar ham bor ekan-ku”, deya oʻylashga undaydi. Sanʼatga kelganda, qalami, soʻzi ila mashhur zotlarning koʻngil faryodlari, sodda qilib aytsam — soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan yangi kechinmalarni hayolga keltiradi. Oynaga qaraganday, oʻzingga bir qarab oladigan payt keldi-da. Xuddi mana shu narsa hayolingga keldimi, tasavvur qildingmi, yuraging “jizz” etdimi, ana oʻshanda yangi, umri uzoq qoʻshiq yaraladi. Kishi qalbining mudrayotgan joylari uygʻonadi. Tomirlar jonlanadi, harakatga keladi.
Mana, yoshimiz ham ellikka yetdi. Bu yoshdagi odam, u sanʼatkormi, boshqa kasb egasimi, yosh yigitning qiligʻini qilavermaydi-da. Shu bois, oʻzimizga oʻzimizning savolimiz, qarashlarimiz, baho berishimiz endilikda boshqacharoq boʻlishi kerak. Siz tilga olgan ulugʻ zotlarning moʻtabar kitoblarida bu savollarga javob bor. Shunaqa javoblar borki, ular sizni shu ondayoq oʻzgartiradi, koʻnglingizga chiroq tutadi, xato ishlaringizdan xijolat tortib ketasiz.
Bundan yigirma-yigirma besh yil avval kuylagan qoʻshiqlarimni eslayman. Ularning eshituvchilari, haqiqiy ixlosmandlar, nazarimda, endi-endi paydo boʻlayotganday. Lekin, oʻsha qoʻshiqlarni ham bugungi kun nigohi bilan koʻrib chiqishimga toʻgʻri kelyapti. Yengil-yelpi ashulalar koʻpayib ketdi. Bir marta eshitiladigan, shu bilan umri tugaydigan, unutiladigan sayoz, quruq xirgoyilar. Quloqni qomatga keltiradi, ammo nafi yoʻq. Insonning ruhini oziqlantirmaydigan, qalbini tarbiyalamaydigan har qanday “sanʼat”ning maʼnaviy kamolotga, inson tarbiyasiga dahli yoʻq deb oʻylayman. Negaki ular bozor rastalarida qalashib yotgan, yaltiroq qogʻozlarga oʻralgan, lekin kishini kasal qiladigan chuchmal shirinliklarga oʻxshaydi.
Xullas, qoʻshiqchilikda ahvol biroz murakkablashdi. Buni qarangki, bu holat odamlarning meʼdasiga tega boshladi ham. Shularni koʻproq kuzatdim, shu kuzatishlar jarayonida oʻzim kamroq koʻrinishga harakat qildim. Ichi boʻsh, yaltiroq qoʻshiqlar qilmaslikka harakat qildim, oʻzimni oʻzim ushlab turdim, chidadim shunga. Ammo fursatni bekor oʻtkazmadim, mutolaaga berildim. Navoiy haazratlarining mana bu goʻzal, quyma satrlariga eʼtibor bering:
Chun raqibimga raqib erdi habib, erdim tirik,
Naylay oʻlmaykim, habibimga habib oʻlmish raqib.
Yoki:
Ey Navoiy, umr oʻtar yeldek, oʻzungni shod tut,
Yelga yetmak mumkin ermastur chu surʼat koʻrguzub.
Bu misralar hamisha ong-tafakkurimizda boʻlishi kerak. Navoiydan uzoqlashish millat uchun juda katta xavf. Qani endi, buni tezroq tushunib yetsak.
– Masʼuliyat degan soʻzga qanday qaraysiz? Menimcha, hamma sohada ham masʼullik hissisiz bir nimaga erishib boʻlmaydi. Ishchi ham, dehqon ham, quruvchiyu tibbiyot xodimi, avvalo, masʼuliyatni his qilishi kerak. Bu endi hammaga oyday ravshan haqiqat. Elga tanilgan hofiz sifatida siz sanʼatkor masʼuliyatini qanday tasavvur qilasiz?
– Bu savolingiz birinchi soʻrovingizning mantiqiy davomi. Sanʼatkor masʼuliyati deganda, gap yana mahorat bilan birga, sanʼatkorning tarbiyasi, odobi, did-farosati, savodi, demakki el-yurt koʻz oʻngida namoyon boʻlishiga borib taqaladi. Hofiz oʻz sanʼati ila ruh, koʻngil tarbiyasiga daxldor inson, tarbiyachi. Yaxshi qoʻshiq tinglagan kishining qalbida nimalardir roʻy bermogʻi kerak, aql-idrokida insoniy bir fazilat oʻygʻonmogʻi, u oʻz hayotini, bu yorugʻ dunyoga nima uchun keldi-yu, qanday ketishi kerakligini oʻylamogʻi lozim. Bu – mubolagʻa gap emas. Oddiy qilib aytganda, yaxshi sanʼatkor insonlarni insoniylikka, yaxshilikka chorlamogʻi, oz boʻlsa-da koʻngliga, hayotiga yorugʻlik olib kirmogʻi shart. Bunga erisha olmaganlarni sanʼatkor deb boʻlmaydi. Muzeyda mashhur sanʼat asarini tomosha qilsangiz, xayolingizga didingizga yarasha fikr keladi. Suratda birov choʻmilayotgan ayolni, boshqa birov poklanayotgan dunyoni koʻradi. Ulugʻ ustoz suhbatida boʻlsangiz, u kishidan koʻp narsa oʻrganasiz. Qoʻshiqning ham shunday vazifasi bor. Bu qulogʻingizdan kirib, unisidan chiqib ketsa, bundan nima foyda?
Endi qarang-da: bugun qoʻshiqchiligimizda qanday manzara koʻzga tashlanmoqda? Toʻylarga borib koʻrsangiz, oʻzbekcha ashula deb aytilayotgan koʻp qoʻshiqlarning musiqasi oʻzbekcha emas. Bizning ming yillik milliy ruhimizga singmaydigan, didimizni oʻtmaslashtiradigan, maʼnaviy merosimizga ziyon yetkazadigan qoʻshiqlardan qochishimiz kerak. Bunday holatdan tinglovchilardan avval sanʼatkorlar xavotirga tushishlari zarur. “E, bu nima boʻlyapti oʻzi, bizni eshitishmayapti-ku”, degan hadiksirash, yaʼni moli oʻtmayotgan savdogarlarning ahvolidaqa holat boʻlishi lozim. Toʻylarga sanʼatkorlar koʻpincha obroʻsini, bunga qoʻshib sadoqatli muxlislarini ham yoʻqotish uchun borayotganday. Odamlar, masalan, ashula eshitmay, yeb-ichib, birov latifa aytsa, qah-qah otib oʻtiraveradi, taomlar peshma-pesh kelib tursa boʻldi, ashulani eshitmaydi. Shunday vaziyatda terga botib qoʻshiq kuylayotgan sanʼatkorning ahvolini tasavvur qilasizmi? Bu holatning boshqa sababi ham bor – eshituvchi eshitadigan, tushunadigan, ibrat oladigan. taʼsirlanadigan ashula aytilmayapti-da. Muammo shunda. Aytilayotganlarida esa fikr, taʼsir, tarbiya yoʻq.
Qarang, kuy chalinganida ikki-uch yoshli bola ham oʻzicha u yon-bu yonga qimirlaydi, tebranadi, eʼtibor berganmisiz? U hali tushunmaydi, bilmaydi musiqa nimaligini, ammo oʻzi bilmagan holda tebranadi. Toʻy-tomoshalardagi ashulalarning qalb va ruhga dahli yoʻq, chunki ular asosan yigʻilganlarni raqsga tushirish uchun qilingan muvaqqat narsalardir. Bu – juda achchiq gap, ammo holat shundayki, boshqacha aytish, boshqacha baholash mumkin emas.
Demak, sanʼatkor oʻz oʻrnini, darajasini bilmogʻi kerak. Shu darajani ushlab turishi zarur. Yaxshi hofiz boʻlib elga tanildingiz, odamlar sizni qoʻshiqchi sifatida hurmat qilyaptimi, shunga yarasha boʻling-da, birodar. Odamlar sizni zoʻr desa-yu, ikki-uchta qoʻshiqdan keyin tugab qolsangiz, boshqa hech narsa bilmasangiz, boshqalarning ashulasini aytsangiz, boshqa yoʻllarga burilib ketsangiz, oʻz yoʻlingizni topolmasangiz, siz eshittuvchini emas, eshituvchi sizni tarbiya qila boshlasa, bu endi juda xunuk manzara.
Masʼuliyat kasb-koridan qatʼiy nazar, har bir odamning yelkasiga katta yuk yuklaydi, uni koʻtara bilish kerak. Shu diyorda tugʻilib, shu joyda voyaga yetdingizmi, shu Vatanning farzandi boʻlib yashayapsizmi, unga foyda keltirishingiz kerak. Birov mehnati, birov ixtirosi, sanʼatkor esa sanʼati bilan.
— Keyingi yillarda milliy qoʻshiqchilik rivojiga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Ammo natijalar qoniqarli emas. Buning sababi nimada deb oʻylaysiz?
— Eʼtibor berilayotgani yaxshi, albatta. Buni hammamiz koʻrib, his etib turibmiz. Milliy qoʻshiqchilik degani cheksiz, qamrovsiz tushuncha. Nima deyilganda ham, qoʻshiq haqida har qanday baho uning aytuvchisiga, yaʼni qoʻshiqchiga borib taqaladi. Demak, milliy qoʻshiqchilikni millatning dardu quvonchi, iztirobu armonlari, sogʻinchu sevinchlari aks etgan qoʻshiqlar taraqqiy ettiradi. Shukrki, bir-birini takrorlamas ajoyib hofizlarimiz bor. Ularni el ardoqlaydi, ular hamisha eʼzozda. Ammo yana bir holatni eʼtibordan soqit qilmaslik kerak. Yaxshi qoʻshiq, yillar davomida oʻzining maʼno-mohiyatini yoʻqotmaydigan sanʼat asarlari har kuni paydo boʻlmaydi. Shunday qoʻshiqlar borki, ijrochi uni butun umri davomida yaratadi. Baʼzan ulgurmay ham qoladi. Mening javobim shuki, sanʼatkor bir umr izlanishi, oʻz qoʻshigʻini, yoʻlini, aytadigan soʻzini axtarishi zarur. Oʻzing topgan yoʻldan yurish naqadar yoqimli, hech kim “Hoy, bu yerda nima qilib yuribsan?”, demaydi.
— Oʻzingizga oʻzingiz tanqidiy koʻz bilan ham qaray olasizmi? Maʼzur tutgaysiz, katta yutuqlar, muvaffaqiyatlar ora-chirasida yana “nima”lardir koʻzga tashlanib, quloqqa chalinib ham turadi-da...
– Juda nozik, ammo javob qaytarsa boʻladigan savol. Xalqimiz azal-azaldan sanʼat ahliga, xususan hofizlarga mehr-oqibat koʻrsatib kelgan. Muxlislar el-yurt mehrini qozongan hofizlarning hurmatini joyiga qoʻyishadi oʻzlarga yaqin olishadi, toʻylariga, yaxshi kunlariga taklif etishadi.
Sanʼatdagi ozmi-koʻpmi mehnatim, izlanishlarim tufayli men ham shunday muruvvatlardan chetda emasman. Taklif koʻp. Qayerga borsangiz samimiy iltifot, izzat-ikrom. Ammo, bilasizmi, bunday munosabat baʼzan odamni chalgʻitadi. Negaki, yutuqlar qanotida nima ish qilsangiz, nima soʻz aytsangiz toʻgʻriga oʻxshab koʻrinadi. Xato gapirayotgan boʻlishingiz ham mumkin-ku. Muxlislar sizga xarixohlik bilan qarayotgani, yigirma-oʻttiz yildan beri ularning eng quvonchli kunlarida birga boʻlganingiz sababli sizga shunday tuyuladi. Shu sabab xatolaringizni ular koʻrmaydi. Koʻrishsa ham betingizga aytgilari kelmaydi. Odamning yuzi issiq, “Ha, ustoz bir erkalik qilsa, qilibdi-da, ustozniki tabarruk”, deyishadi, xolos. Kamchiliklarimga, oʻzimga tanqidiy koʻz bilan qarashda mana shu jihatlarni koʻp oʻylayman. Oʻzimizdan oʻtgan xatolarga javob tariqasidagi munosabatni vaqtida anglab yetmaganimizning boisi ham shunda. Tanqidiy koʻz bilan qarayman desa, kamchiliklarimiz yetarli. Hammamiz Allohning bandasimiz.
– Lekin, kamchiliklarni sezish boshqa, ularni takrorlamaslik, tuzatish boshqa boʻlsa kerak?
– Albatta. Bu fikringizga qoʻshilaman. Shu yerda bir fikrni ochiq aytishim kerak. Tanqid koʻplarga yoqmaydi. Ayniqsa achchiqrogʻi. Bizni ustoz deydigan shogirdlar koʻp, ularga-ku, kamchiliklarini tushuntirish mumkin, tushunishadi, tuzatishadi ham. Biroq, sahnada birga kuylayotgan, sanʼatda birga-birga qadam tashlayotgan, elga tanilib boʻlgan baʼzi qadrdonlarga bir nima desangiz, qabul qilishlari qiyin, toʻgʻri tanqidni hasad deb biladiganlar ham yoʻq emas. Ana endi buyogʻini tasavvur qilavering.
– Umrida biror marta qoʻshiq kuylamagan, xirgoyi qilmagan odamni uchratish qiyin. Bugun milliy qoʻshiqchiligimizda ijrochilar soni behad koʻpayib barayotganini qanday baholash mumkin?
– Yuragida zavqi bor odam nogʻora chalinsa, hatto oddiy qarsakka ham oʻynaydi. Masalan, bizning Andijonda, Fargʻonada yogʻoch oyoqni kiyib, surnay, nogʻora chalib, loʻli bolalar toʻy boʻlayotgan, osh berilayotgan joyga kunduzi kirib keladi. Oʻyinga tushishadi. Ularning qoʻliga uch-toʻrt soʻm pul beriladi, oʻynab-oʻynab chiqib ketishadi. Ularning changi bosilmay yana boshqa “ansambl” kirib keladi. Toʻy egasi hayron, ammo “E, toʻxtanglar, hozir kelib ketishdi-ku”, demaydi.
Siz aytayotgan “ijrochi”lar soni behad koʻpayib borayotganini men shu holatga qiyoslayman, oʻsha manzara koʻz oldimga keladi. Xuddi shunga oʻxshab qoldi koʻp ijrochilar. Koʻplari shunchaki tirikchilik uchun harakat qilishadi. Mana shunday holatga tushib qolmaslik kerak, degan xulosaga kelaman baʼzan. Duch kelgan soʻzni, mana bu narsa ketarkan, deb aytaverish toʻgʻrimas, bir-ikki soʻmlik boʻlaman deb, yillab yiqqan obroʻyingizni toʻkmasligingiz kerak. Sabab, bahona koʻp, biroq vaqt – oliy hakam, kuni kelganida hammasini joy-joyiga qoʻyib beradi.
– Yosh sanʼatkorlar orasida “Men Sherali Joʻrayevning shogirdiman”, deydiganlar koʻp. Buning yomon joyi yoʻq, albatta. Ammo shogird boʻlishlikning ham maʼnosi boʻlishi kerak, shunday emasmi? Ustoz ovoziga taqlid qilib, uning qoʻshiqlarini takrorlab umr oʻtkazishni qanday baholash mumkin?
– Bir mahallar taqlidchilarga javob tarzida “Kuyla, faqat oʻz sozing bilan, qurbaqaday boʻlsa ham hatto” degan soʻzlarni qoʻshiq qilib aytishimga toʻgʻri kelgan. Shogirdlarning boʻlishi yaxshi, albatta. Lekin ustoz-shogirdlikning yozilmagan qoidalari bor. Meʼyorni saqlay ololgan shogirdgina shogird hisoblanadi. Bizning qoʻshiqlarimizni aytib, bizga havas qilib sahnaga chiqayotgan hofizlar koʻp. Koʻplarining hatto ismlarini ham bilmayman. Tirikchiligini oʻtkazib, bola-chaqa boqib yurishibdi. Koʻplari oʻzini tiklab olgan, endi esa boshqa bir yoʻl topishlari kerak.
Shogird ustozdan ashula aytish sirini oʻrganishi mumkin, biroq asl nusxani takrorlamasin. Mana bu ishlarni qarang-da: deylik, bir toʻyda shogirdimiz bizning ovozda gumburoatib ashula aytayapti, shu payt biz kirib kelamiz, odamlar endi bizdan, yaʼni asl nusxadan eshitgisi keladi. Oʻz-oʻzidan haligi hofiz yoʻq boʻlib turibdi-da. Bu tomonlari ham bor. Baʼzan mening ichim achishadi shu holatlarga. Oʻzimga emas, ularga ichim achishadi. Negaki, mening yoʻlimda aytayotgan odam, oʻsha men kirib chiqqan yoʻllarga yana qaytadan kirib chiqishiga toʻgʻri keladi. Buning esa hech kimga qizigʻi yoʻq. Shuning uchun bu yoʻlga kiradigan har bir kishi oʻz yoʻlimni topaman, deb kirmogʻi, shunga jon-jahdi, qalbi, vujudi bilan intilmogʻi kerak. Maslahat shu.
Suhbatdosh: Ahmadjon MELIBOYEV.
1996-yil, avgust









